«Farg‘ona - umumiy uyimiz». Qirg‘iziston va Tojikiston chegara nizosining sabablari nimada?
Farg‘ona vodiysi Markaziy Osiyodagi eng bahsli hudud bo‘lib, bu yerda mintaqadagi barcha anklavlar joylashgan. Uch davlat orasida taqsimlangan Farg‘ona vodiysidagi chegaralar juda noaniq. Bu yerdagi chegaralarni demarkatsiya qilish masalasi aholining chegara zonalarida zich yashashi sabab murakkab. Aniq sarhadlar bo‘lmagani bois suv va yaylovlardan foydalanish bo‘yicha ikki davlat aholisi o‘rtasida tez-tez kelishmovchiliklar kelib chiqadi.

Fotokollaj: Kun.uz
Tarix
Qirg‘iz va tojik millatlari xalq sifatida shakllangunga qadar uzoq yo‘lni bosib o‘tgan. Tojikiston va Qirg‘iziston to‘qnashayotgan hududlar qadimda Kushon, Eftalitlar, Buyuk Turk xoqonligi, Arab xalifaligi, Somoniylar (tojik davlatchiligi), Qoraxoniylar, Xorazmshohlar, Qoraxitoylar, Mo‘g‘ullar, Temuriylar, Shayboniylar, Buxoro va Qo‘qon xonligi tarkibida bo‘lgan.
Qirg‘izlarning bu yerlarga kelishi Buyuk Turk xoqonligi bilan bog‘lansa, tojiklar o‘z tarixlarini o‘lkada yashagan qadimiy qabilalarga ulaydi.
Tojiklardan farqli ravishda qirg‘izlar o‘rta asrlarda o‘z davlatini qurishga erishgan, ular hozirgi Qirg‘iziston davlatining shimoliy qismlarida hukmronlik qilgan.
Ko‘p asrlar davomida Tojikistonning g‘arbiy qismi Buxoro, sharqiy qismi esa Qo‘qon xonligi tarkibida bo‘lib keladi.
Mintaqa Chor Rossiyasi tomonidan egallangach, hozirgi Qirg‘iziston hududi Turkiston general-gubernatorligining Yettisuv viloyati tarkibiga kiradi. Tojikistonning g‘arbiy qismi Buxoro amirligi nazoratida qoldi, sharqiy va shimoliy qismi esa general-gubernatorlikning Farg‘ona viloyati hududiga kiritiladi.
1924 yil SSSRda milliy-chegaralanish o‘tkazildi va Rossiya SSR tarkibidagi avtonom Qora-qirg‘iz respublikasi tashkil etildi. Shu yili O‘zbekiston SSR tarkibida Tojikiston ASSR ham tashkil topdi. Tojikiston 1929 yil, Qirg‘iziston esa 1936 yilda mustaqil davlat sifatida qaytadan ittifoq tarkibiga qo‘shildi.
1991 yil SSSR tarqalib, respublikalar mustaqillikka erishgach, boshqa sobiq ittifoq davlatlari kabi ikki davlat o‘rtasida ham chegara bo‘yicha ilk munozaralar boshlandi. Gap uchga bo‘lingan Farg‘ona vodiysidagi sarhadlar haqida borayotgandi.
Biroq tez orada Tojikistonda boshlangan fuqarolik urushi muzokaralarni to‘xtatib qo‘yadi. Ikki davlatning asosiy chegara chiziqlarini aniqlash ortga suriladi. Bu esa har ikki tomon ba’zi hududlarni o‘ziniki deb hisoblashi va to‘qnashuvlar yuz berishiga olib keladi.
«Farg‘ona umumiy uyimiz»
O‘zbekistonda ko‘pchilik Farg‘ona vodiysi sifatida uch viloyat — Farg‘ona, Namangan va Andijonni biladi. Ammo Farg‘ona vodiysi ancha katta geografik hudud bo‘lib, Tojikistonning Xo‘jand, Qirg‘izistonning O‘sh, Botken va Jalolobod viloyatlarini ham qamrab oladi. Farg‘ona vodiysida jami yettita anklav mavjud bo‘lib, ularning oltitasi Qirg‘izistonda, bittasi O‘zbekistonda joylashgan. Ushbu anklavlar nafaqat Farg‘ona vodiysi, balki Markaziy Osiyoning keskinlik o‘choqlaridir.
Farg‘ona vodiysida tarixan har uch millat vakillari birgalikda juda zich yashagani sabab, bu yerlarda milliy-chegaralanish o‘tkazish juda qiyin bo‘lgan. Sovet rahbariyati har bir tomonni qoniqtiruvchi chegaralar o‘rnatish o‘rniga, ular orasidan nizolarga sabab bo‘luvchi, bu orqali Moskvaning mintaqadagi roli muhimligini ta’minlovchi chegaralar o‘tkazgan.
SSSR tarqalgach uch respublika Farg‘ona vodiysidagi chegaralarni demarkatsiya qilish bo‘yicha ishlarni boshladi. Ammo, har bir tomon suv, yaylov va yo‘llar joylashgan hududlarni egallashga harakat qilgani bois muzokaralar ko‘pincha boshi berk ko‘chaga kirib qoladi.

Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston yigirma yildan ko‘proq vaqt davomida Farg‘ona vodiysidagi kelishmovchiliklar sabab bir-biri bilan deyarli urush holatida bo‘lib keldi. Hech bir respublika qo‘shnisining da’volarini tan olmadi. Hukumatlarning dushmanligi asta-sekin xalqqa ham o‘ta boshladi. Asrlar davomida birgalikda yashab kelgan xalqlar o‘zaro raqiblarga aylandi. 2010 yilgi O‘sh voqealari bunga misol bo‘ladi.
O‘zbekistonda yangi hukumat hokimiyat tepasiga kelgach, qo‘shnilar bilan do‘stona munosabatlar tiklandi va Qirg‘iziston bilan aniqlanmagan chegaralarni demarkatsiya qilish bo‘yicha faol muzokaralar o‘tkazildi. Natijada Farg‘ona vodiysidagi O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegaralarning katta qismi aniqlashtirildi. Tojikiston-O‘zbekiston chegaralarining katta qismi ham demarkatsiya qilindi.
Lekin vodiydagi Tojikiston va Qirg‘iziston chegaralari noaniqligicha qolaverdi.
Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi umumiy chegara uzunligi 970 kilometrni tashkil qiladi. Shundan 503 kilometrlik sarhadlar delimitatsiya qilingan. 2012 yildan buyon olib borilayotgan muzokaralar natijasida esa atigi 47 kilometrlik chegara chiziqlari aniqlashtirildi.

Foto: AKIpress News Agency
Chegaralar noaniqligicha qolgan hududlar toki ular demarkatsiya qilinmagunga qadar ikki davlat tomonidan neytral yerlar deb qabul qilinishiga kelishildi.
Mojaro sabablari
2000 yilda boshlangan chegara bo‘yicha muzokaralar ikki davlatning ikki davr geosiyosiy xaritalarini asos qilib olgani sabab boshi berk ko‘chaga kirib qoldi.
Tojikiston tomoni chegaralarni belgilashda 1924-1939 yillardagi geosiyosiy xaritaga tayanadi, Qirg‘iziston esa 1958-1959 yillardagi chegaralarni asos qilib olgan.
Noaniq chegaralar bois ikki davlat aholisi o‘rtasida bir qancha masalalarda to‘qnashuvlar yuz berib turadi.
Yaylovlar
Tojikistonning Vorux anklavi Qirg‘izistoning Botken va O‘sh viloyatlarini bog‘lovchi yo‘lda joylashgan. Shuningdek, bu anklav yaylovlar va suv resurslari borasida ham atrofdagi Qirg‘iziston tumanlari bilan qattiq bog‘langan.

