O‘zbekiston | 12:57 / 30.07.2025
39504
2 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors’ning shartnoma shartlariga o‘zgartirish kiritildi

Raqobat qo‘mitasi talabi bilan UzAuto Motors shartnoma shartlarining 21 ta kichik bandi qonun talablariga muvofiqlashtirildi. Xususan, pulni qaytarish muddati 30 kundan 10 kungacha qisqartirildi. Bir rusumdagi avtomobil uchun bir yilda qayta shartnoma tuzilganda yetkazib berish muddati qo‘shimcha 120 kungacha uzaytirilishi sharti olib tashlandi.

Foto: Kun.uz

UzAuto Motors avtomobil yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarga bir qator o‘zgartirishlar kiritdi, deya xabar berdi Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, avtomobil ishlab chiqaruvchining dilerlik korxonalari tomonidan taqdim etilgan shartnomalarda qonun hujjatlariga zid bo‘lgan holatlar aniqlangan. Natijada kompaniya namunaviy hujjatlarining 21 ta kichik bandiga o‘zgartirishlar kiritilgan.

Xususan, yil davomida bir xil UzAuto Motors modeli uchun shartnoma tuzish fakti aniqlanganda yetkazib berish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi band chiqarib tashlandi. Kompaniya bu holatda muddatni 120 kunga uzaytirishi mumkin edi. Bundan tashqari, pulni qaytarish muddati qo‘shimcha shartnoma imzolangan kundan boshlab 30 kunda emas 10 kungacha etib qisqartirildi.

Ishlab chiqaruvchiga bog‘liq bo‘lmagan hollarda, ishlab chiqarishda vaqtincha uzilish yuz bersa, avtomobilni yetkazib berish muddati 3.1-bandida belgilangan muddatdan 45 kungacha uzaytirilishi mumkinligi sotuvchining majburiyatlari bo‘limida belgilangan edi. Endilikda ushbu band fors-major bo‘limiga ko‘chirildi.

Shuningdek, shartnomaning yangi tahririda sotuvchining qonun hujjatlarida belgilangan majburiyatlari yanada aniq belgilanadi.

Mavzuga oid