Jahon | 12:16
3718
2 daqiqa o‘qiladi

Stratosferdan sakragan Feliks Baumgartner paraplan qulashi oqibatida halok bo‘ldi

«Qo‘rqmas Feliks» Baumgartner 2012 yilda stratosferada havo sharidan parashyut bilan sakraganidan so‘ng dunyo miqyosida shuhrat qozongan.

Foto: Malte Ossowski/SVEN SIMON/IMAGO

Sohada bir qancha jahon rekordlarini o‘rnatgan avstriyalik ekstremal skaydayver Feliks Baumgartner motorli paraplanda uchish chog‘ida baxtsiz hodisa tufayli halok bo‘ldi. 56 yoshli sportchining o‘limi haqida 17 iyul, payshanba kuni kechqurun Sky Sport Austria nashri xabar berdi.

Voqea Italiyaning Adriatika dengizi sohilida joylashgan Porto-Sant-Elpidio shahrida sodir bo‘ldi. Mahalliy qutqaruv xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, Baumgartner motorli paraplanda parvoz qilgan, biroq o‘zini yomon his qilgan va boshqaruvni yo‘qotgan.

Paraplan sohilga yaqin mehmonxonalardan birining hududidagi suzish havzasi yonidagi inshootga qulagan. Qutqaruvchilarning so‘zlariga ko‘ra, erkak voqea joyida vafot etgan. Hodisa oqibatida mehmonxona xodimlaridan biri jabrlangan – u paraplandan uchib ketgan qoldiqlar tufayli bo‘ynidan yaralangan. Ayolga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga yetkazilgan.

Feliks Baumgartner o‘z hayotida skaydayver va beysjamper sifatida 1500 dan ortiq sakrashni amalga oshirgan. Ikkala sport ham ekstremaldir. Skaydayvingning mohiyati shundaki, sportchi o‘z parashyutini imkon qadar yerga yaqinroq ochadi va shu bilan erkin yiqilish pallasini uzaytiradi. Beysjampingda past balandlikdan sakrash uchun mo‘ljallangan maxsus parashyutdan foydalaniladi.

Mavzuga oid