Sport | 11:26
11838
7 daqiqa o‘qiladi

«Real» – «Borussiya» o‘yinida drama: qo‘shimcha daqiqalarda uchta gol urildi

Mbappe qaychi uslubida urgan golini Jotaga bag‘ishladi, Kurtua so‘nggi soniyada qahramonlik ko‘rsatdi.

Foto: Sandra Montanez/Getty Images

KJCh. Chorakfinal
«Real» — «Borussiya» D 3:2
5 iyul. Nyu York. «Metlayf stedium»
Gollar:
Gonsalo Garsiya (10), Fran Garsiya (20), Mbappe (90+4) — Bayyer (90+3), Girassi (90+8, penalti).
«Real» — Kurtua, Trent (Sebalos, 67), Ryudiger, Chuameni (Asensio, 84), Hausen, Fran Garsiya, Valverde, Guler, Bellinghem (Mbappe, 67), Vinisius (Modrich, 67), Gonsalo Garsiya (Rodrigo, 86).
«Borussiya» D — Kobel, Zyule (Koutu, 46), Anton, Bensebayni, Ryuerson, Gross (Nmecha, 46), Zabitser, Brandt (Duranvil 63, Chukvuemeka 82), Svensson, Adeyyemi (Bayyer, 46), Girassi.
Ogohlantirishlar: Gross (37), Koutu (63), Mbappe (90+7).
Chetlatish: Hausen (90+6).

«Real» chorakfinalning yakuniy o‘yinida Dortmundning «Borussiya» klubini mag‘lub etdi va yarimfinalda «PSJ»ga qarshi o‘ynaydigan bo‘ldi. 9 iyul kuni Mbappe o‘zi mojaroli tarzda tark etgan sobiq klubidagi sobiq jamoadoshlariga qarshi maydonga chiqadi.

O‘yindagi ilk golli vaziyatni «Borussiya» yuzaga keltirdi. Chap qanotdan kross uzatmaga Brandt yetib bordi, uning o‘rnida shu kuni Job Bellinghem o‘ynashi mumkin edi, ammo u 1/8 final o‘yinida ikkinchi sariq kartochkasini olib, diskvalifikatsiyaga uchragan va «Real»dagi akasiga qarshi o‘yinga chiqa olmaydigan bo‘lgandi. Dortmundliklar sardori esa o‘z imkoniyatidan foydalana olmadi – uning zarbasidan keyin to‘p darvoza sohasiga to‘g‘ri bormadi. Keyin esa «Real» darajadagi ustunlikdan foydalandi.

Avvaliga Xabi Alonso 3-5-2 sxemasida o‘ynayotgandek tasavvur uyg‘otgandi. Ammo keyin barchasi oydinlashdi – «Borussiya»ning 3-5-2 (hatto 5-3-2 deyish mumkin) sxemasiga qarshi son jihatdan ustunlikka erishish uchun Tchuameni oldinroqqa chiqib harakatlandi. Shu bilan birga, hisob 0:0 ekanida hujumlarni boshlash uchun goh Jud orqaroqqa tushib harakatlandi, goh Guler himoyachilar va fransuz tayanch yarimhimoyachisidan ham orqaroqda joylashdi. Madridliklar asosan Fran Garsiyaning chap qanotidan hujum uyushtirishdi. U yaratib bergan ilk vaziyatdan Gonsalo foydalana olmadi. 10-daqiqada esa «Real» chap qanotdan yana bir hujum uyushtirdi va qo‘riqchisiz qoldirilgan Gulerning uzatmasidan keyin ushbu markaziy forvard klublar mundialidagi to‘rtinchi golni urdi. Ushbu turnirgacha ikkinchi jamoada o‘ynagan va Mbappening salomatligidagi muammo tufayli asosiy jamoaga jalb etilgan 21 yoshli futbolchi turnir kashfiyoti maqomini allaqachon o‘ziniki qildi.

Gonsaloning aniq zarbasi – «Real»da darvoza sohasiga borgan ilk zarba edi. Yosh to‘purar «qaymoqranglilar»ning 10 daqiqa o‘tib urgan ikkinchi golida ham ishtirok etdi. U o‘ng qanotda jarima maydoni chizig‘i oldida ochilgan Trentni to‘p bilan ta’minladi, angliyalik himoyachi esa markazga yetib kelgan Fran Garsiyaga golli pas berdi.