Aynan yaylovlar va suv manbalaridan foydalanish bo‘yicha ikki davlat aholisi tez-tez to‘qnashib turadi.
SSSR davrida yaylovlardan o‘zaro kelishuvlariga ko‘ra, har ikki tomon ham foydalangan. Mustaqillik e’lon qilingandan so‘ng esa respublikalar yer bo‘yicha alohida qonunlar qabul qildi. Qirg‘iziston «Yaylovlar to‘g‘risidagi qonun»ni amaliyotga kiritdi, unda yer va yaylovlarni xususiylashtirishga ruxsat berildi, biroq chet elliklarga sotish taqiqlandi.
Qirg‘iziston bilan chegarada yashovchi tojikistonliklarda yaylovlar deyarli yo‘q, ular qirg‘iz tomoni yaylovlaridan foydalanadi. Ammo yuqoridagi qonunga ko‘ra, chet elliklarning chorvasi Qirg‘iziston yaylovlarida o‘tlashi ham taqiqlangan. Biroq, tojiklar bu yaylovlardan ularning ota-bobolari foydalanib kelgani, yaylovlarning bir qismi ularning ham merosi ekanini da’vo qiladi. Qirg‘iz tomoni tojiklarning chorva mollari ularning yaylovlarida noqonuniy o‘tlashidan norozilik bildirib, ularni haydab chiqaradi. Bu esa ko‘pincha to‘qnashuvlarga sabab bo‘ladi.
Hozirda har ikki tomonda chorva mollari soni ko‘paymoqda, bu esa yaylovlarga bo‘lgan ehtiyoj ortishiga hamda ular ustida ikki xalq kurashi kuchayishiga olib kelyapti.
Aniq chegaralar yo‘qligi sabab har ikki tomon qaysi yaylovlar ularniki ekanligini bilmaydi.
Suv muammosi
Qirg‘iziston va Tojikiston hududida qirqqa yaqin har ikki tomon ham foydalanuvchi kanallar mavjud. Bu kanallarning bir qismi Qirg‘izistonda boshlanib, Tojikistondan oqib o‘tsa, qolganlari aksincha.
Qirg‘izistonlik fermerlarning ko‘pchiligi kanallarning yuqori qismida yashovchi tojikistonliklar juda ko‘p suv sarflayotgani, daryoning quyi oqimidagi qirg‘iz dehqonlarga esa kam suv kelayotganidan norozilik bildiradi. O‘z navbatida, Qirg‘iziston tomondan boshlanuvchi kanallarning quyi oqimida joylashgan tojikistonliklar ham yuqori oqimdagi qirg‘izlar sabab ularning yerlariga suv juda kam kelayotganidan shikoyat qiladi.
Suv yetishmovchiligi Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasidagi mavjud suv infratuzilmasi ishdan chiqqani bilan ham bog‘liq. Ba’zi gidrotexnika inshootlari transchegaraviy hududda joylashgan bo‘lib, Tojikiston va Qirg‘iziston hukumatlari e’tiboridan chetda qolmoqda. Ular ushbu inshootlar rekonstruksiyasiga sarmoya kiritmayapti, chunki bu borada maxsus tashkilot yoki kelishuvlar yo‘q. Har ikki tomon, ularni ta’mirlashni bir-biriga yuklaydi. Natijada chegara aholisi qishloq xo‘jaligida foydalanishi uchun suv yetishmaydi.
Suv mojarosi har yili apreldan iyungacha davom etuvchi sug‘orish davrida, ayniqsa, keskinlashadi.
Bundan tashqari, suv resurslari ko‘pincha tojik va qirg‘iz jamoalari o‘rtasida bir-biriga bosim o‘tkazish vositasi bo‘lib ham xizmat qiladi. Chegara hududlarida to‘qnashuvlar sodir bo‘lganda, tomonlar bir-biriga boruvchi suv kanallarini to‘sib qo‘yadi, bu esa yangi keskinlikni keltirib chiqaradi va vaziyatni yanada og‘irlashtiradi.
To‘qnashuvlar
Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasida so‘nggi o‘n yilda jami 150 marta to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan. Ular asosan yer va yaylovlarga da’vogarlik hamda suv taqsimotidagi kelishmovchiliklar sabab yuzaga kelgan.
Qirg‘iziston fuqarolari istiqomat qiladigan aholi punktlari Tojikiston chegarasiga juda yaqin joylashgani uchun chegara nizolardan Qirg‘iziston aholisi ko‘proq zarar ko‘radi.
Ikki davlat o‘rtasida so‘nggi vaqtlardagi ilk jiddiy to‘qnashuv 2021 yil 29 aprelda yuz berdi. Mojaro ikki davlat chegarasida joylashgan «Golovnoy» suv taqsimlash tarmog‘i ustidan nazorat o‘rnatish bo‘yicha kelib chiqdi. Ko‘k-Tosh va Xo‘jai A’lo chegara punktlarida jiddiy otishmalar bo‘lib o‘tdi.
To‘rt kun davom etgan to‘qnashuvlarda rasman 55 kishi halok bo‘lgani aytildi: Qirg‘iziston tomondan 36 kishi, Tojikiston tarafdan 19 kishi. Otishmalar davom etayotgan hududlardan 33 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilindi.
2022 yil sentabrdagi keskinlik esa 2021 yilgi to‘qnashuvlardan ham jiddiyroq va kattaroq bo‘ldi. 14 sentabr kuni Tojikiston tomoni Qirg‘iziston harbiylarini o‘qqa tutishiga javoban keskin otishma boshlandi. To‘qnashuvlarda minomyot va dronlardan foydalanildi.
16 sentabr kuni Shanhay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida Samarqandda bo‘lib turgan Tojikiston va Qirg‘iziston prezidentlari uchrashuv o‘tkazdi hamda chegaradan og‘ir qurollarni olib ketish haqida kelishuvga erishdi.
Biroq, to‘qnashuvlar to‘xtamadi va aksincha, yanada kengaydi. Butun Botken viloyati chegara postlari bo‘ylab otishmalar ro‘y berdi.

