Jamiyat | 23:25 / 15.02.2018
28090
5 daqiqa o‘qiladi

O‘rmonga o‘t ketsa ho‘l-quruq barobar yonadimi yoxud sirdaryolik fermerlar shikoyati

KUN.UZ tahririyati respublikaning turli hududlaridagi muammolarni jamoatchilik e'tiboriga havola qilish hamda xolis yoritish, fuqarolarni qiynayotgan masalalar yechimini topishda hissasini qo‘shib kelmoqda. Shu kunlarda tahririyatga Sirdaryo viloyatining Mirzaobod va Oqoltin tumanidan ko‘ptarmoqli fermerlik bilan shug‘ullanib kelgan fuqarolardan kelib tushdi. Maxsus guruhimiz muammoni joyida o‘rganish maqsadida mazkur tumanlarga xizmat safarini uyushtirdi.

Dastavval Mirzaobod tumanida faoliyat yurituvchi “O‘tkirbek dalasi”, “Mohi Tobon Hur” va “Hotambek polvon” fermerlik xo‘jaliklari ish yurituvchilari va rahbarlari bilan uchrashdik.

“O‘tkirbek dalasi”, “Mohi Tobon Hur” va “Hotambek polvon” fermerlik xo‘jaliklari ish yurituvchilari

Ma'lum bo‘lishicha, 2009, 2013 va 2017 yillarda tashkil etilgan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari paxta-g‘allachilik, bog‘dorchilik-beda urug‘chilik yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyat yuritadi. 

Fermerlarning ta'kidlashlaricha, ular Prezidentning 2017 yil 15 sentabrdagi PQ-3279-sonli qarori ijrosi yuzasidan Sirdaryo viloyatida zamonaviy paxtachilik-to‘qimachilik klasterining tashkil etilishiga umuman e'tirozlari yo‘q. Klasterga tuman hududidan jami 15 ming gektar, shundan 13 ming gektar ekin yerlar ajratilgan. 

Biroq mirzaobodlik fermerlar bir necha yillardan buyon o‘zlariga biriktirilgan yerlarda fermerlik bilan shug‘ullanib, davlat bilan imzolangan shartnoma rejalarini har doim bajarib kelishgan. Yoqilg‘i-moylash va kimyo mahsulotlarini yetkazib beruvchi tashkilotlar oldida qarzdorligi mavjud emas. Qolaversa, tuman yer ajratish komissiyasi ayrim fermerlar muttasil tarzda rejalarni bajarmagani hamda qarzdorliklari yuqori bo‘lgani tufayli tumanning boshqa hududidan 1800 gektar yerni zaxiraga olgan. Mazkur hududlar 2018 yil 17 yanvardagi “Mirzaobod” nashrida berilgan e'longa ko‘ra, tenderga qo‘yilgan. 

Fermerlarni qiynayotgan masala ayni yuqoridagi holatdan kelib chiqadi. Ularning aytishicha, garchi tuman zaxirasiga 1800 gektar yer zaxiraga olinib, tenderga qo‘yilganiga qaramay, tuman yer ajratish komissiyasi nega aynan ular samarali foydalanib kelayotgan 100 gektardan ortiqroq ekin maydonini “Bek cluster” MChJ qo‘shma korxonasi sifatidagi klasterga taqdim etishga qaror qilganini tushuna olishmayapti. 

“4 nafar farzandim bor. Ikkisi shartnoma asosida oliygohda tahsil oladi. Yeyish-ichish bor. Ularni qanday ta'minlash, nima ish qilishni bilmay boshim qotdi”, - deydi O‘ktam aka. 

Uning akasi O‘tkir akaning ham bir farzandi shartnoma asosida Toshkent tibbiyot akademiyasida ta'lim olmoqda. Yana 2 farzandi ham o‘sib-ulg‘aymoqda. Bundan tashqari, ularning ta'kidlashicha, necha yillardan beri ular o‘zlari foydalanib kelgan yerlarga mehr berishgan, past-u balandini yaxshi bilishadi. Uylaridan 25 kmlar uzoqlikdagi hududdan yer olishsa, texnikalarni olib borish kabi ortiqcha xarajatlar paydo bo‘ladi.

Biz fermerlar javob topishga urinayotgan masalalar yuzasidan izoh so‘rab tuman hokimligiga bordik hamda lavozimga tayinlanganiga ko‘p bo‘lmagan hokim Hamidullo Abdullayev bilan uchrashdik. 

Hamidullo Abdullayev

Tuman hokimi fermerlar bilan uchrashib, ularni qiynayotgan muammolarni so‘rab-surishtirar ekan, bu masalani “Bek cluster” MChJ rahbariyati bilan ijobiy hal qilish ehtimoli borligini bildirdi. Yer ajratish komissiyasining qanchalik to‘g‘ri va asosli qabul qilingani borasida biror narsa deya olmasligini, uni maxsus komissiya qabul qilib, imzolash uchun hokimga taqdim etishini bildirdi. 

Ammo biz uchrashgan fermerlar “bo‘ldi, buni o‘rganib, ijobiy hal qilish mumkin” qabilidagi va'  dalardan charchaganlarini uqdirishmoqda. Ularga ko‘ra, fermerlar qachon mas'ullar bilan uchrashishsa, shu kabi va'dalarni olishadi, ammo bevosita  amalga kelganida hech qanday o‘zgarish bo‘layotgani yo‘q. 

Shu o‘rinda tahririyat ushbu 3 fermerning muammosini ijobiy hal etishga va'da bergan yangi hokimdan amaliy yordam kutib qoladi. 

You Tube

Mavzuga oid