Jahon | 18:51 / 04.08.2025
3398
3 daqiqa o‘qiladi

«Krokus» terakti ijrochilari aybiga iqror bo‘ldi va pushaymonligini bildirdi

4 avgust kuni Moskva harbiy sudi «Krokus Siti Xoll» konsert zalida sodir etilgan terakt bo‘yicha jinoiy ishni mazmunan ko‘rib chiqishni boshladi.

Foto: EPA/TASS

Moskva yaqinidagi «Krokus Siti Xoll» binosida sodir etilgan teraktning to‘rt nafar bevosita ijrochisi o‘z aybiga iqrorligini bildirdi va jabrlanuvchilardan kechirim so‘radi, deb xabar berdi jabrlanuvchilar vakili Lyudmila Ayvar. Uning so‘zlaridan Interfax iqtibos keltirdi.

«Fariduniy, Mirzoyev, Fayzov, Rajabalizoda o‘z qilmishida aybini tan oldi, pushaymon bo‘ldi, jabrlanuvchilardan kechirim so‘radi», dedi u jurnalistlarga.

4 avgust kuni Moskva harbiy sudi «Krokus Siti Xoll» konsert zalida sodir etilgan terakt bo‘yicha jinoiy ishni mazmunan ko‘rib chiqishni boshladi. Majlis yopiq rejimda o‘tkazilmoqda. 19 nafar sudlanuvchiga terakt, terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish, terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida tayyorgarlikdan o‘tish va boshqa jinoyatlar bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.

Ayvar so‘zlariga ko‘ra, boshqa ayblanuvchilar aybini qisman tan olgan yoki teraktda aybini tan olmasligini aytgan. Shu bilan birga, ular terakt ijrochilariga pul o‘tkazganini, shuningdek, xonadonni ijaraga berganini tasdiqlagan. Biroq, ularning niyatidan bexabar ekanini ta’kidlagan.

Advokatning aytishicha, sud majlisida sudlanuvchilarning shaxsiga oid materiallar o‘rganiladi, shundan so‘ng davlat ayblovchisi ularni hibsga olish muddatini yana 6 oyga uzaytirishni so‘raydi.

2024 yil 22 mart kuni Moskva yaqinidagi Krasnogorsk shahrida «Piknik» rok-guruhining konserti boshlanishidan oldin «Krokus Siti Xoll» konsert zaliga bir necha erkak bostirib kirib, tomoshabinlar va xodimlarga qarata o‘q uzdi. Shundan so‘ng, binoda yong‘in yuz berdi. Rossiya Bosh prokuraturasi xabariga ko‘ra, terakt oqibatida 147 kishi halok bo‘ldi, 336 kishi jarohatlandi. Uch kishi bedarak yo‘qoldi. Yetkazilgan zarar 5,7 mlrd rublni tashkil etdi.

2024 yil may oyida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov «terrorchilarning tayyorgarlik harakatlari, moliyalashtirilishi, hujumi va chekinishi Afg‘oniston-Pokiston hududida bo‘lgan «Viloyat Xuroson» guruhi a’zolari tomonidan internet orqali muvofiqlashtirilgani» haqida xabar berdi.

IIV ma’lumotlariga ko‘ra, ular hujumning to‘rt nafar ijrochisi - Dalerjon Mirzoyev, Muhammadsobir Fayzov, Shamsiddin Fariduniy va Saidakrami Rajabalizodani yollab, ularni xorijda tayyorgarlikdan o‘tkazgan.

Tergov versiyasiga ko‘ra, jinoyat Ukraina maxsus xizmatlari ishtirokida rejalashtirilgan va amalga oshirilgan. Rossiya Tergov qo‘mitasining ta’kidlashicha, terakt sodir etilgandan so‘ng to‘rt nafar ijrochi Ukrainaga qochishga uringan, biroq Bryansk viloyatida qo‘lga olingan.

Mavzuga oid