Jamiyat | 20:07 / 28.07.2025
2741
4 daqiqa o‘qiladi

Ismi erkak, jismi ayol: kashfiyotlarga yo‘l ochgan jasur ayollar tarixi

Ilm, siyosat, tibbiyot va adabiyot - qadimda ayollar uchun yopiq eshiklar edi. Ayollar bu sohalarda o‘z iqtidorini namoyish qilishlari tabu sanalardi. Ammo o‘z orzularidan va iqtidoridan voz kechishni istamagan ayollar buning boshqacha yo‘lini o‘ylab topishdi – ular ismlarini erkaklar ismiga o‘zgartirib faoliyat yuritishdi va tarixda qolishdi.

Foto: Lauren Simkin Berke

Tarixda o‘z ismini o‘zgartirib bo‘lsa-da, ilm, adolat va tenglik sari intilib, iz qoldirgan ayollar bor. Ular o‘z davrida “erkaklar uchun” deb hisoblangan sohalarda yetuk mutaxassis, yozuvchi, muhandis sifatida tan olingan. Ammo ularning haqiqiy kimligi, o‘nlab yillar o‘tgachgina, oshkor bo‘lgan.

Erkak sifatida yashagan shifokor: Margaret Enn Bakli

Djyeyms Barri nomi bilan tanilgan Margaret Enn Bakli — XIX asrda yashagan va o‘zini erkak sifatida tanitgan birinchi ayol shifokorlardan biri hisoblanadi. U taxminan 1795 yilda Irlandiyada tug‘ilgan. Barri London universitetida tibbiyotni o‘rganib, 1813 yilda Britaniya armiyasiga tibbiyot xodimi sifatida qo‘shilgan.

U o‘z faoliyati davomida Janubiy Afrika, Hindiston va Karib dengizi hududlarida xizmat qilgan. U yerlarda sanitariya va toza ichimlik suv ta’minotini yaxshilash borasida islohotlar olib borgan. 1826 yilda Keyptaunda Yevropa hududidan tashqaridagi ilk muvaffaqiyatli kesarevo operatsiyasini amalga oshirgan.

Barri o‘z hayoti davomida jinsini maxfiy saqlagan. 1865 yilda vafotidan so‘ng uning aslida ayol ekani ma’lum bo‘lgan. Uning tarixi tibbiyot, harbiy xizmat va gender tengsizligi mavzusida muhim burilish yasagan.

Fransiya adabiyotidagi "Djorj" — aslida Amantin

Jorj Sand taxallusi ortidagi ayol — Amantin Lyusius Avrora Dyupen — XIX asr fransuz adabiyotida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan mashhur yozuvchi. U Parijda tug‘ilib, ijtimoiy adolat, erkin muhabbat va ayollar huquqlari mavzusida qalam tebratgan.

O‘zini erkak deb tanitishi, erkaklar kiyimida yurishi va "Jorj Sand" taxallusidan foydalanishi — u davrdagi jamiyatda erkaklarga berilgan imkoniyatlardan foydalanish uchun qilingan zarur qadam edi.

70 dan ortiq roman, pesa va maqolalar muallifi bo‘lgan Jorj Sand “Indiana”, “Consuelo” va “La Mare au Diable” kabi asarlari orqali jamiyatdagi ayollar ahvoli va tengsizlik muammolarini ko‘targan.

"Apollo" dasturining miyasi — Margaret Hamilton

Margaret Hamilton — 1936 yilda tug‘ilgan amerikalik dasturchi va muhandis. U NASAning "Apollo" dasturida ishtirok etib, Oyga parvozni ta’minlagan dasturiy ta’minotni yaratgan.

MITdagi tadqiqot guruhiga rahbarlik qilgan Hamilton va uning jamoasi tomonidan ishlab chiqilgan tizimlar "Apollo 11" missiyasi davomida yuzaga kelgan texnik muammolarni muvaffaqiyatli hal qilgan.

U "Software Engineering" atamasini ilmiy muomalaga kiritganlardan biri sifatida tan olingan. 2016 yilda u AQSh Prezidenti Barak Obama tomonidan Milliy fan medali bilan taqdirlangan.

Tarix dars beradi: ayollar imkoniyat berilganda, barcha chegaralarni yo‘qqa chiqara oladi

Bu ayollar nafaqat o‘z nomini, balki jamiyatning ularga qo‘ygan cheklovlarini ham o‘zgartirdi. Ular o‘z ismiga erkaklik niqobini taqib, ilmiy va ijtimoiy maydonlarda o‘z o‘rnini egalladi. Bugungi kunda ularning tarixini eslash — bu ayollar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga chaqiruvdir.

Mavzuga oid