Sport | 03:04 / 17.04.2025
31282
9 daqiqa o‘qiladi

Remontada bo‘lmadi. «Arsenal» «Real»ni tojdan mahrum etdi

Ideal futbol London klubiga YeChL yarimfinali sari yo‘lni ochdi.

Foto: Getty Images

Chempionlar ligasi, chorakfinal. Javob o‘yini
«Real» – «Arsenal» 1:2

Gollar: Vinisius (67) – Saka (65), Martinelli (90+3)
Aniq ijro etilmagan penalti: Saka (13)
«Real»: Kurtua, Vaskes (Endrik, 61), Asensio (Modrich, 73), Ryudiger, Alaba (Garsiya, 61), Valverde, Chuameni, Rodrigo (Sebalyos, 61), Bellinghem, Vinisius, Mbappe (Dias, 75)
«Arsenal»: Rayya, Timber (Uayt, 90+4), Saliba, Kivyor, Lyuis-Skelli, Edegor, Parti, Rays (Zinchenko, 90+4), Saka (Trossar, 77), Merino, Martinelli (Tirni, 90+4)
Ogohlantirishlar: Alaba (4), Asensio (11), Ryudiger (85) — Raya (36), Parti (85)
Birinchi o‘yin: 3:0

«Qirollik klubi»ning uzoq tarixida shonli sahifalar ko‘p. Jumladan, «Real» Karlo Anchelotti boshqaruvida bo‘lgan so‘nggi yillarda ham bu jamoa Chempionlar ligasida «imkonsiz vaziyat» iborasini lug‘atidan o‘chirib tashlagandi. Ammo qaymoqranglilar asosiy yevrokubok pley-offida birinchi uchrashuvdagi yirik mag‘lubiyatdan keyin javob uchrashuvida vaziyatni o‘nglab, keyingi bosqichga o‘tishi — turnir nomi hali Chempionlar kubogi deb atalgan 1975 yilda kuzatilgandi, o‘shanda «Derbi Kaunti» maydonidagi 1:4 hisobidagi mag‘lubiyatga madridliklar qo‘shimcha bo‘limlardagi gol evaziga 5:1 hisobidagi g‘alaba bilan javob qaytargandi.

Bu qanchalik olisda bo‘lganini aniqroq tushunish uchun bir necha fakt keltirish yetarli. Madrid uchun sehrli bo‘lgan o‘sha oqshomda «galaktikos»ning bo‘lajak murabbiyi va YeChLning ikki karra triumfatori Visente del Boske maydonda o‘ynagan, Santyago Bernabeu esa hali prezidentlik lavozimida edi.

To‘g‘ri, «Real» yirik hisobda yutqazishining o‘zi ko‘p kuzatiladigan hodisa emas. Chorshanba oqshomiga  qadar yevrokuboklar pley-off bosqichlarida bunday holatlar jami to‘rt marta kuzatilgan. Shundan uchtasi esa fiasko bilan yakunlangan. 1964/65 yillar mavsumida «Benfika»ga qarshi safarda 1:5 hisobida mag‘lub bo‘lgan jamoa Madridda 2:1 hisobi bilan kifoyalangan. 1986/87 yillar mavsumida — «Bavariya»ga birinchi o‘yinni 1:4 hisobida boy bergach, javob o‘yinida birgina gol urilgan (1:0). 12 yil muqaddam — Dortmundning «Borussiya» klubi bilan qarama-qarshilikda ham vaziyatni o‘nglashning imkoni bo‘lmagan (1:4, 2:0). Nima bo‘lganda ham mo‘jizalar ko‘p bo‘lmaydi, hatto gap «quloqli kubok»ning o‘n besh karra g‘olibi haqida ketsa ham.

Ammo «Real» bo‘lmasa, yana kimdan mo‘jiza kutish mumkin? Qolaversa, bir kun oldin kamtarona «Borussiya» va «Aston Villa» ko‘rsatgan o‘yinlar ham ushbu jamoaga ilhom bag‘ishlashi kerak edi. Va o‘z sevimli klubini «Orzular fabrikasi» deb ataydigan muxlislar orzularini yana bir bor ro‘yobga chiqarishni so‘rab turishardi. Ammo, birinchi bo‘limda maydonda ro‘y bergan voqealarga qaralsa, fanatlarning ulkan banneri faqat Kurtuani ilhomlantirgan. Rays to‘pni burchak zarbasidan aylantirib darvozaga yo‘naltirganida darvozabon bunga tayyor ekani ma’lum bo‘ldi. Lekin o‘yinga VAR aralashdi va jarima maydoni ichida Raul Asensio Merinoni tortib yiqitgani ma’lum bo‘ldi.

O‘yin startidagi penalti — qarama-qarshilik taqdirini hal qilgan bo‘lardi. Ammo Saka panenka zarbasi berishda xato qildi. To‘p markazga emas, Kurtua harakatlangan tomonga yo‘naldi. Belgiyalik darvozabonga bu zarba qiyinchilik tug‘dirmadi va u Iker Kasilyasga tegishli bo‘lgan klub rekordini takrorladi, ularning ikkisi ham YeChL o‘yinida uch martadan penalti qaytargan. Voqealarning bunday rivoji jamoani ruhlantirib yuborishi kerak edi.

