Jamiyat | 22:48 / 25.07.2025
5403
6 daqiqa o‘qiladi

«Bilol's motors» avtosaloni rahbari ustidan sud boshlandi

Xitoydan elektromobil olib kelib sotish bilan shug‘ullangan Bilol Mamajonov firibgarlikda ayblanmoqda. Undan 48 kishi jabrlangan. Ko‘pchilik mashina uchun 50-70 foiz miqdorda to‘lov qilgan. Ulardan jami 13 mlrd so‘m yig‘ilgan. Kun.uz muxbiri 24 iyul kuni JIB Yakkasaroy tuman sudida bo‘lib, jabrlanuvchilar bilan suhbatlashdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Kun.uz ushbu firma rahbari qamoqqa olingani haqida 2025 yilning yanvarida yozgan edi. Oradan 6 oy o‘tib, Bilol Mamajonov ishi sudga o‘tdi. Ammo ishni ko‘rayotgan sudya Alisher Jalilov sudlanuvchining qarshiligi sabab tasvirga olishga ruxsat bermadi.

24 iyul kungi yig‘ilishda ma’lum bo‘lishicha, 48 kishi «Bilol's motors»ga aldanib qolgan. Hozirgacha ularning 34 nafari sud tergovida ko‘rsatma bergan. Jabrlanuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, «Bilol's motors» boshqa avtosalonlarga nisbatan arzon narx taklif etgani e’tiborni tortgan. Avtosalonda menejer lavozimida ishlagan Kamila mijozlar bilan shartnoma tuzgan. U kelganlarga mashina o‘rtacha 40-45 kundan 70 kungacha bo‘lgan muddatda topshirilishini aytgan. U mashina narxi nega arzonligi haqidagi savolga buni mashinalar to‘g‘ridan to‘g‘ri Xitoydan kelishi bilan izohlagan.

Ko‘pchilik mashinaga to‘lovning 70 foizini bank orqali to‘lagan, naqd ko‘rinishda berganlar ham bor. Biroq shartnoma shartlari bajarilmagan. Sud majlisi tugaganidan keyin jabrlanuvchilardan ayrimlari «Bilol's motors»ni qanday topgani-yu, mashinaga qancha to‘lov qilgani haqida gapirib berishdi.

«Men o‘g‘lim bilan 3-4 yil Rossiya sovug‘ida qiyinchilik ko‘rib, 4-5 so‘m pul topgandik. Keyin Telegram’dan «Bilol's motors» reklamasini ko‘rib, bunga qiziqish bildirdik. Telefon qilganimizda, u yerda Kamila degan menejeri bor ekan, shu ko‘tardi va bizga shartnoma berishini, shartnoma bo‘yicha 70 kunda Xitoydan avtomobil yetkazib berilishini aytdi.

Bu 18 noyabr kuni edi. Keyin shartnomani tashlab berdi. Shartnomada avtomobil narxi 344 million so‘m ko‘rsatilgan. Bu BYD Champion edi. Yana telefon qildim, kredit masalasi qanday bo‘lishini so‘radim. U Toshkentga kelsam, kredit masalasida ham yordam berilishini, oldindan 50 foizini to‘lashim, avtomobil kelganidan keyin qolgan 50 foizini kredit qilishga ko‘maklashishlarini aytdi.

Boshida ikkilandim, 10 kun ichida to‘lamay yurdim. Menga har 2-3 kunda telefon qilib turdi. Oxiri meni ishontira boshladi. Hech narsadan qo‘rqish kerakmasligi, firma 3 yildan buyon ishlayotgani, ko‘pchilikka mashina yetkazib berilganini aytdi. Men uning gapiga ishondim va bank orqali 174 million 586 ming so‘m o‘tkazdim. Bu 50 foizdan ozgina ko‘proq edi», deydi shaxsini sir tutgan jabrlanuvchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, menejer bir necha kun o‘tgach, mijozga login-parol tashlab berishini, u orqali avtomobilning kelishini tekshirib turishini aytgan.

«3 kundan keyin login-parol so‘radim, nega tashlamadingiz, dedim. U qandaydir hayajonlanganday bo‘ldi. O‘shanda ko‘nglim bir nimani sezganday edi. Keyin login-parolni tashlab berdi. Oradan yana 10-15 kun o‘tdi. Dekabr oyi edi, avtosalonga telefon qildim, ko‘tarmadi. Keyin to‘g‘ri Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga kelib ariza yozib berdim. Tergovchidan nima bo‘lganini so‘raganimda, pulning hammasi Xitoyga o‘tkazib berilgani ma’lum bo‘lganini aytdi. Men o‘zim shu tizimda ishlaganman, uning gapi menga kulgili ko‘rindi. Bu juda puxta rejalashtirilgan ish.

Na uy-joy, na bola-chaqasi, hech narsa yo‘q ekan. U hammasini oldindan rejalashtirib, xotin-bolasi bilan ajrashgan ekan», deydi jabrlanuvchi.

Ichki ishlar tizimida ishlagan ushbu fuqaroning qo‘shimcha qilishicha, jabrlanganlar orasida 240-250 mln so‘m to‘laganlar bor. Tergovchi 48 kishidan 13 mlrd so‘m yig‘ilganini aytgan.

2024 yilning 13 dekabrida BYD Song Plus Champion mashinasiga 238 mln to‘lagan fuqaro ham bo‘lib o‘tgan ishlarni aytib berdi. U ham Kamila ismli shaxs bilan mashina oldi-sotdisi bo‘yicha gaplashgan.

«Oradan 2 kun o‘tib (15 dekabrda), avtosalon rahbari qamalib qolganini eshityapmiz. Borib tekshirtirsak, bularning hisobida pul yo‘q ekan. Pulimizni qaytarib olmoqchi edik», deydi u.

Jabrlanuvchining ta’kidlashicha, Bilol Mamajonov qamalganidan keyin avtosalon ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan. Kamila ismli shaxs esa jabrlanuvchiga sms orqali tergovchining raqamini tashlab bergan.

«Endi eshitishimizcha, mana shu Bilol Xitoy pulimni olib, mashina bermadi, Xitoy meni “uxlatib yubordi” deyapti. Qachon pulimizni berasiz desak, chiqqanimdan keyin, deydi. Qachon chiqasiz desak, javob yo‘q», deydi u.

«Bilol's motors»ning Telegram-kanalida 2024 yilning 14 iyuliga qadar odamlarga mashina topshirilgani aks etgan videolar joylangan. Lekin 48 nafar shaxsga na mashina berilgan, na puli qaytarilgan.

Navbatdagi sud yig‘ilishi 31 iyulda bo‘lib o‘tadi. Unda yana 14 nafar sudlanuvchining ko‘rsatmalari tinglanadi.

Mavzuga oid