Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qozog‘istonda yirik qurilish kompaniyalari ustidan soliq tekshiruvlari boshlandi
Qozog‘istonda soliq tushumlaridagi shaffoflikni oshirish maqsadida ulkan aylanmalarga ega, ammo bunga muvofiq darajada soliq to‘lamaydigan kompaniyalar ustidan tekshiruv boshlandi. Iqtisodchi Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, qurilish biznesining soliq tushumlaridagi o‘rni bajarilgan ishlar bilan mos kelmasligi – O‘zbekiston uchun ham xos bo‘lgan holat.

Foto: Tengrinews.kz.
Qozog‘istonda soliq tushumlari ustidan nazorat kuchaytiriladi. 28 fevral kungi yig‘ilishda mamlakat bosh vaziri Oljas Bektenov ulkan aylanmalarga ega, lekin muvofiq darajada soliq to‘lamayotgan yirik kompaniyalarni qattiq tanqid qildi. Ular orasida BI Group, BAZIS kabi yirik qurilish kompaniyalarining nomi ham tilga olingan.
Qozog‘iston Moliya vazirligining ma’lum qilishicha, BI Group kompaniyasiga 11,9 milliard tenge (23,9 mln dollar), BAZIS'ga esa 4,6 milliard tenge (9,2 mln dollar) miqdorida soliq solinadigan daromad kamaytirilgani bo‘yicha bildirishnomalar yuborilgan.
“Bu O‘zbekiston uchun ham xos bo‘lgan holat”
Iqtisodchi Otabek Bakirov ta’kidlashicha, O‘zbekistonda ham qurilish biznesining soliq tushumlaridagi o‘rni qilingan ishlar bilan mutanosib emas.
“Shovqini, o‘zboshimchaligi va kibri olamni oladigan qurilish kompaniyalarining lozim darajada soliq to‘lamasligi O‘zbekiston uchun ham xos bo‘lgan holat. Qurilish biznesining soliq tushumlaridagi o‘rni umuman mutanosib emas. Yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxatida bironta qurilish kompaniyasi yoki developerlarni ko‘rmaysiz. Lekin to‘lanmagan soliq qarzlari trillionlarni tashkil etadi. Eng ko‘p qurilish bo‘layotgan Toshkent shahrining o‘zida to‘lanmagan soliq qarzdorligi 400 mlrd so‘mdan oshib ketgan.
Yashirin iqtisodiyot va “optimizatsiya” sxemalari aynan qurilish sohasida avj olgan. Soha korrupsion daromadlarni yuvib aylantiradigan tarmoqqa aylanib bormoqda.
Qurilish tashkilotlaridan to‘lovni tijorat banki orqali amalga oshirib sotib olgan fuqarolarga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasining bir qismini keshbek sifatida qaytarish sohani oqartira olmaydi. Chunki muammo pul oqimlarining chiqishida emas, kirishida paydo bo‘ladi”, deya yozdi Otabek Bakirov.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning dekabridagi Senat yalpi majlisida iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot hajmi YaIMga nisbatan 25 foizdan 45 foizgacha yetishi mumkinligini aytib o‘tgandi.
“Qaysi tarmoqlarda yashirin iqtisodiyot eng yuqori deb aytadigan bo‘lsak, bular: qurilish, savdo, xizmat ko‘rsatish sohalari”, degandi vazir.
2024 yilning boshida prezident Shavkat Mirziyoyev ham O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot muammosi eng dolzarb masala ekanini ta’kidlagandi.
Davlat rahbariga ko‘ra, xizmatlarda 140 trln so‘m, qurilishda 50 trln so‘m, sanoatda 40 trln so‘m mahsulot «soyada» qolmoqda. Agar ular joyida bo‘lsa, bu orqali YaIMga 135 trln so‘m, davlat budjetiga esa 30 trillion so‘m miqdorida tushum qilish mumkin.
Mavzuga oid

20:23 / 03.08.2025
Qozog‘iston janubida 40 gektar maydonda yuz bergan yong‘in o‘chirildi

19:08 / 03.08.2025
Qozog‘iston Afg‘onistonga yordam ko‘rsatishda davom etadi – To‘qayev

18:33 / 31.07.2025
Qozog‘istondagi ikkinchi va uchinchi AES Xitoy tomonidan quriladi

15:17 / 24.07.2025