Jahon | 20:43 / 17.04.2025
8311
11 daqiqa o‘qiladi

Toliblar endi Rossiyada terrorchi tashkilot deb hisoblanmaydi. Voqealar rivoji

Rossiya Oliy sudi «Tolibon»ning mamlakatdagi faoliyatiga qo‘yilgan taqiqni to‘xtatdi. Harakat Rossiyada 2003 yildan beri terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatida edi.

Foto: Oliver Weiken / dpa / Global Look Press

Rossiya Oliy sudi Bosh prokuraturaning «Tolibon» faoliyatiga qo‘yilgan taqiqni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi da’vosini qanoatlantirdi va harakatni terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatidan chiqarishga qaror qildi, deb xabar bermoqda RBK sud zalidan.

Sudya Oleg Nefedov taqiqni to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror darhol kuchga kirishini bildirgan.

Sud majlisi yopiq tarzda o‘tkazilgani va matbuotga faqat qarorni e’lon qilish uchun ruxsat berilgani sababli da’vo arizasining tafsilotlari noma’lum.

Rossiya hukumati so‘nggi yillarda «Tolibon» bilan faol aloqalarni davom ettirgan va Rossiya hududida harakat faoliyati taqiqlanganiga qaramay, ularning delegatsiyalarini Moskvada qabul qilgandi.

Kuchishlatarlar, diplomatlar va deputatlar: kimlar «Tolibon»ga vakillik qildi?

«Tolibon» «Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida»gi federal qonunga kiritilgan o‘tgan yilgi tuzatishlardan so‘ng terrorchilar ro‘yxatidan chiqarilgan birinchi tashkilot bo‘ldi. O‘sha paytda qabul qilingan tuzatishlarga ko‘ra, agar tashkilot terrorizmni targ‘ib qilish, oqlash va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan faoliyatini yoki ushbu jinoyatlarni sodir etishni to‘xtatgan bo‘lsa, uning faoliyatiga qo‘yilgan taqiq sud qarori bilan to‘xtatilishi mumkin bo‘lardi. Tushuntirish xatida tashabbus mualliflari bunday mexanizmning yaratilishi huquqiy bo‘shliqni bartaraf etishga qaratilganini ta’kidlagan.

«Tolibon»dan terrorchi tashkilot maqomini olishga imkon beruvchi qonun loyihasini tayyorlash ishlari 2024 yil bahorida boshlangandi. Ammo davlat ommaviy axborot vositalarining ayrimlari qonun talab qilganiga zid ravishda, guruh haqida gap ketganda «Rossiya hududida terrorchi deb tan olingan va taqiqlangan» shaklidagi majburiy eslatma berishni undan oldinroq bas qilgandi.

2024 yil may oyida Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha vakili Zamir Kabulov Rossiya Tashqi ishlar vazirligi va Adliya vazirligi Vladimir Putinga «Tolibon»ni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarishni taklif qilganini ma’lum qilgandi. Busiz Moskva toliblarni Afg‘onistondagi qonuniy hokimiyat sifatida tan ololmaydi, degandi Kabulov.

Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov buni izohlarkan, taklif «obektiv haqiqatni aks ettirishi»ni aytdi. «„Tolibon“ Afg‘onistondagi haqiqiy hokimiyatdir va Rossiya Federatsiyasi bunga befarq emas», – degandi u.

4 oktyabr kuni Kabulov «Tolibon»ni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish to‘g‘risidagi qaror allaqachon oliy darajada qabul qilingani, ammo «qonuniy protseduralarga rioya qilish talab etilishi»ni aytdi.

Shu kuni Rossiya FXX direktori Aleksandr Bortnikov xizmat «Tolibon»ni terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatidan chiqarish bo‘yicha ishlarni yakunlayotganini aytdi.

U Afg‘onistonda hokimiyat tepasida turgan toliblarning harakatlari «mamlakatda tartib o‘rnatish va barqarorlikni saqlashga qaratilgani»ni ta’kidladi. Bundan tashqari, Bortnikovning so‘zlariga ko‘ra, toliblar IShIDning Afg‘onistondagi qanoti – «Xuroson viloyati»ga qarshi kurashishga tayyorligini namoyish etmoqda.

