Jahon | 22:03 / 06.08.2025
2227
12 daqiqa o‘qiladi

G‘azo anneksiyasi va Quddusdagi provokatsiya – “Geosiyosat” muhokamasi

Isroilda bosh vazir Netanyahu ustidan sud jarayoni ketayotgan bir paytda, bosh prokurorni ishdan olishga urinishlar bo‘lmoqda. Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirning Al-Aqso kelishuvini buzishi esa olovga yog‘ sepgandek bo‘ldi. “Geosiyosat”da Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspertlar mavzu xususida o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

— Ayni vaqtda G‘azodagi vaziyat qanday?

Farhod Karimov: Juda ayanchli. G‘azo hududidagi vaziyatni butun dunyo diqqat bilan kuzatmoqda. Bugungi kunda ba’zi axborot manbalarining xabar berishicha, Isroil G‘azoning taxminan 75 foizini nazoratiga olgan. Qolgan 25 foizlik janubiy hududda esa taxminan 2 millionga yaqin aholi qamalda yashamoqda. Bu hududda hozir haqiqiy gumanitar inqiroz yuzaga kelgan.

Men bu mintaqada bunga o‘xshash og‘ir vaziyatni ilgari ko‘rmaganman. Hozir ham kuniga 50-60 nafar inson hayotdan ko‘z yummoqda. Bunga ochlik, kasallik yoki Isroil tomonidan muntazam uyushtirilayotgan hujumlar sabab bo‘layotgani aytilmoqda. Misol uchun, iyul oyining o‘zida vafot etganlar soni oldingi 6 oydagi umumiy ko‘rsatkichdan ham oshib ketgan.

AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff G‘azoga borganida, u yerda go‘yoki vaziyat yengillashayotgandek sahna yaratilgan edi. Ba’zi gumanitar loyihalar boshlanganini butun dunyoga namoyish qilishdi. Menimcha, bunga hech kim ishonmadi. Chunki asl holatni biz iyul oyida AQShdagi xalqaro konferensiyada aniq ko‘rdik. Bu holat esa katta rezonansga sabab bo‘lib, bir qator Yevropa davlatlari Falastin masalasini kechiktirmay hal qilish, uni rasmiy tan olish va Isroilga bosim o‘tkazish orqali harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirmoqda. Vaziyat kundan kunga yomonlashib boryapti.

Ayni vaqtda Netanyahuga qarshi sud jarayoni bo‘lib o‘tmoqda. Ehtimol, ushbu sud natijasida hukumatda o‘zgarishlar bo‘lib, harbiy harakatlar va qon to‘kilishi to‘xtashi mumkin. Ammo u yerda ham siyosiy o‘yinlar ketayotganini ko‘rib turibmiz. Menimcha, G‘azodagi holat hozirgacha bo‘lgan eng og‘ir pallaga yetdi.

Shavkat Ikromov: 2023 yilda G‘azoda urush boshlangan vaqtda Isroil hukumati katta maqsadlarni e’lon qilgan edi. Ular G‘azoda barqarorlik o‘rnatish, asirlarni ozod qilish, so‘ngra bu hududni tark etish va uni bosib olmaslik niyatida ekanliklarini bildirgan edi. Shundan so‘ng, xalqaro tahlilchilar Isroilning urush orqali geosiyosiy maqsadlari ko‘lamini kengaytirish va mintaqadagi ta’sirini oshirishga qaratilgan strategiyasini muhokama qilishni boshlagan edi. Biroq vaqt o‘tishi bilan ayon bo‘ldiki, G‘azodagi urush Netanyahu uchun siyosiy hokimiyatni saqlab qolish vositasiga aylangan.

Bugungi kunda Isroilning o‘zida ham ko‘plab yetakchi siyosatchilar va mustaqil akademiklar bu urush siyosiy maqsadlarga xizmat qilayotganini ochiq aytmoqda. Urush aslida Netanyahu hukumatining umrini uzaytirish vositasiga aylangan.

Boshqa tomondan, Hamas ham 18 yil avval G‘azoda barqarorlik o‘rnatish va’dasi bilan hokimiyatga kelgan edi. Ammo hozirga kelib u 2 milliondan ortiq aholining himoyasiz qolishiga sabab bo‘ldi. Hammasi asta-sekin taktik jihatdan yengila boshlagan bo‘lsa-da, strategik jihatdan g‘alaba biz tarafda deb, Isroilni xalqaro miqyosda yakkalatishga erishdik, deya da’vo qilmoqda. Biroq 60 800 kishining hayotiga zomin bo‘lgan va G‘azo aholisini og‘ir inqirozga olib kelgan urushda Hamas o‘z xalqini himoya qilish uchun hech qanday real choralarni ko‘rmadi. Bu raqamlar hali yana o‘zgarishi mumkin.

