Jahon | 15:31 / 16.04.2025
1524
4 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi mayda tangalardan voz kechmoqda

1 maydan e’tiboran Yevropaning sakkizta davlati mayda yevrosent tangalarini zarb etishni to‘xtatib, barcha do‘konlarda naqd to‘lov qiluvchilar uchun hisob-kitoblarni yaxlitlashni belgilaydi, deb xabar bermoqda «Yevropeyskaya pravda».

Foto: ISOPIX / EAST NEWS

Aniqrog‘i, yettita davlat buni avvalroq amalga oshirib bo‘lgan, endi esa 1 va 2 sentlik tangalarni «boykot qilish»ga Litva ham qo‘shildi.

Allaqachon kelasi oydan boshlab mamlakatda do‘konlarda naqd pulda to‘lashda hisob summasi yaqin 5 yoki 10 sentgacha yaxlitlanadi. Masalan, 2,03 yevro hisob to‘lovchi uchun 2,05 yevro to‘lash kerakligini anglatadi, 2,12 yevro o‘rniga esa 2,10 yevro to‘lash talab etiladi.

Biroq hech kim do‘konlarni narx belgilarini o‘zgartirishga majbur qilmaydi. Yaxlitlash barcha to‘lovlar uchun emas, faqat naqd puldagi to‘lovlar uchun amal qiladi. Agar karta bilan to‘lansa, avvalgiday, yevrosent aniqligida to‘lash mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, yaxlitlash allaqachon joriy qilingan yevrohudud davlatlarida ham 1 va 2 yevrosentlik tangalar qonuniy to‘lov vositasi bo‘lib qolmoqda, ularni xaridorlardan qabul qilish va ular bilan qaytim berish majburiy hisoblanadi. Chunki biror yevrohudud mamlakati mayda tangalarni mustaqil ravishda muomaladan chiqara olmaydi. Bu faqat barcha yevrohudud davlatlari bir ovozdan shunday qaror qabul qilganda amalga oshishi mumkin. Chunki yagona valuta uchun yagona qoidalar amal qiladi.

Litva Markaziy bankining ta’kidlashicha, yangi tartib naqd to‘lovlarni yengillashtiradi. Shu bilan birga, muomaladan yo‘qolib ketadigan tangalar sonini kamaytiradi. Bunda esa ancha katta mablag‘lar nazarda tutilyapti. Faqat Litvaning o‘zida 1–2 yevrosentlik tangalar bilan yo‘qoladigan summa yiliga uch yuz ming yevro atrofida, deyiladi Delfi nashrida.

Qizig‘i shundaki, rasmiy Vilnyusning ta’kidlashicha, ushbu islohot davlatga ma’lum darajada tejamkorlik berishi bilan birga, atrof-muhitni ham muhofaza qiladi — go‘yoki muomaladan yo‘qolib ketgan tangalar unga zarar yetkazar ekan. Xuddi shu dalil bilan Yevroittifoqning boshqa davlatlari ham mayda yevrosentlardan voz kechishga qaror qilishgan.

Yevrohududning yetti davlati — Niderlandiya, Belgiya, Finlandiya, Irlandiya, Italiya, Slovakiya va Estoniya — endi 1 va 2 yevrosentlik tangalarni zarb etmaydi va muomalaga chiqarmaydi hamda naqd to‘lovlar uchun yaxlitlashni amaliyotga joriy qilgan.

Shu bilan birga, Yevroittifoqda mayda tangalardan voz kechish haqidagi bahs-munozaralar hanuzgacha davom etmoqda. 12 davlat hali mayda tangalardan voz kechishga tayyor emas.

Janubiy Yevropaning ayrim mamlakatlari bu g‘oyaga nisbatan eng shubhali munosabatda. So‘nggi so‘rovnomaga ko‘ra, yevrohududning uchta davlati — Gretsiya, Kipr va Ispaniyada aholining ko‘pchiligi mayda tangalardan voz kechishga qarshi.

Biroq bu islohot allaqachon amalga oshirilgan davlatlarda, aksincha, unga bo‘lgan qo‘llab-quvvatlash darajasi ancha oshgan.

Mavzuga oid