Birinchi bo‘lim oxirigacha «Real» o‘yinni nazorat qildi – to‘pga egalik qilganida ham, to‘psiz o‘ynaganida ham. Dortmund bo‘lim davomida Kurtua darvozasi tomon atigi uch bor zarba yo‘lladi. Madridliklar esa tanaffusga yirik hisobdagi g‘alaba bilan yo‘l olishi ham mumkin edi. Masalan, Bellinghem raqib mudofaasidagi xatodan keyin sobiq jamoasini kechirdi, uning yerlatib yaqin burchak tomon yo‘llagan zarbasi ustun yonidan o‘tib ketdi.

Kovach tanaffusda uch futbolchini almashtirdi. Jamoalar ochiq futbol namoyish etishga o‘tdi, shunga qaramay, «Real» o‘z qarshi hujumlarini muvaffaqiyatli yakunlay olmadi, dortmundliklar esa jarima maydoni ichidagi to‘purari Girassiga to‘p uzatib berishning uddasidan chiqa olmadi. Qolaversa, o‘yinning bir soati ortda qolganida nemislar jamoasi bir kishi kam bo‘lib qolishi mumkin edi. Kouto Fran Garsiyaga nisbatan xavfli o‘ynadi. Oyog‘i bilan raqibning boshiga zarba bergan futbolchi chetlatilganida hech kim e’tiroz qilmagan bo‘lardi, ammo hakam sariq kartochka bilan cheklandi.

«Real» safida esa ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida Mbappe maydonga tushdi. Jamoa safidagi so‘nggi turnirini o‘tkazayotgan Modrichga ham o‘zini ko‘rsatish imkoni berildi. Shu bilan birga, Gonsalo maydonda qolib, Bellinghem va Vinisius Junior zaxiraga olindi. Braziliyalik futbolchining maydondaligi sezilmayotgandi, odatda bu futbolchi dribling evaziga vaziyatlar yaratardi, bu oqshom esa birorta muvaffaqiyatli aldab o‘tishni amalga oshirolmadi. Mbappe darhol faollashib, Guler uchun vaziyat yaratib berdi. O‘yin yakuniga 10 daqiqa qolganida Habi Alonso yana bir markaziy himoyachini maydonga tashladi – turnir guruh bosqichida qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ygan Asensioga yana imkon berildi. U o‘ng qanotdan joy oldi.

«Real» qolgan daqiqalarni «quritish» bilan shug‘ullandi. «Borussiya» hujumda hech narsa o‘ylab topolmadi. Ammo qo‘shimcha daqiqalarda aql bovar qilmas voqealar bo‘lib ketdi. Kovach jamoasi tasodifiy gol evaziga intrigani qaytardi. Ryudiger to‘pni uzoqlashtirishda xatoga yo‘l qo‘ydi – va Bayyer undan kelgan to‘pni yerlatib, darvoza to‘riga yo‘lladi.

Ammo «Real» darhol golga gol bilan javob qaytardi: Mbappe Gulerning navbatdagi golli pasidan keyin «qaychi» uslubidagi zarbasi bilan to‘pni darvoza to‘riga joyladi va golini Diyego Jotaga bag‘ishladi.

Keyingi epizodda esa «Borussiya» penalti ishladi. Hausen jarima maydoni ichida Girassini ushlab qoldi – va qizil kartochka olib, yarimfinalda qatnasha olmaydigan bo‘ldi.

Seru 11 metrdan aniq zarba berdi va so‘nggi daqiqalar hayajonli o‘tishini ta’minladi. Qo‘shib berilgan daqiqalarga qo‘shib berilgan daqiqalarda «Borussiya» mag‘lubiyatdan qutulib qolishi mumkin edi, ammo so‘nggi soniyalarda Zabitserning burchakka yo‘naltirilgan zarbasini Kurtua to‘xtatib qoldi va overtaymlarni bekor qildi.

Endi yarimfinalda «PSJ» va «Real» o‘rtasida finaldan oldingi final uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid