Ukraina ikki kun ichida Rossiya bo‘ylab 500 ga yaqin dron uchirdi
Moskva shahridagi aeroportlar vaqti-vaqti bilan cheklovlar joriy etmoqda. RFning markaziy regionlari mobil internetsiz qolgan. Kursk oblastidagi rayonlardan birining rahbari avtomobili hujumga uchragan, u yaralangan holda shifoxonaga yotqizilgan.

Foto: Aleksandr Polegenko / TASS
Ukraina qurolli kuchlari qatorasiga ikkinchi kun Rossiya regionlariga dronlar bilan yopirilma hujum uyushtirdi. 22 mayga o‘tar kechasi ukrain harbiylari 100 dan ortiq dron uchirgan. Ular poytaxt Moskvaga ham yetib kelgan. Shahar meri Sergey Sobyanin 21 may kuni soat 22:29 dan 22 may kuni soat 05:30 ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari ukrainlarning Moskva yo‘nalishida uchgan 35 ta dronini urib tushirgani haqida ma’lum qilgan. Tongda va kun davomida hujumlar davom ettirildi.
Rosaviatsiya tunda Moskva osmonini to‘lig‘icha yopdi – shahardagi to‘rtta asosiy aeroportning barchasida – Sheremetevo, Vnukovo, Domodedovo va Jukovskiyda samolyotlarni qabul qilish va parvozga chiqarishda cheklovlar joriy etildi. 22 may kuni tongda idora aeroportlar ichkarisida ham cheklovlar kiritdi.
Transport prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, aeroportlar faoliyatidagi cheklovlar tufayli 22 may kuni soat 11:00 ga kelib, Sheremetevo aeroportida 72 ta, Domodedovoda – 71 ta, Vnukovoda – 19 ta reys kechiktirilgan. Rosaviatsiya ma’lumotiga ko‘ra, Moskva oblasti hududida 21-22 may kunlari jami 82 ta samolyot zaxira aerodromlariga yo‘naltirilgan. «Ularning deyarli barchasi dastlabki manzildagi aeroportlarga qo‘ngan», — deya qayd etiladi idora xabarida.
Rosaviatsiya ayrim nashrlarning aeroportlarda kollaps yuzaga kelgani haqidagi ma’lumotlarini rad etgan. «Jadvaldagi tuzatishlarga qaramay, aerovokzallardagi vaziyat tinch, ayrim noinsof mediada aytilganidek, yo‘lovchilarning ommaviy to‘planishi holatlari kuzatilmayapti», – deyiladi bayonotda.
22 mayga o‘tar kechasi Tula oblasti ham ukrain dronlari hujumiga yo‘liqqan. Region gubernatori Dmitriy Milyayevning so‘zlariga ko‘ra, uchuvchisiz uchar qurilmalardan biri ko‘p kvartirali uy tomiga kelib urilgan, turar joy va noturar joy binolar shikastlangan. Yana bir dron parchalari «Orujyeynik» jismoniy-sog‘lomlashtirish kompleksi hududiga tushgan. Tulada yashovchi ikki kishi yengil tan jarohati olgan. Baza telegram-kanalida yozilishicha, Novomoskovsk ham hujumga uchragan, mahalliy aholi vakillari 20 ga yaqin portlash ovozlarini eshitishgan.
Kursk oblastida ukrainlar droni Belovskiy rayoni rahbari Nikolay Volobuyevning avtomobiliga hujum qilgan, deb xabar beradi region rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi Aleksandr Xinshteyn. Volobuyev avtomobilni tark etishga ulgurgan, lekin bel sohasi va qo‘lidan jarohatlanib, shifoxonaga yotqizilgan. Bundan tashqari, Kursk oblastida Nekrasov qishloq kengashi (munitsipalitet) tarkibidagi Semyonovo qishlog‘i yaqinidagi avtomobil ko‘prigiga ham Ukraina qurolli kuchlari droni hujum qilgan.
