O‘zbekiston | 12:33 / 01.08.2025
23116
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda YTH oqibatida to‘rt yigit halok bo‘ldi

Oltinsoy tumanida ichida Gentra beton to‘siqqa urilishi oqibatida to‘rt kishi vafot etdi. Tirik qolgan haydovchining hujjati bo‘lmagan, avtomobil egasi mashinani unga yuvib kelishi uchun bergan.

Foto: Milliy TV

3 iyul kuni Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida o‘lim bilan yakunlangan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deb xabar berdi viloyat IIB matbuot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, 2006 yilda tug‘ilgan yigit haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmasdan 4 nafar sinfdoshi bilan Lacetti Gentra rusumli avtomashina ruliga o‘tirgan.

Soat 22:30 larda u to‘rt nafar do‘sti bilan Sho‘rchi tumanidan Oltinsoy tomon yo‘l olgan. Soat 23:40 atrofida haydovchi 75B 012 avtomobil yo‘lining 15-kilometrida boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida avtomobil beton to‘siqqa borib urilgan.

Yo‘lovchilardan ikki nafari olingan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida halok bo‘lgan. Tuman tez tibbiy yordam bo‘limiga yotqizilgan yana ikki yo‘lovchi keyinroq jon bergan.

YTHdan faqat haydovchi omon qolgan, u ayni vaqtda tan jarohatlari bilan shifoxonada qolmoqda. Uning aytishicha, mashina tanishiga tegishli bo‘lib, tanishi undan mashinani taxminan 200 metr masofadagi avtomobil yuvish shoxobchasiga olib borib, yuvib kelishni so‘ragan. Yo‘lda u do‘stlarini uchratib qolgan va ular «sayr qilish»ga qaror qilishgan.

Yigitning aytishicha, u mashina haydashni uyda o‘rgangan, oilaning Gentra rusumli o‘z avtomobili bor. Avtohalokat sodir bo‘lgan kuni u boshqa avtomobilni quvib o‘tmoqchi bo‘lgan, ammo shu payt rul chetga tortib ketgan.

«Tezlik kerak emas ekan. Avtomobilning egasi menga yuvib kelgin, deb bergandi. Balloni yorilib ketdimi, bilmay qoldim, rul o‘ng tomonga tortib ketdi», – degan haydovchi Millar dasturi reportajida.

Mavzuga oid