Jahon | 10:59 / 07.09.2023
26608
11 daqiqa o‘qiladi

Bir davr tugashimi yoki ayyor o‘yin: Kolomoyskiyning qamoqqa olingani nimani anglatadi?

Ukrainalik mashhur tadbirkor Igor Kolomoyskiyning qo‘lga olinishi oxirgi haftalarda mediamakondagi eng ko‘p tilga olingan xabarlardan biri bo‘ldi. Milliarderni qamoqqa olishlari bilan bu nega ro‘y bergani haqida mish-mish va taxminlar bolaladi.

Foto: Yan Dobronosov / Global Images Ukraine / Getty Images

Xo‘sh, bu nima o‘zi: Kolomoyskiy epoxasining tugashimi yoki shunchaki hukumatning piar yurishi? BBC Ukraina tahririyati jurnalist Galina Korba bu holatni tahlil qilib ko‘rdi.

2 sentabr kuni ertalab Igor Kolomoyskiy firibgarlik va jinoiy yo‘l bilan orttirgan pullarni yuvishda ayblanayotgani ma’lum bo‘ldi. Tergovga ko‘ra, «Privat» yirik moliyaviy guruhi asoschisi hisoblanmish Kolomoyskiy 2013-2020 yillar davomida yarim milliard grivnadan ko‘proq mablag‘ni «legallashtirgan». U pullarni o‘ziga tegishli bank tuzilmalari orqali xorijga olib chiqib ketgani ham qo‘shimcha qilingan.

Kechga borib esa Kolomoyskiyni qo‘lga olishdi. Tadbirkorga sudgacha ozodlikda qolishi uchun 509 million grivna miqdorida garov puli to‘lashni taklif qilishdi, lekin u rad etdi. Kolomoyskiy o‘ziga nisbatan qo‘yilayotgan ayblovlarni tan olmadi, shuningdek, holat bo‘yicha izoh berishni ham istamadi va hech qanday qarshiliksiz UXX tergov izolyatoriga yo‘l oldi.

Tadbirkorning advokatlari ehtiyot chorasi yuzasidan arz kiritish uchun sud ayblovining to‘liq matni taqdim etilishini kutmoqda.

Bu Kolomoyskiy ustidan ochilayotgan birinchi ish emas. Ammo hozirgacha bo‘lgan ayblovlar asosan korrupsion holatlar bilan bog‘liq bo‘lib, ishlarni Milliy korrupsiyaga qarshi kurashish byurosi olib borgan. Bu gal ishni Ukraina xavfsizlik xizmati olib bormoqda. BBC bog‘langan barcha ekspertlar buni kutilmagan holat emas deb hisoblagan.

Sud Kolomoyskiyni hibsga olish bo‘yicha hukm chiqardi. Foto: Reuters

Kolomoyskiy qo‘lga olingan kuni kechasi Zelenskiy o‘zining odatiy videomurojaatida «Ukrainani o‘marib, o‘zini qonundan baland hisoblaganlar» uchun hayot ortiq «doimgidek» bo‘lmasligini aytdi. «Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga vaziyatni qat’iyat bilan oxiriga yetkazgani uchun rahmat aytaman. Qonun ishlashi kerak», dedi Zelenskiy.

«Qulagan» oligarx

Uzoq yillar davomida Kolomoyskiy nafaqat Ukrainaning eng boy odamlaridan, balki mamlakatning ta’sir doirasi eng katta odamlaridan deb qaralardi.

Uning mamlakat siyosiy hayotiga ta’sir o‘tkaza olishiga asosan «1+1 media» nomli mediaimperiyasi yordam bergan. Bu kompaniya Volodimir Zelenskiy prezidentlik kursisini egallashida ham muhim rol o‘ynagandi. Saylovoldi kampaniyasi va prezidentlik muddatining ilk yillarida Zelenskiyni hatto «Kolomoyskiyning loyihasi» deb atashardi.

2019 yilda Volodimir Zelenskiy Igor Kolomoyskiyning himoyasi ostida bo‘lmasa ham, uning ittifoqchisidek ko‘rinardi.
Foto: Ukraina prezidenti ofisi

Ammo ularning do‘stona munosabatlari, agar shunday bo‘lsa, tezda darz keta boshlaydi. Chunki «Privat» guruhi egasi Kolomoyskiy biznesi zarba ortidan zarba qabul qila boshlaydi. 2021 yil AQSh Kolomoyskiy va uning atrofidagilarga qarshi sanksiya joriy qiladi. Tadbirkorni bir vaqtlar o‘ziga tegishli bo‘lgan «PrivatBank» mablag‘larini maqsadsiz ishlatib AQShda 60 million dollarga ko‘chmas mulk sotib olishda gumonlashgan. Zelenskiy o‘shanda Vashingtonning harakatlarini qo‘llab-quvvatlagandi.

