O‘zbekiston | 16:07 / 18.04.2025
16588
9 daqiqa o‘qiladi

1 iyuldan birorta tovar eksportiga cheklov bo‘lmasligi e’lon qilindi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektorda standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimidagi eskirgan talablar va byurokratiya tadbirkorlarning «qo‘lini bog‘layotgani», sohada korrupsiyani keltirib chiqarayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

25 mingdan ortiq standart, 41 ta texnik reglament xalqaro bozor talablariga mos kelmaydi. Hozirda 13 mingga yaqin turdagi tovarning 6,5 mingi majburiy sertifikatlanadi, bu esa tannarxni oshiradi.

«Vazirlar, hokimlar qachon tadbirkorlarni eshitib, qaysi standartni yangilash, qaysi birini bekor qilish, nima mahsulotni majburiy sertifikatsiya ro‘yxatidan chiqarishni o‘ylab ko‘rdi? Afsuski, bunga ijobiy javob yo‘q», - deya qat’iy e’tiroz bildirdi prezident.

Xususan, investorlar mamlakatdagi ko‘p laboratoriyalar talabga javob bermasligi, rivojlangan davlatlar standartlari esa tan olinmayotganini aytmoqda.

Hozirgi tizimda sertifikatlash organlari bir paytning o‘zida bozor nazoratini ham olib borayotgani, bu esa manfaatlar to‘qnashuviga olib kelayotgani qayd etildi.

Prezident sertifikatlashtirish tizimidagi ayrim muammolarni sanab, ularning yechimlarini aytdi.

Sut va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘z mahsulotiga Sanepidqo‘m xulosasini olish tizimidan norozi ekani ta’kidlandi.

Masalan, yiliga 100 million dollarlik bolalar ozuqasi import bo‘lmoqda. Lekin zamonaviy uskuna keltirib, zavod qurgan tadbirkor Sanepidqo‘m xulosasi yo‘qligi uchun ishlab chiqarishni boshlay olmayapti. Xulosa berish uchun esa standart yo‘q.

Qo‘mita rahbariyati «bu mahsulotga bizda standart yo‘q», deb kutib o‘tirmasdan, o‘zi tashabbus qilib, tadbirkor bilan birga standart ishlab chiqmayotgani tanqid qilindi.

Ayrim tuman sanepidxizmatlari haligacha tadbirkordan bitta mahsulotning har xil qadoqlangan partiyasini alohida sinovdan o‘tkazishni talab qilmoqda. Bu qo‘shimcha vaqt, qo‘shimcha xarajat talab qiladi.

Bir vaqtda tayyorlangan mahsulotning har xil hajmda qadoqlanishi sifatga naqadar aloqador ekani savol uyg‘otadi.

Shuningdek, mineral suv ishlab chiqaruvchilar 45 ta ko‘rsatkich bo‘yicha xulosa olishi kerak. Tadbirkorlar shuning 43 tasi uchun Sanepidqo‘m tizimidagi laboratoriyalarga, qolgan 2 tasi bo‘yicha boshqa laboratoriyaga bormoqda.

Qo‘mitaga hamma tekshiruvni bitta joyda tashkil qilish topshirildi. 

Meva-sabzavot va dukkakli ekinlar sifatini tekshirish uchun ham 3 ta tashkilotning laboratoriyasiga borish kerak. Eng yomoni, bu laboratoriyalarning xulosasi rivojlangan davlatlarda tan olinmaydi.

Shu bois, eksportchilar qimmat bozorga chiqishdan oldin sertifikat olish uchun xorijga namuna jo‘natyapti.

Mutasaddilarga shu paytgacha birorta xalqaro tan olingan laboratoriyani olib kelmagani, eskirgan ustma-ust sertifikatlash amaliyoti haligacha davom etayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Salqin ichimlik ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar chetdan keladigan vitrinali sovutkichlarni sertifikatsiyalash jarayoni 3 oygacha cho‘zilayotganini aytmoqda.

Kurerlik xizmati korxonalari moped olib kelib, odamlarni ishli qilayotgani, lekin mopedning o‘zi 300 dollar tursa, uni standartdan o‘tkazib, sertifikat olishga yana shuncha mablag‘ ketayotgani ko‘rsatib o‘tildi. 

Xususiy klinikalar «O‘zbekistonga ilk bor olib kelinayotgan ayrim tibbiy uskunalarni Farmqo‘mitada ro‘yxatdan o‘tkazish xarajati ularning narxidan 10 karra qimmat», demoqda. Shuningdek, qo‘mitada oddiy termometrni ham, MRT uskunasini ham ro‘yxatdan o‘tkazishga 4-5 oy vaqt ketmoqda.

Davlat rahbari bunday to‘lov va tartibotlar mutasaddilar tomonidan naqadar chuqur o‘ylanganini savol ostiga qo‘ydi.

«Bu yondashuv to‘g‘rimi? Albatta yo‘q. Murakkabligi va xavflilik darajasiga qarab, tibbiy uskuna, tibbiy buyum va dori-darmon uchun alohida-alohida muddat belgilash kerak», - dedi prezident.

