Jahon | 11:10 / 29.06.2023
3843
2 daqiqa o‘qiladi

Berlin: Litvadagi Bundesver kuchlari Rossiya-NATO aktini buzmaydi

Germaniya Litvada doimiy ravishda Bundesver brigadasini joylashtirishga tayyor. Rossiya-NATO akti alyansning «sharqiy qanotini mustahkamlashda cheklovchi omil bo‘la olmaydi», deya tushuntirdi Germaniya TIV. 

Foto: Michael Kappeler/dpa/picture alliance

Germaniyaning Litvada Germaniya Qurolli kuchlarining (Bundesver) 4000 ga yaqin askarini doimiy ravishda joylashtirishga tayyorligi Rossiya-NATO aktini buzmaydi, deya ma’lum qildi rasmiy Berlin 28 iyun, chorshanba kuni. 1997 yil may oyida imzolangan hujjat Shimoliy Atlantika alyansining «sharqiy qanotini mustahkamlashda cheklovchi omil bo‘la olmaydi», dedi Germaniya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili. 

Shartnomada taxmin qilinadigan xavfsizlik shartlari ko‘rsatilgan, deydi Berlin. So‘nggi yillarda Rossiya ularni bir necha bor buzdi, deya qo‘shimcha qildi Germaniya TIV. 

Germaniya hukumati matbuot kotibi Shteffen Xebeshtraytning aytishicha, Ukrainaga harbiy aralashuv aktga «ochiq-oydin qarama-qarshidir». Shuning uchun Berlin «hozircha o‘zini ushbu hujjat bilan bog‘langan deb hisoblay olmaydi», deya qo‘shimcha qildi u. Ayni paytda Germaniya kansleri Olaf Shols NATO shartnomani bekor qilmasligi kerakligiga ishonchi komil. Moskva bilan yangi kelishuv bo‘yicha muzokaralar «hozirda hech qanday istiqbolga ega emas», dedi Xebeshtrayt. 

Bundesver askarlari va zobitlarining Litvada kutilayotgan joylashtirilishi «o‘zini xavf ostida his qilayotgan NATO hamkorlariga signal beradi: ular yolg‘iz qolmaydi», dedi Germaniya hukumati vakili. «Agar NATO hududiga hujum bo‘lsa, biz hujumni qaytarishda har qanday yo‘l bilan yordam berishga majbur bo‘lamiz», — deya qo‘shimcha qildi u. 

Mavzuga oid