Isroilda urush juda og‘ir va murakkab sharoitda davom etyapti. Netanyahu boshchiligidagi urush hukumatining koalitsiyasi parchalanish arafasida. 2024 yil iyul oyida ultra-ortodoks yoshlarni armiyaga jalb qilish haqidagi qaror qabul qilindi. Ilgari bu qatlam imtiyozga ega bo‘lib, agar ular diniy ta’lim bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, harbiy xizmatdan ozod etilardi. Ammo bu imtiyoz bekor qilindi va natijada Netanyahu koalitsiyasidagi ultra-ortodokslar unga qarshi chiqa boshladi.

Bundan tashqari, Mudofaa vazirligi bilan ham keskin ziddiyat kuchaymoqda. Harbiylar G‘azo anneksiyasiga qarshi ekani haqida ma’lumotlar bor.

Xalq orasida ham Netanyahu hukumati tanqidga uchramoqda. Shu sababli, bugungi kunda Isroilda siyosiy barqarorlik yo‘q, degan fikrlar keng tarqalgan. Xalqaro taqiqlar va urush jinoyatlari haqidagi ogohlantirishlarga qaramasdan, Netanyahu G‘azoda harbiy harakatlarini davom ettiryapti.

— Itamar Ben-Gvirning Al-Aqsodagi kelishuvni buzishi bugungi kunda ahamiyatsizmi?

Farhod Karimov: Bu holat juda salbiy reaksiya uyg‘otadi, chunki bu voqea allaqachon mojaroli bo‘lgan hududda, global hamjamiyat Isroilga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirayotgan bir paytda yuz berdi. Bu esa ochiq provokatsiya hisoblanadi.

Isroil 1967 yilgi Yaqin Sharq urushida Al-Aqso majmuasini Iordaniyadan tortib olgandi, shundan so‘ng xalqaro darajada muayyan kelishuvga erishilgan edi. Ya’ni Al-Aqso masjidi qadimiy va muqaddas joy sifatida musulmonlarga berilgan, u yerda faqat ular ibodat qilishi lozim edi. Bu joy faqat quddusliklar uchun emas, butun musulmon olami uchun muqaddas hisoblanadi. Shu sababli bu masjidning statusi xalqaro e’tirofga ega bo‘lgan. Aynan Al-Aqso tufayli Quddus xalqaro maqomga ega bo‘lgan.

Ushbu maqomni saqlab qolish uchun musulmonlar uzoq vaqt kurash olib borgan. 1967 yildagi kelishuvga ko‘ra, Quddusdagi muqaddas joyga barcha din vakillari tashrif buyurishi mumkin, biroq ibodat qilish huquqi faqat musulmonlarga berilgan. Bu holat 1980 yillarda “status-kvo” sifatida mustahkamlandi. Ya’ni ham yahudiylar, ham pravoslavlar, xristianlar va musulmonlar bu tartibga ko‘nikib bo‘lgan edi. Pravoslav va xristianlar bu qoidaga qat’iy rioya qiladi. Biroq vaqti-vaqti bilan Isroil hukumati tomonidan bu holat buzib kelinadi, ayniqsa musulmonlar ibodat qilayotgan paytda isroillik politsiyachi yoki harbiylar tintuv o‘tkazish vaji bilan hududga kirib keladi. Biroq shunga qaramay, yuqori lavozimli rahbarlar bunday joylarda ibodat qilishdan tiyilgan edi. Hatto 2021 yilda yuz bergan to‘qnashuvlarda ham eng yuqori mansabdor sifatida Quddus politsiyasi rahbari bo‘lgan. O‘sha yili 12 kun davomida Al-Aqso yopib qo‘yilgan edi.

