Jahon | 20:37 / 03.03.2025
5609
3 daqiqa o‘qiladi

Falastin kurashi haqidagi «Boshqa yer yo‘q» hujjatli filmi «Oskar»ga munosib ko‘rildi

Taqdirlash marosimi vaqtida film rejissyorlari falastinlik Basel Adra va isroillik Yuval Avraam xalqaro hamjamiyatni falastinliklarni majburiy ko‘chirishni to‘xtatishga chaqirdi.

Foto: Antipode Films

Los-Anjyelesda «Oskar» Kinoakademiyasining 97-taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda «Boshqa yer yo‘q» (No Other Land) kartinasi eng yaxshi hujjatli to‘liq metrajli film deb topildi.

Ushbu filmda Iordan daryosining g‘arbiy sohilidagi falastinlik faol va isroillik jurnalist o‘rtasidagi do‘stlik haqida hikoya qilinadi.

Taqdirlash marosimi vaqtida film rejissyorlari falastinlik Basel Adra va isroillik Yuval Avraam xalqaro hamjamiyatni falastinliklarni majburiy ko‘chirishni to‘xtatishga chaqirdi.

2019 yildan 2023 yilgacha bo‘lgan davr mobaynida suratga olingan filmda uylari yakson qilingan insonlarning real hayoti, omon qolish huquqi uchun kurash va ularning qarshiligi namoyish etilgan. Lenta tanqidchilar va festival hay’atining e’tirofiga sazovor bo‘ldi, ammo hozircha AQShda katta prokatga chiqmadi.

«Boshqa yer yo‘q» hujjatli filmi to‘rt nafar kinematograf tomonidan suratga olingan. Kartina premerasi 74-Berlin festivali doirasi namoyish etilgan va hujjatli film yo‘nalishida mukofotni qo‘lga kiritgan edi.

Syujyet markazidan Basel Adra o‘rin olgan — u Iordan daryosining G‘arbiy sohilida yashovchi falastinlik yosh faol. U bolaligidan o‘z xalqining boshqa joyga zo‘ravonlik bilan ko‘chirilishiga qarshilik ko‘rsatib keladi. Adra tug‘ilgan qishloqda Isroil askarlari uchun mashg‘ulot maydonchasini qurish rejalashtiriladi. Armiya buldozerlar bilan binolarni buzib tashlaydi va aholini kuch bilan ko‘chirishga kirishadi. Basel Adra isroillik jurnalist Yuval Avraam bilan do‘st tutinadi va u o‘z navbatida falastinlik yigitga yordam beradi. Ular birgalikda tinch aholining noroziligini, shuningdek, Isroil qo‘shinlari vayron qilgan hududlar ko‘lamini tasvirga oladi. Filmda ijtimoiy tengsizlik tasvirlangan: Yuval ozod va xavfsiz sharoitda yashaydi, shu bilan birga Basel muntazam zulmga duch keladi.

Mavzuga oid