Jahon | 18:22 / 01.04.2025
1375
2 daqiqa o‘qiladi

Professional bo‘lmagan astronavtlardan iborat ekipaj tarixda ilk bor Yer qutblari ustidan uchib o‘tadi

Crew Dragon ekipaji to‘liq havaskor astronavtlardan iborat. Xususan, ular orasidan kriptovaluta ortidan boyigan tadbirkor, norvegiyalik kinorejissyor, robototexnika mutaxassisi o‘rin olgan.

Foto: Gregg Nedwton/AFP/Getty Images

Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi Fram2 xususiy boshqariladigan missiyasi doirasida Crew Dragon kemasini muvaffaqiyatli uchirdi. Kema ilk bor Yerning Shimoliy va Janubiy qutblari ustidan uchib o‘tadi.

Crew Dragon ekipaji to‘liq havaskor astronavtlardan iborat. Ular orasida Maltada yashovchi, kriptovaluta mayningi ortidan boyigan Chun Van, norvegiyalik kinorejissyor Yannike Mikkelsen, germaniyalik robototexnika mutaxassisi Rabea Rogge va avstraliyalik professional sayohatchi Erik Filips bor. Parvoz xarajatlari Chun Van tomonidan qoplangan bo‘lib, uning aniq summasi oshkor qilinmagan.

Bir necha kun davom etadigan missiya davomida ekipaj orbitada taxminan 20 ta ilmiy tajriba va tadqiqot o‘tkazishi rejalashtirilgan. Ularning aksariyati ekipaj a’zolarining sog‘lig‘ini baholash bilan bog‘liq bo‘lib, CNN’ga ko‘ra, parvoz trayektoriyasidan qat’i nazar amalga oshirilishi mumkin.

SpaceX kompaniyasining qayd etishicha, Yer qutblari ustidan uchish kosmik turizm uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning sentabr oyida SpaceX kompaniyasi bortida oddiy fuqarolardan iborat Polaris Dawn tijoriy missiyasini kosmosga uchirgani to‘g‘risida xabar berilgandi. O‘shanda milliarder Jared Ayzekman ochiq kosmosga chiqishni amalga oshirgan tarixdagi ilk noprofessional astronavt bo‘lgan edi.

Mavzuga oid