Ammo 2025 yil 3 avgust kuni Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirning qilgan harakati bundan ham kattaroq provokatsiya bo‘ldi. U Al-Aqso masjidiga nafaqat tashrif buyurdi yoki ziyorat qildi, balki bu joyni Isroilga tegishli hudud sifatida ko‘rsatish maqsadida ataylab ommaviy axborot vositalari bilan bordi. Bu tashrif shunchaki ziyorat emas edi, u Ma’bad tog‘ida ibodat qildi. Bu esa status-kvoga mutlaqo zid. Ben-Gvirning bu harakati aynan olov ichiga moy sepish bilan barobar bo‘ldi. Bu harakat musulmonlar, ayniqsa arab davlatlari uchun qizil chiziq hisoblanadi. Aynan shunday vaziyatda, Isroil bilan diplomatik yaqinlashuv boshlanayotgan bir pallada, Saudiya Arabistoni va boshqa arab mamlakatlarining rahbarlari bunday holatdan norozi bo‘lishi tabiiy.

Shavkat Ikromov: Agar Itamar Ben-Gvirning shaxsiga e’tibor beradigan bo‘lsak, u ilgari sudlangan, xususan, terrorizmni va arablarga qarshi irqchilik harakatlarini qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblangan. Biroq keyinchalik u Netanyahuning hukumatiga qo‘shildi va hozirgi urush hukumatida asosiy shaxslar, ya’ni Smotrich (moliya vaziri) bilan bir qatorda, muhim va radikal figuralardan biri hisoblanadi. Ikkalasi ham urush olovini yoquvchi asosiy siyosatchilar sifatida ko‘rilmoqda. Uning bu safargi Al-Aqsoga tashrifi qanday oqibatlarga olib keladi, bu hozircha noma’lum. Ammo shu vaziyatdan so‘ng darhol Isroil hukumati rasmiy bayonot berdi. Unda: “Itamar Ben-Gvirning harakati Quddusdagi tartib-qoidalarga o‘zgartirish kiritmaydi, status-kvo saqlanib qoladi. Isroil muqaddas joylar maqomini tan oladi va bu kabi harakatlarning takrorlanmasligi uchun harakat qiladi” degan mazmunda bayonot qilindi.

— Nega bosh prokurorni aynan Netanyahu sudlanayotgan vaqtda ishdan bo‘shatishga urinish bo‘lyapti?

Farhod Karimov: Bu birinchi sud emas tergov yakunlanib, ish sudga oshirilgan. Netanyahu va uning jamoasiga nisbatan olib borilayotgan ish “QatarGate” korrupsiya mojarosi bilan bog‘liq. Avvalroq uning ikki nafar yordamchisi aynan shu ish bo‘yicha hibsga olingan edi. Sud jarayonida Netanyahuning ham bu ishga aloqadorligi haqida dalillar taqdim etilgan. Mazkur ishni esa hozirda shaxsan bosh prokuror nazorat ostiga olgan. Dastlab bu ish bilan boshqa prokuror shug‘ullanayotgan edi, ammo keyinchalik bosh prokurorning o‘zi uni shaxsan boshqara boshladi va ortga chekinmoqchi emas.

Bu holat shuni ko‘rsatadiki, Isroil harbiy holatga qaramasdan institutlar hali ham faoliyat yuritmoqda. Ya’ni siyosiy bosimlarga qaramay huquqiy tizim ishlayapti. Netanyahu xalqaro darajadagi siyosiy shaxs bo‘lishiga qaramay, prokuror qonuniylik prinsipi asosida harakat qilyapti. Sud qarshisida u bosh vazir bo‘ladimi yoki oddiy fuqaro, qonun oldida javobgar. Agar bu korrupsiya ishida Netanyahuning ishtiroki isbotlansa, bu uning siyosiy faoliyatiga jiddiy zarba bo‘ladi. Uning hokimiyati yakun topadi, unga nisbatan impichment e’lon qilinishi va bosh vazirlik lavozimidan chetlatilishi ehtimoli katta.

Ayni paytda ham Netanyahuning hukumati tobora obro‘sizlanib bormoqda. Agar bu jarayon davom etsa, keyingi saylovlarda muxolifat kuchlarining g‘alaba qozonishi deyarli muqarrar bo‘ladi. Aynan shu holatga yo‘l qo‘ymaslik uchun Netanyahuning atrofidagilar barcha kuch bilan harakat qilmoqda. E’tibor bersak sud jarayoni boshlanishi arafasida birdaniga Suriyaga hujum uyushtirildi. Keyin esa Eronga qarshi 12 kunlik qisqa urush boshlanib ketdi. Bularning barchasi sud kuniga to‘g‘ri kelmoqda. Aynan sud bo‘ladigan kunga Netanyahu birdaniga sog‘lig‘i yomonlashganini aytib, kasalxonaga yotqizildi, oshqozon va ichak bilan bog‘liq muammolar sababli sud majlisiga qatnashmadi.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid