Jamiyat | 18:07
2041
7 daqiqa o‘qiladi

Koreya: Gapirilmaydigan haqiqatlar (2-qism) | SUBYEKTIV

Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonliklar 100 ming nafardan oshadi. Ular orasida ofis, sanoat, xizmat ko‘rsatish sohalarida ishlaydiganlardan tashqari “Koreyaga turmushga chiqaman”, “o‘qishga borib ham ishlayman” deb reja qilayotganlar oxirgi paytlarda ko‘payib boryapti. Har o‘n beshinchi yurtdoshimiz u yerlarda noqonuniy muhojir maqomida yuribdi. Koreya – imkoniyatmi yoki illyuziya? Bu mamlakatda omad formulasini qanday tuzish kerak? SUBYEKTIVʼda “Kalmar o‘yini”. O‘yinda esa o‘zbeklar! Hali aytilmagan haqiqatlar bu ko‘rsatuvda yuzaga chiqadi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Ular hayotini o‘zgartirish umidida Koreyaga kelishdi. Kimdir orzu bilan... Kimdir majburan... Bu yerning o‘z o‘yin qoidalari bor... Har bir kun — imtihon, har bir qaror — hayot-mamot masalasi, har bir qadam — sinov. Bugun Koreyadagi 100 minglab o‘zbekistonliklarning missiyasi bir – g‘olib bo‘lish... Qoidalar qattiq. G‘alaba esa kamchilikniki. Ulardan yo o‘rnak olamiz, yoki saboq chiqaramiz.

Ha, aytgancha, bilmaganlar uchun bu Janubiy Koreya haqidagi ko‘rsatuvimizning navbatdagi qismi. Hujjatli filmimizning oldingi sonida koreyslar davlatidagi eng qashshoq mahallalardan prezident yashaydigan saroygacha borgan tarixiy lahzalarimiz, tahlikali Shimoliy Koreya chegarasidan olingan eksklyuziv kadrlar, bir kunlik ishlarda ishlab ko‘rganimiz, koreyaliklardan olgan intervyularimiz, “kichik O‘zbekiston”ga aylangan mahallalar va boshqa ko‘plab ma’lumotlar bilan bo‘lishgan edik. Bizni hursand qilgani – ko‘rsatuv ostidagi minglab ijobiy izohlar orasida haqiqiy Koreyani ochib berolganimizni yozishgani bo‘ldi. Asl Janubiy Koreyani pushti ko‘zoynaklarsiz kashf qilmoqchi bo‘lganlarga 1-qismni ham ko‘rmasa bo‘lmasligini eslatib o‘tmoqchimiz.

Ofis: koreyalik kuyovlar

Bir ofis bor. Uning eshiklari ortida “Koreyaga erga berish” nomidagi tijorat avjida. Xaridor — koreyalik erkak. Mahsulot esa o‘zbekistonlik qiz. Har bir topilgan kelin uchun kuyovlar ofisga 25–35 ming dollar qoldiradi. Sharti – ular istaganidek qiz topish. Nomzodlar xuddi podshohga kanizak tanlagandek o‘ta shaxsiy gigiyenik tekshiruvlargacha o‘tishadi. Ularga inson emas, tovar sifatida qaraladi.

“Xorijlik kelinlar” sovchilik jamiyati Koreya metrolarida, mediasida ham keng targ‘ib qilinadi. Bo‘lg‘usi kuyovlar Koreya orzularidagi K-pop yulduzlaridek yigitlar emas, asosan, kattaroq yoshli, iqtisodiy ahvoli haminqadar bo‘lgan erkaklar. Bu haqda ko‘rsatuv davomida batafsil gaplashamiz. Yaxshisi, bunday taqdirlarni boshidan kechirganlarning o‘zlari gapirib berganlari ma’qulroq. Toki boshqa qizlar ofis eshigini taqillatib borishdan oldin ularga va’da qilinayotgan va asl hayot illyuziyalari o‘rtasidagi farqni anglab olishsin.

Seulda ko‘p o‘zbekistonliklar biladigan “Lazzat” kafesiga ovqatlanish uchun borganimizda ikki o‘zbek talaba yigiti shu kafedan ish so‘rab keldi. Kafe rahbari Mahmud aka ulardan koreys tili, hech bo‘lmasa ingliz tilini bilishlarini so‘radi. Ikkala yigit ham birorta ham xorijiy tilni bilmasligini aytishdi. Tasavvur qiling-a, begona yurtda til bilmasdan o‘qib yurishibdi. Shuning uchun ham o‘zbek kafesining eshigini taqillatib kelishibdi. Hammasi ko‘z oldimizda bo‘lgan voqea. Afsuski, kafeda bo‘sh ish o‘rni yo‘q edi. Talabalar boshqa joydan arzon haq evaziga qiyin ishlarda ishlashga ham rozi.

Biz ko‘pincha “surish kerak” deymiz-u, “Surmoqchi bo‘lgan davlatimizga biz qanchalik kerakmiz?” degan haqli savolni oldindan o‘zimizga bermaymiz. Azaldan ota-bobolarimiz ilmni shahardan shaharga yurib o‘zlashtirishgan. Bugungi zamonda ham butun dunyoda ota-onalar bolalari yaxshi ta’lim olishlari uchun ularga katta sarmoya tikishadi. Eng qashshoq oilalar ham, boylar ham ilm najotda ekanligi haqidagi oddiy formulani anglab yetishgan. Bu yer Koreya yoki boshqa davlat emas. O‘zimizning Toshkent. Ko‘p maktab yoki bog‘cha reklamalarida negadir zo‘r ovqat beramiz, deb maqtanishadi. Ovqatdanam eng muhimi sifatli ta’lim-ku, to‘g‘rimi? Maktab yoshidagi farzandingizni chet elga yuborolmasangiz, chet elning o‘zi sizning oldingizga keladi.

Noqonuniy muhojirlik

Ular yo pul topishlari kerak, yoki Koreyani tark etishlari shart. Ularning huquqlari, sog‘ligi, hayoti himoyada emas. Ular oilasining tirikchilik manbai, xolos. Ular – noqonuniy muhojirlar. Bugun Janubiy Koreyadagi har 14-15-o‘zbekistonlik noqonuniy shaklda ishlab yuribdi. Bunday migratsiyadan xabardor har qanday odam gapimni tasdiqlashi mumkin: ularga har tomonlama qiyin. Shunday maqomdagilar bilan suhbatlashib, aytadiganim shu bo‘ldi: iloji bo‘lsa, bu darajaga tushib qolmang. Yaqinlaringizga yordam qila olish uchun ham oldin o‘zingiz sog‘lom, kuchli va puldor bo‘lishingiz kerak. Shu uchun oiladan ham oldin bor sarmoyangizni o‘zingizga tiking.

Rahmatilla ham bugun shunday muhojirlikda. U Koreyaga o‘qish uchun kelib, shartnoma pulini to‘lashda bankning xatosi bilan o‘qishdan qolib ketadi. Vaqtida O‘zbekistonga qaytmasdan, noqonuniy maqomni tanlaydi. Shundan keyin Koreyada boshidan o‘tganlarini “Kalmar o‘yini”dagi ayovsiz shartlarga o‘xshatadi. Afsuslari ko‘pligidan o‘zini taqdir o‘yinlarida qisman mag‘lub sanaydi.

Aslida toki hayot ekanmiz, hech qaysimizning sinovimiz tugamaydi. Muhimi, bu o‘yinlardan doim g‘olib bo‘lib chiqishimiz. Qolganini ikki qismli ko‘rsatuvlarimiz orqali tomosha qiling.

 

Muallif: Sardorbek Usmoniy
Hammuallif: Ibrohim Samadov
Tasvirchi, montaj ustasi: Muhammadjon G‘aniyev
Yordamchi tasvirchilar: Ziyaddin Mammatjonov va Boburmirzo Anvarov

Mavzuga oid