Foto: Qirg‘iziston davlat chegara xizmati
Ushbu navbatdagi chegara to‘qnashuvlari oqibatida Qirg‘iziston tomondan 59, Tojikiston tarafdan 35 kishi halok bo‘lgani ma’lum qilindi. Qirg‘iziston 130 mingdan ko‘proq aholisini chegara hududlaridan evakuatsiya qilishga majbur bo‘ldi.
2021-2022 yilgi Qirg‘iziston-Tojikiston chegara to‘qnashuvlari vaziyat tobora jiddiylashib borayotganini ko‘rsatdi.
Chegara nizosi yoki harbiy bosqin?
Ko‘plab ekspertlar 2022 yil sentabrdagi to‘qnashuvlar «chegara nizosimi yoki harbiy bosqin?» deya savol qo‘ymoqda. Bunga 2021-2022 yilgi nizolarda Tojikiston tomonining juda tez harakat qilgani, og‘ir qurollar va qo‘shimcha harbiy kuchlarni darhol chegaraga olib kelgani, xandaqlarni oldindan qazib qo‘yganini sabab qilib keltirish mumkin.
Qolaversa, sentabrdagi to‘qnashuvlarda tojik askarlarining Qirg‘iziston qishlog‘ini egallab, o‘z bayrog‘ini o‘rnatgani, Botken viloyatidagi ko‘prikni portlatgani ularning harakatlari chegara nizosi doirasidan chiqib, bosqinchilik hujumiga aylanganini ko‘rsatadi.
Ushbu keskinlikning oldingi chegara to‘qnashuvlardan ajralib turadigan xususiyat shundaki, Tojikiston bu safar Qirg‘izistonning ichki hududlari, qirg‘iz-tojik chegarasidan ancha uzoqda joylashgan fuqarolik infratuzilmalarini ham o‘qqa tutdi. Masalan, chegaradan uzoqda joylashgan Botken viloyati markazi, Botken shahri aeroporti nishonga olindi.
Vaziyat hali ham to‘la barqarorlashgani yo‘q, chegarada to‘qnashuvlar bo‘lib turibdi.
Tinchlikka qanday erishish mumkin?
Har ikki tomonda allaqachon qo‘shnisiga qarshi kayfiyat shakllangan, insonlar his-hayajonga to‘lgan. Ikki taraf ham so‘nggi to‘qnashuvdagi vayronagarchilik va yo‘qotishlardan keyin barqaror tinchlik o‘rnatuvchi shartnoma tuzishga shoshilmayapti. Ushbu vaziyatda uchinchi davlat vositachiligida kelishuv tuzish eng qulay yo‘l.
Vositachilik uchun Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasidagi tinchlikdan eng manfaatdor davlatlar, masalan, ularning qo‘shnilarni taklif qilish lozim. Qozog‘iston va O‘zbekistonning chegaralarni demarkatsiya qilishdagi vositachiligi va kafilligi Markaziy Osiyoda bir-biriga ashaddiy raqib bo‘lgan ikki millat paydo bo‘lishining oldini olishi mumkin.
O‘zbekiston ham, Qozog‘iston ham qo‘shnilar bilan do‘stona kayfiyatda ekanligini allaqachon ko‘rsatib bo‘ldi. Xususan, O‘zbekiston Tojikiston bilan ham, Qirg‘iziston bilan chegaralarni demarkatsiya qilishda katta muvaffaqiyatlarga erishdi.
Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi beqarorlik kuchayishi 1992-1997 yillardagi kabi qurol, qoradori va boshqa noqonuniy mahsulotlar savdosi gullashi, minglab qochoqlar oqimi paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Bundan esa birinchi navbatda ularga qo‘shni davlatlar ziyon ko‘radi. Shu bois Bishkek va Dushanbe vositachiligi uchun eng yaxshi nomzod — bu ularning qo‘shnilari yoki xalqaro tashkilotlardir.