2021 yil yozida Zelenskiy Ukrainada ortiq oligarxlar bo‘lmasligi, ularning barchasi «katta tadbirkor»ga aylanishi kerakligini aytgandi. Keyinroq Ukraina parlamenti mamlakatni deoligarxizatsiya qilish haqida qonun qabul qildi. Bir yil o‘tib Kolomoyskiyni «Ukrnafta» va «Ukrtatnafta» kabi davlat kompaniyalari ustidan nazoratdan mahrum qilishdi.

Va nihoyat, shu yil Kolomoyskiy Ukraina fuqaroligidan ham mahrum bo‘ldi. Xususan, UXX olib borayotgan oxirgi ishda Kolomoyskiy Isroil va Kipr fuqarosi sifatida qayd etilgan.

Endilikda Kolomoyskiyning uyida tintuv o‘tkazilishi hech kimni ajablantirmayapti
Foto: Ukraina xavfsizlik xizmati

Tadbirkor Milliy korrupsiyaga qarshi kurashish byurosi surishtirayotgan jinoiy ishda ham gumonlanmoqda. Bu ish hujjatlariga ko‘ra, Kolomoyskiy 2015 yilda «Ukrnafta»ning 13 milliard grivna miqdordagi boyliklariga egalik qilganlikda gumonlanyapti. Bu ish borasida uni bir necha marta so‘roq qilishgan va uyida tintuv o‘tkazilgan.

Bu hali hammasi emas. Oxirgi yillarda Kolomoyskiy yaxshigina «qashshoqlashdi». Uning boyligi kamiga 1 milliard dollarga kamayib, milliarder statusidan ayrildi. Fuqarolikdan ayrilgani sabab Forbes'ning eng boy ukrainaliklarning yigirmatalik ro‘yxatidan tushib ketdi. Agar fuqaroligi bo‘lganda ham u hozir 11-o‘rinda joylashgan bo‘lardi.

Unga tegishli mashhur «1+1» telekanali esa faqat yagona telemarafon doirasida efirga chiqmoqda. OAV bo‘yicha ekspertlar bu kanal ochiqchasiga hukumatga ishlaydi degan xulosaga kelgan.

Kolomoyskiy qo‘lga olinishi nimani anglatadi?

Ijtimoiy tarmoqlarda ukrainaliklar Kolomoyskiyning qo‘lga olinishini faol muhokama qilishmoqda. Bu borada hammaning fikri bir joydan chiqmadi. Kimdir oligarxni panjara ortidagi kelajak kutmoqda deb hisoblayotgan bo‘lsa, boshqalar turli gumonlar bildirgan.

Hatto Kolomoyskiyni AQSh qonunchiligiga topshirmaslik uchun uning ustidan Ukrainaning o‘zida ish ochildi deb hisoblaydiganlar ham bo‘ldi. Vaholanki, prezident devoni rahbari maslahatchisi Sergey Leshenko va Ukraina bosh prokuraturasi Kolomoyskiyni ekstraditsiya qilish bo‘yicha AQShdan so‘rov bo‘lmaganini bildirgan.

«Jiddiy korrupsiyaga aloqadorligi uchun sanksiyaga uchragan»
Foto: AQShning Ukrainadagi elchixonasi

Siyosatshunos Nikolay Davidovga ko‘ra, Kolomoyskiy ustidan ochilgan ish u uchun jiddiy oqibatlarga olib kelmasligi ham mumkin. «Hozircha Kolomoyskiyning tishlangan barmoqlaridan boshqa jiddiy hech narsa ko‘rmayapman. Agar prezident yoki prezident devoni uni chindan qamashni maqsad qilganida, u o‘zining asosiy kuchi bo‘lmish «1+1» telekanali orqali qarshilik qilishga harakat qilardi. Uning bu kanalga hamon ta’siri bor», degan Davidov.

Boshqa bir siyosatshunos Vladimir Fesenko esa Kolomoyskiy uchun real xavf bor deb hisoblamoqda. Ammo u sud va jinoiy ish juda uzoq davom etadigan jarayon ekanini istisno qilmagan.

«Hozir korrupsiyaga qarshi kurash boshlandi va bu borada teginib bo‘lmas odamlar yo‘q ekanini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lishdi. Kolomoyskiy buning uchun juda qulay figura. Uni ushlash orqali endi avvalgi aloqalar tugaganiga urg‘u berilmoqda. Shuningdek, bu g‘arbdagi ittifoqchilarga berilgan signaldir», degan ekspert.

