O‘zbekiston | 20:30 / 09.08.2025
3388
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Qurilish sohasi xodimlari kuniga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi

Bugun “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Qurilish sohasi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari vakillari, qurilish sohasi faxriylari, tizimdagi mehnat jamoalari, mahalliy hokimiyat va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida prezident Shavkat Mirziyoyevning soha xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti administratsiyasining Kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘i — prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov yetkazdi.

Prezident o‘z tabrigida mamlakatimizda qurilish sohasi so‘nggi yillarda iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlaridan biriga aylanganini ta’kidladi. Ma’lum qilinishicha, 2024 yilda 100 mingdan ziyod xonadonga ega bo‘lgan 2 044 ta ko‘p qavatli uy barpo etildi. Shuningdek, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan uy-joy maydoni 2020 yildagi 16 kv. metrdan 19 kv. metrga yetdi.

Agar 2016 yilda qurilish ishlari hajmi 30 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 234 trln so‘mga yetdi. So‘nggi sakkiz yilda yurtimizda 45 mln kv. metr bino va inshootlar barpo etildi. Bu yil 135 mingta xonadon foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Hozirda 56 ta hududda “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishi jadal davom etmoqda. 2030 yilgacha ularning sonini 100 taga, xonadonlar sonini esa 250 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, “Yangi Toshkent” loyihasi doirasida 20 ming gektar maydonda 2 million aholi uchun zamonaviy infratuzilma barpo etilmoqda. Milliy kutubxona, universitetlar, muzeylar, maktablar va tadqiqot markazlari qurilishi boshlangani ma’lum qilindi.

Tadbir so‘ngida soha xodimlari uchun taniqli san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.

Ma’lumot uchun, Qurilish sohasi xodimlari kuni prezident Shavkat Mirziyoyev farmoniga ko‘ra, 2017 yildan buyon avgust oyining ikkinchi yakshanbasida nishonlab kelinadi.

Mavzuga oid