Prezident sertifikatlashtirish va standartlashtirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlarini belgilab berdi. 

Alohida farmon bilan Texnik tartibga solish agentligi, Sanepidqo‘m, Veterinariya qo‘mitasi, Karantin agentligi kabi idoralarning mahsulotga xulosa berish vakolatlari aniq belgilab beriladi.

Bunda takrorlanuvchi va ustma-ust tartiblar bosqichma-bosqich bekor qilinadi. Masalan:

- oziq-ovqat mahsuloti sifati va xavfsizligi nazorati bilan faqat Sanepidqo‘m shug‘ullanadi;

- oziq-ovqat uchun texnik reglamentlar va standartlar majburiyligi bekor qilinadi;

- qo‘mita asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha sanitariya qoidalari va normalarini xalqaro talablarga – Kodeks Alimentariusga muvofiqlashtiradi.

Boshqa tizimlar ham xuddi shu tartibda qayta ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, xavf darajasi yuqori bo‘lgan 7 ta tovar guruhidagi mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish amaliyoti bekor qilinadi. 

Sertifikat olish majburiy bo‘lgan tovarlar ro‘yxatini keskin qisqartirib, mahsulot muvofiqligini deklaratsiyalash amaliyoti joriy qilinadi.

Asbob-uskuna, xomashyo, maxsus texnika, transport importida mamlakatimizda tan olinadigan xorijiy yuqori sifat va nazorat tizimlari mezonlari ishlab chiqiladi, ular import qilinayotganda milliy sertifikat olish talab qilinmaydi.

«Bir so‘z bilan aytganda, biz mahsulotlarning bozorga kirishini yengillashtirib, uni realizatsiyasidagi nazoratni kuchaytiramiz. Bu xalqaro amaliyotda o‘zini oqlagan», – dedi prezident.

Mutasaddilarga «Bozor nazorati to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Umuman, sinov va sertifikatlashtirish bo‘yicha davlat laboratoriyalari xususiy sektorga investitsiya kiritish sharti bilan berilsa, sohada sifat va raqobat bo‘lishi, xizmat narxi tushishi ko‘rsatib o‘tildi.

Prezident biznes uchun teng sharoitlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

«Mahalliy korxonalarimizga yo‘l ochib, ishlab chiqarishni ko‘paytirish, qimmat bozorlarga yangi-yangi mahsulotlar bilan kirishiga sharoit yaratishimiz zarur», – dedi davlat rahbari.

Lekin ayrim tovarlar bozorlarimizga sun’iy pasaygan narxda kirib kelayotgani mahalliy ishlab chiqaruvchilarning o‘rnini zaiflashtirayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, o‘zimizda chiqayotgan tannarxi 220 dollarlik kichik muzlatkich bozorda o‘rtacha 250 dollardan sotilayotgani uchun 30 dollar QQS to‘lanadi.

Xuddi shunday muzlatkichning import narxi sun’iy pasaytirilib, 25 dollar ko‘rsatilgani uchun bor-yo‘g‘i 3 dollar QQS olinyapti. Ya’ni, ishlab chiqaruvchi importga nisbatan 10 karra ko‘p soliq to‘layapti.

Yangi farmon bilan endilikda chetdan olib kelinayotgan tovarlarni bojxona qiymatini aniqlash tartibi to‘liq xalqaro qoidalarga moslashtiriladi.

Salqin ichimliklar, maishiy texnika, farmatsevtika, alkogol va tamaki kabi mahsulotlarni markirovkalash tizimi joriy qilingan.

Lekin, barcha qonun-qoidalarga mos ishlayotgan tadbirkorlarning mahsulotlari bilan bir vaqtda markirovkasiz tovarlar ham bemalol sotilayotgan holatlar kuzatilmoqda. Hamma do‘konlar ham markirovka bilan ishlamagani uchun nazorat zanjiri uzilib qolmoqda.

Soliq va Bojxona qo‘mitalariga markirovkalashning ishlab chiqarish hajmiga salbiy ta’sirini kamaytirish choralarini ishlab chiqish, markirovkalash talabi bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirish topshirildi.

Qimmat bozorlarda talab yuqori bo‘lgan ayrim tovarlar eksportiga cheklov qo‘yilgani uchun ko‘plab imkoniyatlar qo‘ldan boy berilayotgani qayd etildi.

Endilikda, 1 iyuldan boshlab birorta tovar eksportiga cheklov bo‘lmasligi e’lon qilindi. Faqat 86 ta tovar guruhiga kirgan xomashyo va ijtimoiy ahamiyati yuqori mahsulotlarga nisbatan eksport bojlari joriy qilinadi.

Bu tadbirkorlarimiz uchun yangi imkoniyat ekani ta’kidlandi.

«Bir narsani aniq tushunish kerak. Agar tadbirkorlar qimmat bozorlarga ishlasa, ularda mahsulotni ko‘paytirish, sifatni yaxshilashga intilish, ishtiyoq ortadi, manfaat bo‘ladi», – dedi prezident.

Mavzuga oid