BBC bilan suhbatlashgan barcha ekspertlar Kolomoyskiyga qarshi UXX ish ochgani va aynan ushbu xizmat uni qamoqqa olgani kutilmagan voqea emas deb hisoblashini aytgan.

Ikki hafta avval Zelenskiy urush vaqtida korrupsiya jinoyatini davlatga xiyonatga tenglashtirishni taklif qilgandi. Bu borada tegishli qonun qabul qilinadigan bo‘lsa, iqtisodiy jinoyatlarni surishtirish huquqi Milliy korrupsiyaga qarshi kurashish byurosidan Ukraina xavfsizlik xizmatiga o‘tadi. Aksilkorrupsiya byurosi Ukrainaning g‘arbdagi ittifoqchilari korrupsiyaga qarshi kurash doirasida qo‘llaydigan tashkilot ekani hisobga olinsa, UXXning iqtisodiy jinoyatlarni tekshirishi doim mojaro keltirib chiqargan.

Milliy korrupsiyaga qarshi kurashish byurosi direktori Semen Krivonos (suratda o‘ngda) AQShga tashrif vaqtida FQBning qo‘llab-quvvatloviga ega bo‘lgandi

«Bizda Iqtisodiy xavfsizlik byurosi va UXXning korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limiga ishonch yuqori emas. UXX Rossiyaga qarshi kurashda katta ish qilmoqda, lekin ularning korrupsiyaga qarshi kurashdagi natijalari maqtanadigan darajada emas», degan Korrupsiyaga qarshi turish markazi huquqshunosi Tatyana Shevchuk.

Uning fikricha, Zelenskiyning korrupsiyani davlatga xiyonatga tenglashtirish haqidagi bayonoti va Kolomoyskiyning qo‘lga olinishi orasida bog‘liqlik bor. «Bu kutilmagan voqea emas. UXX shu orqali top-oligarxga qarshi ham ish ocha olishini ko‘rsatmoqchi. Bu xuddi prezident taklifining reklamasiga o‘xshagan narsa», degan ekspert.

Forbes Ukraina Milliy korrupsiyaga qarshi kurashish byurosidagi manbasiga tayanib yozishicha, 7 sentabr kuni byuro Kolomoyskiyga qarshi o‘z ayblovini e’lon qilmoqchi bo‘lgan, lekin UXX ularni bir haftaga ortda qoldirgan. Qizig‘i, milliarder qamoqqa olingan vaqtda Milliy korrupsiyaga qarshi kurash byurosi xodimlari rasmiy tashrif bilan AQShga ketgandi.

«Tashkilotlar o‘rtasida raqobat bor. Kolomoyskiy ishi bilan Milliy korrupsiyaga qarshi kurashish byurosi ham, UXX ham shug‘ullanmoqda. Bu holat zamirida shunday ma’no yotibdi: ko‘rdingizmi, UXX ham korrupsiya bilan shug‘ullana oladi. Qo‘lga olishdi, sudga olib borishdi, u allaqachon qamoqxonada», deydi Fasenko.

Nikolay Davidyukning fikricha, Zelenskiy jamoasining bu ishlardan maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashishni UXXga topshirish bo‘lsa, bu – Ukraina uchun yaxshilik olib kelmaydi.

«UXX rossiyalik dushmanlarga qarshi yaxshi kurashmoqda. Menimcha, ularni ichki korrupsiyaga qarshi kurash bilan ovora qilish kerak emas. Aks holda, ularni bu ishdan ortga qaytarish davlat uchun qimmatga tushishi mumkin», degan Davidyuk.

Uning aytishicha, bu – nafaqat islohotlarni ortga suradi, balki Ukrainaning ittifoqchilari bilan munosabatini yomonlashtiradi. «Bu – yutqiziqli strategiya. Biz ko‘p jihatdan g‘arbdagi ittifoqchilarga bog‘liqmiz. Ularga yoqmaydigan ishlarni qilishdan tiyilgan ma’qul», deb o‘z fikrini tushuntirgan ekspert.

Korrupsiyaga qarshi turish markazi rahbari Vitaliy Shabunin ham korrupsiyaga qarshi kurashni UXXga topshirishni katta xato deb atagan. «Korrupsiyani davlatga xiyonatga tenglashtirib, uni surishtirishni UXXga topshirish orqali prezident ofisidagilar o‘z top-korrupsiyachilarini himoya qilib, ularga qilgan jinoyatlari isbotini yo‘qotishga imkon yaratishmoqchi», degan Shabunin. U so‘zining isboti sifatida Zelenskiy oligarxlarga qarshi kurashda nazoratni o‘z qo‘liga olishni maqsad qilganini eslatib o‘tgan.

Mavzuga oid