“Titanik” chekuv xonasidagi oltin qandil AQShda muzeyga qo‘yildi
Atlantika okeani tubida 75 yil yotgan qandil 1987 yilda quruqlikka chiqarilgan.

Foto: AP
“Titanik” kemasining chekish xonasidan olingan to‘qqiz kilogrammlik oltin qandil Nyu-Jyersi shtatidagi muzeyda namoyishga qo‘yildi. Bu haqda New York Post xabar bermoqda.
Qandil Atlantika okeani tubida 75 yil yotgandan so‘ng 1987 yilda quruqlikka chiqarilgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, birinchi klassdagi erkaklar chekish xonasini bezagan bu buyum yaxshi saqlanib qolgan. Qandil kemadan olingan boshqa 250 ga yaqin noyob buyumlar bilan birga ko‘rgazmada namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazma shunday tashkil etilganki, tashrif buyuruvchilar o‘zlarini “Titanik” yo‘lovchilari rolida his qilishi va laynerning qurilishidan halokatga qadar bosib o‘tgan yo‘lini kuzatishi mumkin. Muzeyda hatto qayta tiklangan xonalarni ko‘zdan kechirish va sun’iy aysbergni ushlab ko‘rish, fojia kunidagi kabi sovuqni his qilish imkoniyati mavjud.
Ko‘chma ekspozitsiya avval Bostonda namoyish etilgandi. Butun dunyo bo‘ylab uni taxminan 35 million kishi tomosha qilgan. Nyu-Jyersi shtatida uni 1 sentabrgacha Jyersi-Siti shahridagi Liberty ilm-fan markazida tomosha qilish mumkin.
Avval “Titanik”ning 700 dan ortiq yo‘lovchisini qutqargan Britaniya paroxodi kapitaniga sovg‘a qilingan tilla soat auksion orqali 1,56 million funt sterlingga sotilgandi. Soatni amerikalik xususiy kolleksioner xarid qilgan.
Mavzuga oid

10:30 / 02.06.2025
Qoraqalpog‘istonda iqlim muzeyi tashkil etiladi

20:48 / 29.05.2025
Temiryo‘l muzeyida ovqatlanish shoxobchasi va attraksionlar ochilgani tanqidlarga sabab bo‘ldi

11:05 / 29.05.2025
Sharq san’atidan metafizikagacha: “Olamlar orasidagi nur” ko‘rgazmasida nimalar namoyish etilmoqda?

11:05 / 10.05.2025