Keyingi daqiqalarda «Real» chindan ham «Arsenal»ni jarima maydoniga qamab qo‘ydi. Vinisius Junior va Mbappe oldingi o‘yindagiga qaraganda jonliroq va golga tashna ekani ko‘rinib turardi. Hissiyotlar qaynadi, har bir standart vaziyatdan keyin kimdir gazonga yiqilardi. Oxir-oqibat bosh hakam Leteksening sabri tugadi va endi «kanonirlar» darvozasiga 11 metrlik jarima zarbasi belgiladi. U Rays jarima maydoni ichida Mbappeni yiqitgan deb topdi. Bu vaziyatga ham VAR aralashdi va uzoq tekshiruvdan keyin Kilianda ofsayd holati qayd etildi va hakam qarorini bekor qildi.

 

Yetti daqiqa cho‘zilgan tekshiruv «Arsenal» foydasiga xizmat qildi va mehmonlar o‘yin tempini tushirishdi. O‘tgan haftada Londondagi birinchi o‘yinni namunali tarzda o‘tkazgan Mikel Arteta shogirdlari bo‘lim davomida «Real»ning yulduzli hujum chizig‘iga birorta zarbasi darvoza sohasiga to‘g‘ri borishiga yo‘l qo‘ymadi (0,11 xG).

Tanaffusda Anchelotti ham, Arteta ham o‘yinchi almashtirmadi, «Arsenal» o‘yinni nazorat qilishda davom etdi. «Kanonirlar» o‘rta blokda yaxshi himoyalandi, to‘pga egalik qilish hisobiga «vaqt o‘ldirdi». «Real» futbolchilari tezligi inglizlar uchun muammo tug‘dirmadi. Vinisius va Mbappe ikkiga ikki ko‘rinishida qarshi hujumga qochib ketishga imkon topgan bo‘lsa-da, ularning o‘zi yaqqol golli vaziyatni barbod qilishdi. Braziliyalik vinger «qaymoqranglilar»ning darvoza sohasi tomon borgan ilk zarbasiga mualliflik qildi, ammo bu Rayyaga ortiqcha qiyinchilik tug‘dirmadi. Maydondagi futbolchilar biror narsani o‘zgartira olishiga ko‘zi yetmagan Anchelotti o‘yinning bir soati ortda qolganida uchtalik almashtirish qilib, Endrikni hujumga tashladi.

Ikkinchi bo‘lim o‘rtalariga kelib, «Real»ga futbolchilar darajasi yetarli emasligi, faqat mo‘jiza talab etilishi ravshan bo‘ldi. «Arsenal» darvozabondan boshlangan pozitsion hujumda hisobni ochdi. Saka kombinatsiyani Edegor va Merino ishtirokida rivojlantirib, o‘zi ispaniyalikning himoyachilar orasidan o‘tkazgan pasiga ochildi. Bu vaziyatda Bukayo ofsayd tuzog‘iga tushmadi, almashtirishlardan keyin markazdan o‘ng qanot himoyachisi pozitsiyasiga o‘tgan Valverde orqaroqda qolib ketgandi. Bu safar Saka to‘pga ideal zarba berdi va uni baribir darvozabon ustidan oshirib tashladi.

Shu bilan birga, «Real» darhol hisobni tenglashtirdi – mehmonlar urilgan golni nishonlashni yakunlab ulgurmagandi. Shunga qadar bexato harakat qilib kelgan markaziy himoyachi Saliba diqqatini yo‘qotdi va ortidan kelgan Vinisiusni ko‘rmay qoldi va to‘pni oldirdi. Braziliyalik futbolchi bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi, bu madridliklarning ushbu jamoa bilan qarama-qarshiliklar tarixidagi ilk goli bo‘ldi.

Lekin bu o‘yin mantig‘idan kelib chiqmagan tasodifiy gol edi va «Real» qurbondan yirtqichga aylana olmadi. Qolaversa, Mbappe Raysdan to‘pni olib qo‘yishga uringanida jarohat olib, maydonni tark etdi va mezbonlarning hujumdagi imkoniyatlari pasaydi. Anchelotti final hushtagi chalinishidan ancha oldinroq bu safar remontada bo‘lmasligi faktini tan olib bo‘lgandi. Madridliklar yakunda darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar bo‘yicha ham (3:6), xG bo‘yicha ham (1,97 ga qarshi 1,54) ortda qoldi. Qo‘shimcha daqiqalarda oldinga tashlangan «Real» yana bir gol o‘tkazib yubordi – Martinelli maydonning yarmini to‘p bilan bosib o‘tdi va «kanonirlar»ga g‘alaba keltirdi.

Inter - Bavariya 2:2
Gollar: Martines 58, Pavar 61 - Keyn 52, Dayyer 76
Inter: Zommer - Bastoni (Bisek 88), Acherbi, Pavar - Dimarko (Karlos Augusto 73), Mxitaryan, Chalxanoglu, Barella (Frattezi 88), Darmian - Tyuram, Martines (Taremi 81)
Bavariya: Urbig - Stanishich, Kim (Gerreyro 65), Dayyer, Laymer (Koman 83), Goretska (Pavlovich 83), Kimmix - Sane (Gnabri 65), Myuller, Olise - Keyn
Ogohlantirishlar: Arnautovich 69 - Kim 28, Dayyer 45+1

Mavzuga oid