Jamiyat | 12:18 / 17.07.2025
14784
2 daqiqa o‘qiladi

Bolalarni o‘tkir tig‘li buyumlar bilan urishtirgan bloger javobgarlikka tortildi

Chechenka nomi bilan faoliyat olib boruvchi instabloger Gulzoda Abdullayeva oilaviy dam olish vaqtida kichik yoshdagi o‘g‘li va jiyanini urishtirgan. So‘ngra bu holat tasvirlangan videoni o‘z sahifasiga joylashtirgan. Ushbu harakati uchun blogerga ma’muriy jazo qo‘llandi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ijtimoiy tarmoqlarda bloger Gulzoda Abdullayeva (Chechenka) yosh bolalarni o‘zaro urishtirayotgani tasvirlangan videolavha tarqaldi. Holat Bolalar ombudsmani tomonidan o‘rganildi.

Ma’lum qilinishicha, Bolalar ombudsmani holatga huquqiy baho berish maqsadida 14 iyul kuni IIVga tegishli so‘rov yuborgan. 

Yakkasaroy tumani IIB tomonidan aniqlanishicha, Gulzoda Abdullayeva 13 iyul kuni Toshkent viloyatida oilaviy dam olish vaqtida kichik yoshdagi o‘g‘li va jiyanini go‘yoki hazillashib urishtirgan. Bu holat tasvirlangan videoni esa Instagram’dagi o‘z sahifasiga joylashtirgan.

Bloger 15 iyul kuni bola manfaatiga zid harakatlari uchun MJtKning 47-moddasi (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatini bajarmaslik) bilan javobgarlikka tortilgan. Ushbu turdagi huquqbuzarlik BHMning 1 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bolalar ombudsmani bolaning tarbiyasi uchun birinchi navbatda ota-ona mas’ul ekanini, farzandi uchun shaxsiy namuna bo‘lish o‘rniga bolani agressiv xulq va shafqatsizlikka chorlaydigan ota-onalarning o‘zi tarbiyaga muhtojligini bildirgan.

Mavzuga oid