Lekin quruq so‘zlarning o‘zi yetarli emasdi. 26 noyabr kuni Davlat dumasiga Rossiyada terrorchi deb tan olingan tashkilotlar faoliyatiga qo‘yilgan taqiqni vaqtincha bekor qilish imkonini beruvchi qonun loyihasi kelib tushdi. Hujjatga tushuntirish xatida Rossiya qonunchiligida «terrorchilik tashkiloti faoliyatini taqiqlashni to‘xtatib turish imkonini beruvchi mexanizm ko‘zda tutilmagani» keltirilgandi.

Hujjat 10 dekabr kuni birinchi o‘qishda, 17 dekabr kuni ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilindi. 28 dekabr kuni esa uni prezident Putin imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, taqiqni to‘xtatib turish uchun bosh prokuror (yoki uning o‘rinbosari) da’vosi, keyin esa sud qarori kerak.

Rossiyaning toliblar bilan munosabatlari qanday o‘zgardi?

1996-2001 yillarda Afg‘onistonda hukmronlik qilgan «Tolibon» harakati Rossiyada terrorchi deb topilgan va 2003 yilda uning faoliyati taqiqlangandi. Undan bir necha yil oldin toliblar chechen ayirmachilarini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlagan va hatto Rossiyaga muqaddas urush – jihod e’lon qilgandi.

20 yil davomida Rossiyaning turli hududlarida toliblar bilan aloqadorlikda gumon qilingan shaxslarga nisbatan jinoiy ishlar qo‘zg‘atib kelingan. Bundan tashqari, Rossiyada «Tolibon» oshkora qo‘llab-quvvatlanishi terrorizmni oqlaganlik deb baholanishi mumkin. Masalan, jurnalist Nadejda Kevorkova aynan shu modda bo‘yicha tergov qilingan, u oxir-oqibat ijtimoiy tarmoqlarda toliblar haqidagi posti uchun aybdor deb topilgandi.

Rossiya rasmiylarining toliblarga munosabati ular Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikaning katta qismini o‘z nazoratiga olgan IShIDga qarshi urush e’lon qilganidan keyin o‘zgara boshladi.

2015 yilda Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov Rossiya va «Tolibon» harakati IShIDga qarshi kurashda umumiy manfaatlari borligini aytgandi.

So‘nggi bir necha yil ichida Rossiya hukumati «Tolibon» bilan faol aloqalarni davom ettirdi va Rossiya hududida harakat faoliyati taqiqlanganiga qaramay, ularning delegatsiyalarini Moskvada qabul qildi.

2018 yilda toliblar ilk bor muzokaralar o‘tkazish uchun delegatsiya bilan Moskvaga bordi. Uchrashuv yopiq formatda, Rossiya tomonidan tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ishtirokida o‘tdi. U bunday aloqalarni guruhni «qurolli kurashdan voz kechib, hukumat bilan umummilliy muloqotga kirishish»ga ishontirishga urinish sifatida tushuntirdi.

2019 yil fevral oyida toliblar «Afg‘onlararo muloqot» forumida ishtirok etish uchun Rossiyaga kelgan, o‘sha yil mayida esa Lavrov Rossiya va Afg‘oniston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 100 yilligi munosabati bilan Moskvada toliblarni shaxsan qabul qilgandi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidlar bo‘roniga javoban Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bunda obro‘-e’tiborga oid xavflarni ko‘rmayotganini aytdi.

2021 yilda Afg‘onistondan Amerika kontingenti olib chiqilishidan sal avval Lavrov «Tolibon» harakati yetakchilarini «aqli raso» odamlar deb atadi va mamlakatda toliblar hokimiyatga kelishi bilan rasmiy Moskvaning ritorikasi yanada yumshadi.

Jumladan, Kabulov toliblarni Afg‘onistonning qochib ketgan prezidenti Ashraf G‘anining «qo‘g‘irchoq hukumati»ga nisbatan ancha kelishuvchan deb atadi, Rossiya elchisi Dmitriy Jirnov esa Rossiya diplomatik vakolatxonasini qo‘riqlay boshlagan toliblar unda juda yaxshi taassurot qoldirgani va ularni «adekvat erkaklar» deb ataganini aytdi.

2021 yil oktyabr oyida Vladimir Putin Rossiya «Tolibon»ni terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish bo‘yicha qaror qabul qilishga yaqinligi, ammo buni birinchi navbatda BMT Xavfsizlik Kengashi qilishi kerakligini aytgandi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi «Tolibon»ni terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish masalasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qilgandi.

O‘shandan beri «Tolibon» vakillari Rossiyaga yana bir necha bor kelgan.

2024 yilda ular «Rossiya – Islom dunyosi: KazanForum» forumiga tashrif buyurishdi, shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin G‘arb ishtirokchilari e’tiborsiz qoldira boshlagan Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida (PMEF) ikki marta ishtirok etishdi.

Toliblar davridagi Afg‘oniston

Burqa kiygan afg‘on ayoli. Foto: AFP via Getty Images

Toliblar hokimiyatga qaytganidan keyingi birinchi matbuot anjumanida harakat spikeri Zabihullo Mujohid rejim 1996-2001 yillardagidek bo‘lmasligini aytdi. U ayollar huquqlarini hurmat qilishga va matbuot erkinligini himoya qilishga va’da berdi. «Ayollarni kamsitish bo‘lmaydi, ular biz bilan yelkama-yelka ishlaydi», degandi «Tolibon» spikeri. Shu bilan birga, u muhim eslatma berdi – ayollar huquqlari «islom huquqi doirasida» hurmat qilinadi.

Ushbu nutqdan bir oy o‘tgach, 2021 yil sentabr oyida qizlarga maktabga qaytishga ruxsat berilmadi va Kobulda Xotin-qizlar vazirligi o‘rniga Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarni yo‘q qilish vazirligi paydo bo‘ldi.

2021 yil oxirigacha «Tolibon» yana bir qator qonunlarni qabul qildi: ayollar ishtirokidagi seriallarni namoyish etish taqiqlandi; ayollarga endi ko‘plab davlat lavozimlarida ishlash, o‘rta ta’lim olish va o‘z shaharlaridan tashqariga yolg‘iz chiqishga ruxsat berilmadi. YuNeSKO ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilga kelib Afg‘onistonda 1,4 million qiz toliblar tomonidan qabul qilingan qonunlar tufayli o‘rta va oliy ma’lumot olish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan.

2022 yil boshida afg‘on ayollari norozilik namoyishlariga chiqib, o‘z huquqlarini, birinchi navbatda, ta’lim olish va ishlash imkoniyatini qaytarishni talab qilishdi. Ammo mitinglar tarqatib yuborildi, ularning ishtirokchilari uyiga qurollangan odamlar bostirib kirdi.

2022 yil dekabrida afg‘on ayollari ta’lim olish huquqi buzilishiga qarshi norozilik bildirgan edi

2022 yil may oyida ayollarga yuz va tananing boshqa qismlari ochiq holda ko‘chaga chiqish taqiqlangandi. Tegishli hujjatda umuman olganda, agar ayolning ko‘chada shoshilinch ishi bo‘lmasa, uyda qolgani ma’qul ekani aytilgan.

2024 yilga kelib, taqiqlar tizimi yakuniy ko‘rinishga ega bo‘ldi. Ayollarga nafaqat yuzi va tanasini ko‘rsatish, balki jamoat joylarida gapirish ham taqiqlanadi. Erkaklarga soqol qo‘yish va an’anaviy kiyimda yurish buyurilgan. Tirik mavjudotlarning rasmlarini tarqatish yoki hatto uyda saqlash, magnitofon va radiopriyomniklarni ishlatish, bo‘yinbog‘ taqish va g‘arb musiqasini tinglash ham taqiqlanadi. Barcha talablar bajarilishini axloq politsiyasi nazorat qiladi.

Mavzuga oid