Mintaqada bir necha yillik tinchlikka erishish uchun uzoq o‘ylangan, betaraflik saqlangan shartnoma kerak. Hozirgi vaziyatda ikki tomon alamzada kayfiyatda ekani sabab vositachilarsiz bunday kelishuv tuzishi qiyin masala. Tomonlar vayronagarchiliklarda bir-birini ayblamoqda va kurashni davom ettirishga tayyor holatda.
Qirg‘iziston va Tojikiston hukumati aynan hozir, chegara nizolari millatlar dushmanligiga aylanib ketmasdan oldin kelishuvga erishishi, ikki tarafni ham qoniqtiradigan shartnoma imzolashi kerak. Yo‘qsa, Markaziy Osiyoda ham mafkurasi qo‘shnisiga dushmanlik asosida qurilgan, chegaralarida doimiy beqarorlik hukm suruvchi davlatlar paydo bo‘ladi (Ozarboyjon-Armaniston kabi). Bu esa nafaqat ular uchun, balki butun mintaqa uchun ham salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Muhammadqobir Sodirov
Mavzuga oid

07:52 / 11.05.2025
Qirg‘izistondagi zilzila kuchi vodiy viloyatlarida ham sezildi

12:13 / 06.05.2025
So‘x va Shohimardonga avtomobilda o‘tib-qaytishda muammo yuzaga keldi

21:02 / 29.04.2025
Qirg‘izistonda urushga yollashda ayblangan “Rus uyi” xodimi hibsdan qo‘yib yuborildi

17:57 / 29.04.2025