RF mudofaa vazirligi tun davomida havo hujumidan mudofaa kuchlari 105 ta dronni to‘xtatgani va yo‘q qilgani haqida xabar bergan, shundan eng ko‘p holatlar Moskva regioni (35), Orlov (14), Kursk (12), Belgorod (11) va Tula oblastlarida (10) kuzatilgan.
Ukraina qurolli kuchlari dronlari hujumlari 21 mayga o‘tar kechasi kuchaygan va keyingi kunda ham davom etgan. RF mudofaa vazirligiga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa kuchlari 20 may kuni kechqurundan 22 may kunigacha RF regionlari va Qora dengiz ustida jami 485 ta dronni urib tushirgan.
Uchuvchisiz uchish apparatlari hujumlari fonida Rossiyaning turli regionlarida mobil internet faoliyatida uzilishlar yuzaga kelgan. Dronlar hujumi tufayli internet o‘chgani haqida 21 va 22 may kunlari Ivanov, Orlov, Tula, Vladimir va Lipetsk oblastlari rasmiylari xabar berishgan. Shuningdek, Moskva oblasti, Mordoviya hamda Rossiyaning boshqa regionlari aholisi vakillari ham internet ishlamay qolganidan shikoyat qilgan.
Ukraina
Rossiya qurolli kuchlari 22 mayga o‘tar kechasi Ukraina hududlariga raketalar, dronlar va artilleriyadan foydalangan holda hujum qildi.
Xarkivda soat 01:30 atrofida portlash sodir bo‘ldi. Xolodnigor rayonida rossiyaliklarning raketa hujumi oqibatida sakkizta xususiy uy zarar ko‘rdi, ikki kishida stressga o‘tkir reaksiya paydo bo‘ldi, dedi Xarkiv shahri rahbari Igor Terexov.
Dnipropetrovsk oblastining Pavlograd shahrida uchuvchisiz uchish apparatlarining yopirilma hujumi natijasida sanoat korxonasiga zarar yetdi, bir nechta yong‘inlar sodir bo‘ldi, ular o‘chirildi, dedi hudud rahbari Sergey Lisak.
Kiyev ham Rossiya dronlari zarbasiga uchradi, ertalab shaharda havo hujumi trevogasi e’lon qilindi, bu bir soatga yaqin davom etdi. Kiyev shahri harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenkoning ma’lum qilishicha, Kiyevning Darnitskiy rayonidagi maktab hududiga dron parchalari qulagan, jabrlanganlar yo‘q.
Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari xabar berishicha, tun davomida Rossiya harbiylari «Iskander-M» kompleksidan uchirilgan ballistik raketa, shuningdek, 128 ta dronni qo‘llagan holda Ukraina hududlariga hujum uyushtirgan. Ukraina harbiylari 112 ta dronni zararsizlantirgan: ulardan 74 tasi urib tushirilgan, 38 tasi radioelektron kurash vositalari orqali ishdan chiqarilgan. Hujumlar oqibatida Dnipropetrovsk, Donetsk, Xarkiv va Mikolayiv oblastlari jabrlangan.
Ukraina rasmiylariga ko‘ra, Rossiya artilleriyasi va dron hujumlari oqibatida halok bo‘lganlar va yaralanganlar bor. Xersonda tinch aholi vakili 22 may kuni ertalab sodir bo‘lgan artilleriya hujumi oqibatida halok bo‘ldi, deb xabar berdi oblast prokuraturasi. Xerson o‘qqa tutilishi oqibatida to‘rt kishi yaralangan. Donetsk oblastida artilleriya va dron hujumlari oqibatida mahalliy fuqarolardan ikki nafari halok bo‘lib, yana ikki nafari yaralangan.
Mavzuga oid

21:20 / 22.05.2025
Konstantinovka uchun jang: nega aynan shu shahar rossiyaliklarning asosiy nishoni bo‘lishi mumkin?

20:36 / 22.05.2025
Rossiya qo‘shinlari bufer zona yaratish muammosini hal qilmoqda – Putin

16:20 / 22.05.2025
Stubb: Vatikanda Ukraina-Rossiya muzokaralari o‘tkazilishi mumkin

16:00 / 22.05.2025