Avto | 15:07 / 26.07.2025
1347
2 daqiqa o‘qiladi

Porscheʼning avtobiznesdan foydasi ikkinchi chorakda 91 foizga kamaydi

Bir yil avval Porscheʼning avtomobil biznesidan olgan operatsion foydasi 1,7 milliard yevroni tashkil etgan bo‘lsa, hozir u sezilarli darajada kamaydi. Xitoydagi Volkswagen shu’ba korxonasi ayniqsa yomon ishlamoqda.

Foto: AP

Porsche avtomobil ishlab chiqaruvchisining operatsion foydasi joriy yilning ikkinchi choragida keskin pasaydi. Tsuffenxauzenda joylashgan kompaniya avtomobil biznesidan moliyaviy xizmatlarni hisobga olmaganda atigi 154 million yevro ishlab topgan. O‘tgan yilning shu davrida bu mablag‘ 1,7 milliard yevroni tashkil etgan, bu foyda deyarli 91 foizga kamayganini bildiradi. Porsche aksiyalarining asosiy qismiga egalik qiluvchi Volkswagen guruhining 25 iyul, juma kuni chop etilgan yarim yillik hisobotlariga ko‘ra, brendning aylanmasi qariyb 12,9 foizga qisqarib, 8,3 milliard yevroni tashkil qildi.

Ikkinchi chorakdagi bunday zaif ko‘rsatkichning aniq sabablari noma’lumligicha qolmoqda. Porsche vakili dpa axborot agentligiga raqamlarga izoh berishdan bosh tortdi.

Taqqoslash uchun: asosiy VW brendi apreldan iyungacha 991 million yevro operatsion foyda oldi — bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan deyarli olti baravar ko‘p. Natijada, u joriy operatsion faoliyat bo‘yicha guruh ichidagi avvalgi «foyda bo‘yicha chempionlar»ni sezilarli darajada ortda qoldirdi.

VW'ning natijasi Porsche va Audi umumiy natijalaridan yuqori bo‘ldi. Shu bilan birga, Porsche so‘nggi yillarda Volkswagen guruhining moliyaviy barqarorligini katta darajada ta’minladi: sotish hajmi nisbatan past bo‘lishiga qaramay, ushbu kompaniya foydaning katta qismini umumiy kassaga kiritdi.

Mavzuga oid