Islomiy investitsiyalar potensiali – 4 trillion dollar. Unga ochilish uchun esa bizda ekotizim yo‘q - mutaxassislar
Kun.uz'da chiqqan multfilm ortidan dehqonlardan ko‘plab qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi: “salam shartnomasini tuzish uchun qayerga murojaat qilaylik?” Bu imkoniyat hali bizda mavjud emas, deb javob berishga to‘g‘ri keldi. Xo‘sh, O‘zbekiston islomiy moliya potensialidan foydalanishda kechikyaptimi? Kun.uz mavzu yuzasidan mutaxassislarni savolga tutdi.
Shokir Sharipov, jurnalist: Islomiy moliya hozirgi voqeligimizda bizga nega kerak?
Iskandar Tursunov, Islom moliyasi bo‘yicha mutaxassis: Islom moliyasi muqobil moliyaviy tizim hisoblanadi. Butun dunyoda xalqaro moliya tizimida islom moliyasini joriy qilayotgan ko‘p davlatlar mavjud.
Hayotjon Azimov, Islom moliyasi bo‘yicha mutaxassis: Islom moliyasining asosiy maqsadi, voqelikdan kelib chiqib, xalqaro, yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasida adolatni ta’minlashdir. Uning asosiy tamoyillari islom ko‘rsatmalari bilan uyg‘unlashgan.
Shokir Sharipov: Multfilmimizni salom shartnomasiga bag‘ishlagan edik, ya’ni qishloq xo‘jaligiga aloqador jihatlarga. Multfilm chiqqandan so‘ng ko‘plab savollar yig‘ildi. Eng muhim savolni beraman: O‘zbekistonda bu soha – salam shartnomasini tuzib, shu shartlarda faoliyat yuritsa bo‘ladimi yoki yo‘q?
Iskandar Tursunov: Kun.uz bilan hamkorlikda ushbu multfilmni tayyorlaganimizda, bevosita salam shartnomasiga urg‘u berdik, chunki O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligining ulushi yalpi ichki mahsulotda o‘ttiz foiz atrofida. Qishloq xo‘jaligi esa doimiy ravishda moliyaviy resurslarga ehtiyoj sezadi. Multfilm chiqqanidan keyin dehqonlarda savol tug‘ildi: O‘zbekistonda ayni paytda salam shartnomasi asosida ishlayotgan moliyaviy tizimlar bormi yoki salam shartnomasi bo‘yicha moliyalashtirayotgan tijorat banklari yoki mikromoliya tashkilotlari bormi? Bizga tinimsiz qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi. Mingdan ortiq odam telefon qildi.
Afsuski tijorat banklari, moliyaviy institutlar yoki mikromoliya tashkilotlari tomonidan salam bo‘yicha moliyalashtirish hali mavjud emas. Xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan qishloq xo‘jaligining ma’lum yo‘nalishlarini moliyalashtirish uchun salam shartnomasi asosida ba’zi liniyalar kirib kelgan bo‘lishi mumkin, biroq, hozir bu ochiq-oshkor qilinmagan, ishlash jarayonida bo‘lishi mumkin. Biroq, tadbirkorlar va sohaga aralashib yurgan insonlar o‘rtasida salam shartnomasi asosida munosabatlar mavjud.
Odamlarga “yo‘q” dedig-u, keyin multfilmimiz ertaroq chiqdimikan deb o‘ylab qoldik.
Hayotjon Azimov: Ijobiy tomoni shundaki, multfilm bizlar chiqaradigan postlar yoki maqolalardan tezroq xalqning qalbiga yetib bordi. Bu bizni xursand qildi. Ikkinchidan, biz uchun “fidbek” bo‘ldi, salam shartnomasi bilan ish yuritishga katta ehtiyoj bor ekan. Qishloq xo‘jaligi sohasida islomiy moliya asosida oldin bankka murojaat qilmagan dehqonlar yoki fermerlar, Islom asosida bu mumkinligini eshitganidan keyin, ruhlanib ketishdi.
Shokir Sharipov: Demak institutsional darajada bu hali yo‘q?
Hayotjon Azimov: Bu bittada bo‘lmaydi. Institutsional tashkil topishi Malayziyada ham, boshqa davlatlarda ham yillab vaqt olgan.
Shokir Sharipov: Ammo bu ahamiyatli?
Hayotjon Azimov: Islom moliyasini gapirganimizda, jahon tajribasida ham asosan institutsionallashtirilgan islom moliyasi haqida gapiramiz: moliyaviy vositachilarning islomiy shartlarda moliyaviy vositachilik qilishi haqida gapiramiz.
Shokir Sharipov: Misol bilan tushunish oson: deylik mening ikki sandiq dollarim bor, salam shartnomasini tuzgan holda ishlamoqchiman.
Hayotjon Azimov: Sizning, qo‘lida puli bor sarmoyador sifatida, oldingizda ikkita yo‘l bor. Sarmoyangizni ishlatishni o‘zingiz amalga oshirish yoki moliyaviy vositachi orqali. Birinchisida dehqonni o‘zingiz qidirib topishingiz kerak va u bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri salam shartnomasini imzolashingiz kerak. Moliyaviy vositachi — bu mikromoliya tashkiloti. Hozir islomiy bank darchalari ochilishi mo‘ljallanyapti, moliyaviy vositachi orqali pulingizni riskni diversifikatsiya qilish orqali bir nechta fermerlarga kiritishingiz mumkin bo‘ladi. Bu – institutsionallashtirilgan islomiy moliya.
Moliyaviy vositachi barcha ishlarni o‘zi qiladi, siz sarmoyangiz bilan moliyaviy vositachining eng yaqin ofisigacha borishingiz yetarli. Telefoningizda ilova ham bo‘ladi. Sarmoyador sifatida vositachi orqali ishlash osonroq va tezroq bo‘ladi. Aks holda siz har bir fermerni o‘rganib chiqishingiz kerak bo‘ladi: nima hosil qiladi, qayerda joylashgan — Qashqadaryodami, Namangandami, Xorazmdami? Xorazmda masalan guruch ekiladi, ammo u kartoshka ekmoqchi. O‘rganib chiqishingiz kerak bo‘ladi. Moliyaviy vositachida esa birinchidan keng informatsiya bor, ma’lumot bazasi bor, ikkinchidan, imkoniyati bor, chunki vositachining ishi shu.
Shokir Sharipov: Men shunday tushunyapmanki, bu soha yurib ketishi uchun, har bir sohadagi kabi, katta o‘yinchilar kirib kelishi kerak bozorga, shunda yurib ketadi soha. Hammasi narsa pulga borib taqaladi chunki. Risk diversifikatsiyasi ham bo‘ladi, shartnomalaringiz soni ko‘p bo‘lsa, risk holatidan qo‘rqmaysiz: bittasida kuysangiz, bittasida foyda ko‘rasiz. Savol: katta o‘yinchilar bormi O‘zbekistonga kirib kelishni istayotgan?
Iskandar Tursunov: Islom moliyasi bo‘yicha qonuniy-huquqiy asoslarning yaratilishi xalqaro moliya institutlari, moliyaviy tashkilotlar, banklar yoki investorlar kirib kelishiga asosiy huquqiy asos bo‘ladi. Shu asos hozir aynan ishlab chiqilmoqda. Birinchi huquqiy asos bu Markaziy bank tomonidan mikromoliya tashkilotlariga ruxsat berilgan nizomdir. Endi bu nizom ishlab ketishi uchun ba’zi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilishi kerak bo‘lgan jihatlar mavjud.
Shokir Sharipov: Savolimga javob bermadingizlar – O‘zbekiston bozoriga kirmoqchi bo‘lganlar bormi? Ular kimlar?
Hayotjon Azimov: Islom moliyasi resurslari haqida gapirganimizda, asosan, ikkita region haqida gapiriladi: Janubi-Sharqiy Osiyo va Arab mintaqasi.
Shokir Sharipov: Turkiya-chi?
Hayotjon Azimov: Turkiyada islom moliyasi resurslari dollar hajmi jihatidan katta emas, ya’ni ularda umumiy moliyaviy bozorning juda kichik qismi bor. Moliyachilar tilida "likvidiylik kam”. Pulning deyarlik hammasi mana shu ikki regionda izolyatsiyada qolib ketgan, to‘rt trillion dollar pul aynan shu ikkita regionda to‘plangan.
O‘zbekiston uchun qaysidir kompaniya kirishi shart emas. Agar bizga yetarli asos va huquqiy baza yaratilsa, islom moliyasi uchun instrumentlar yaratsak, pul keladi. Bu, masalan, pochta xizmati emas, DHL yoki UPS kelib o‘z ofisini ochishi kabi emas. Instrumentlar ko‘rinishida, qarz shaklidagi yoki boshqa shaklidagi instrumentlar orqali pul keladi va bu mablag‘lar moliya sohamizga, mikromoliya tashkilotlariga va banklarga keladi.
Iskandar Tursunov: O‘zbekiston aholisi o‘ttiz sakkizdan qirq millionga qarab yaqinlashayotgan, aholisining to‘qson foizdan ziyodi musulmon diniga e’tiqod qilgan katta bir davlat. O‘zbekiston islom moliyasi resurslari va moliyaviy institutlari uchun juda qiziqarli bozor hisoblanadi.
Lekin bu uchun yaxshi ekotizim va huquqiy asoslar yaratilishi kerak. Islomiy moliya resurslari qaysidir bank orqali kelmoqchi deylik, agar u bankda islomiy moliya darchasi mavjud bo‘lmasa yoki islomiy mikromoliya tashkiloti bo‘lmasa, qanday qilib kiradi?
Shokir Sharipov suhbatlashdi.
Mavzuga oid

08:05 / 22.04.2025
Birinchi chorakda qariyb 9 milliard dollarlik investitsiya o‘zlashtirildi

16:04 / 16.04.2025
Samarasiz issiqxonalar Andijonga ko‘chirilib, aholiga beriladi

22:13 / 11.04.2025
Tramp tariflari investorlarning AQSh obligatsiya bozorlaridan qochishiga olib keldi

15:34 / 10.04.2025