KXDR harbiylari yanvar o‘rtalaridan buyon Ukrainadagi urushda ishtirok etmayapti
G‘arbdagi manbalar Kursk oblastida mingga yaqin shimoliy koreyalik askar halok bo‘lganini xabar qilgan.

Foto: Reuters
Shimoliy Koreya qo‘shini katta yo‘qotishlar tufayli Kursk oblastidagi harbiy harakatlarda ishtirok etmayotganga o‘xshamoqda, deb xabar berdi AFP Janubiy Koreya razvedkasiga asoslanib.
«Aftidan, Rossiyaning Kursk oblastiga joylashtirilgan shimoliy koreyaliklar qo‘shini yanvar o‘rtalaridan buyon harbiy harakatlarda qatnashmayapti», — deya Janubiy Koreya milliy razvedka xizmati (NIS) bayonotidan iqtibos keltirgan agentlik.
O‘tgan haftada New York Times gazetasi Amerikadagi va Ukrainadagi manbalariga asoslanib, KXDR harbiylari katta yo‘qotishlar tufayli Ukrainadagi front chizig‘idan olib ketilganini xabar qilgandi.
Nashr xabarida ular ikki haftadan buyon, ya’ni yanvar o‘rtalaridan buyon oldingi chiziqda ko‘rinish bermayotgani aytilgandi.
Ukrainalik manbaning aytishicha, KXDR harbiylari orasida yo‘qotishlar ortishiga ularning saflarida kuzatilgan tartibsizlik va rus bo‘linmalari bilan muvofiqlik yo‘qligi sabab bo‘lgan. Ular jang maydoniga yetib kelganidan beri o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, kam sonli zirhli texnikalar yordamida harakatlangan va kamdan kam hollarda qayta guruhlanish uchun to‘xtagan.
Shimoliy Koreya harbiylari og‘ir yo‘qotishlar sabab front chizig‘idan olib ketilgani to‘g‘risida 27 yanvar kuni Sky News ham Ukraina maxsus kuchlari komandiriga tayanib xabar bergandi. Uning taxminicha, KXDR askarlari «ukrainalik harbiylar bilan dastlabki to‘qnashuvlarga yo‘l qo‘ygan xatolaridan xulosa chiqarmoqda yoki yaradorlarga qarayapti yoki qo‘shimcha kuchlarni kutmoqda».
Amerikalik amaldorlarning hisoblashicha, Shimoliy Koreya qo‘shini front chizig‘idan olib ketilishi vaqtincha qaror bo‘lishi ham mumkin. Ularning so‘zlariga ko‘ra, KXDR askarlari qo‘shimcha tayyorgarlikdan o‘tganidan keyin yoki Rossiya qo‘shinlari ko‘plab yo‘qotishlardan qochish uchun ushbu bo‘linmalarni joylashtirishning yangi usulini topgach frontga qaytishi mumkin.
Kursk oblastida mingga yaqin shimoliy koreyalik halok bo‘lgan
G‘arb rasmiylari ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar oyi o‘rtalariga kelib Kursk oblastidagi Shimoliy Koreya qo‘shinining jami yo‘qotishlari to‘rt mingga yaqin bo‘lib, shundan mingga yaqini halok bo‘lgan.
BBC’ning xavfsizlik masalalari bo‘yicha muxbiri Frenk Gardner qayd etishicha, Kursk oblastiga 11 mingga yaqin shimoliy koreyalik harbiy yuborilganidan kelib chiqilsa, bu juda yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Yo‘qotishlar halok bo‘lganlar, yaralanganlar, bedarak yo‘qolganlar yoki asir tushganlarni o‘z ichiga oladi. G‘arblik rasmiylar anonimlik sharti bilan mingga yaqin harbiy xizmatchi janglarda halok bo‘lganini xabar qilishgan. Bu juda ko‘p yo‘qotish va u Shimoliy Koreya kontingenti uchun yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan miqdor, deya qayd etgan Gardner.
O‘tgan yil oxirida Ukraina va Janubiy Koreya Pxenyan Rossiyaga kamida 10 ming harbiy xizmatchi yuborganini ma’lum qilgandi.
Vladimir Putin Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda Shimoliy Koreya qo‘shinidan foydalanish — Rossiyaning «suveren qarori» ekanini aytgan.
Yanvar o‘rtalarida Janubiy Koreya milliy razvedka xizmati Rossiya tomonida jang qilgan shimoliy koreyaliklardan kamida 300 nafari halok bo‘lgani, kamida 2700 kishi yaralangani to‘g‘risida xabar qilgandi.
Ukraina qurolli kuchlari 2024 yil avgustida bostirib kirgan Kursk oblastida qonli janglar davom etmoqda. Rossiya qo‘shini hududning bir qismini qaytarib olgan, ammo ukrain qo‘shini hamon o‘nlab aholi yashash manzillari, jumladan Sudja rayonining shu nomdagi markazini ham o‘z nazoratida ushlab turibdi.
Yanvar o‘rtalarida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastidagi janglarda ilk bor shimoliy koreyalik askarlarni tiriklay asirga olganini ma’lum qildi. Ular so‘roq qilingan va asirlardan biri Rossiyaga jangda ishtirok etish uchun emas, balki o‘quvlarda qatnashish maqsadida kelganini bildirgan. Ko‘p o‘tmay Zelenskiy asirlarni Rossiya tomonidan qo‘lga olingan ukrainalik harbiylar evaziga KXDR yetakchisi Kim Chen Inga topshirishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Mavzuga oid

21:14
KXDR askarlarining urushdagi ishtiroki nega yashirildi-yu, nega endi tan olindi?

14:21
NYT: Isroildan Ukrainaga Patriot kompleksi yuboriladi

13:22
Rossiya Ukrainani yana o‘qqa tutdi: bir kishi halok bo‘ldi, 10 dan ortiq kishi yaralandi

19:15 / 03.05.2025