Jahon | 20:11 / 06.08.2025
18822
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda yangi o‘ta kuchli narkotik tez tarqalmoqda

U geroin va fentanildan bir necha barobar kuchli.

Foto: Joe Lamberti / The Washington Post / Getty Images

Jahon narkobozorida sintetik opioidlar - ta’sir kuchi bo‘yicha fentanildan o‘nlab marta ustun bo‘lgan moddalar - nitazenlar ommalashmoqda. Ular hatto mikrodozalarda ham o‘limga olib keladi va allaqachon yuzlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan, ayniqsa, aynan shu dorini qabul qilayotganini bilmaganlar orasida.

Nitazenlar 1950 yillarda Shveytsariyaning Ciba (hozirgi Novartis) kompaniyasi tomonidan ehtimoliy og‘riq qoldiruvchi vosita sifatida sintez qilingan. Ammo o‘ta zaharli ekani tufayli hech qachon tibbiyotda qo‘llanmagan - hatto minimal dozalarda ham o‘lim xavfi juda yuqori, deb yozdi Meduza.

XX asrning ikkinchi yarmida nitazenlar vaqti-vaqti bilan turli mamlakatlarda paydo bo‘lgan. Masalan, 1998 yilda Moskvada nitazenlarning bir shakli - etonitazendan kamida 20 kishi vafot etgan.

Biroq, chinakam ommaviy tarqalish faqat olti yil oldin - Xitoyda fentanil ishlab chiqarish cheklanganidan va Afg‘onistondan geroin yetkazib berish keskin kamayganidan keyin boshlangan. Narkolaboratoriyalar uning o‘rnini bosuvchi - nitazenlarni topdi.

Bugungi kunda nitazenlar butun dunyo bo‘ylab topilmoqda: 2019 yildan 2024 yilgacha - 28 mamlakatda. Buyuk Britaniyada ular 485 kishining, AQShda 320, Latviyada 101 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan.

Moddaning hatto arzimas miqdori ham o‘limga olib keladi - lekin ko‘pincha u boshqa giyohvand moddalar yoki hatto retsept bo‘yicha beriladigan dorilar, veyp suyuqliklari va ksanaks kabi tabletkalarga aralashib ketadi, bu esa xavfni ayniqsa oshiradi.

Masalan, Britaniyada 23 yoshli yigit «retsepsiz» ksanaksni qabul qilgandan so‘ng vafot etdi - tabletkalarda nitazen izlari topildi.

Nitazenlarni ishlab chiqarish geroin yoki fentanilga qaraganda osonroq va arzonroq ekani ta’kidlanmoqda. Ular geroindan 50-250 baravar, fentanildan 10-50 baravar kuchliroq, bu esa tashish va sotishni foydaliroq qiladi: kamroq hajm - ko‘proq foyda.

Ta’kidlanishicha, Yevropada bir gramm nitazendan olinadigan sof foyda 600 yevroga yetadi.

Nitazenlarga duch kelgan birinchi davlatlardan biri Estoniya bo‘ldi. 2000 yillarda bu yerda fentanil epidemiyasi avj olgan edi, u 2017 yilga kelib bartaraf etilgandek tuyuldi. Ammo 2019 yildan beri mamlakat yana o‘limlar sonining o‘sishini qayd etmoqda - 2022-2023 yillarda nitazenlar 130 kishini, ya’ni giyohvand moddalar tufayli vafot etganlarning yarmini o‘ldirdi.

Mavzuga oid