Anchelotti «Real»dan ketishi kutilmoqda. Uning o‘rniga da’vogarlar ma’lum
YeChLda «Arsenal»dan uchralgan mag‘lubiyatlardan keyin «Real»da jiddiy o‘zgarishlar bo‘ladi. Karlo otaning «Santyago Bernabeu»da sanoqli kunlari qolgan.

Foto Reuters, Global Look Press
«Real» 1/4 finalda «Arsenal»ga yutqazib (0:3 va 1:2), 2020 yildan buyon ilk bor YChL yarimfinalida o‘ynamaydigan bo‘ldi. Londonliklar ikki o‘yinda ham madridliklardan yaxshiroq o‘ynadi va haqli ravishda sovrin uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi, «Santyago Bernabeu»da esa bu qarama-qarshilikdan keyin jiddiy o‘zgarishlar boshlanishi mumkin. Jamoa bosh murabbiyi Karlo Anchelottining iste’fosi yaqin.
Karlo aprel oyidayoq ishdan olinishi mumkin
Murabbiy ishdan ketishi haqidagi gaplar «Real»ning «Arsenal»dan uchralgan birinchi mag‘lubiyatidan keyinoq urchigandi. Insayder Fabritsio Romano agar jamoa YeChLdan chiqib ketadigan bo‘lsa, Anchelottining iste’fosi ehtimoli jiddiy ortishini xabar qilgandi. Bir hafta o‘tib qaymoqranglilar chindan ham turnirni tark etishdi, Sky Spors nashridagi yangi insayd esa Romanoning xabarini tasdiqladi. Manba ma’lumotiga ko‘ra, italiyalik mutaxassis 26 aprel kuni Ispaniya kubogi finalidan keyinoq bo‘shatiladi — bu o‘yinda madridliklar sovrin uchun «Barselona» bilan to‘qnashadi.
Sky Spors nashri yozishicha, jamoada hali ham oltin dubl qayd etish imkoniyati saqlanib qolayotganiga qaramay, Anchelottini mavsumning qolgan qismida qoldirishni rejalashtirishmagan. Ispaniya chempionatida finishga qadar yetti tur qolganida «Real» «Barselona»dan to‘rt ochko kam to‘plagan holda ikkinchi o‘rinda bormoqda. Karloning o‘zi ham «Arsenal» bilan javob o‘yinidan keyin iste’fo haqidagi xabarlar yuzasidan izoh berib, bu istalgan vaqtda ro‘y berishi mumkinligini aytdi.
«Ehtimol, rahbariyat meni almashtirishga qaror qilar va bu joriy mavsumda yoki keyingi mavsumda, shartnomam tugaganida sodir bo‘lishi mumkin. Bu yerda ishni tugatganimda klubdan minnatdor bo‘laman. Bu ertaga, 10 kundan keyin, bir oy yoki bir yildan keyin sodir bo‘lishi mumkin», — dedi Karlo o‘yindan keyin.
Florentino Peres kiyim almashtirish xonasidagi muammolardan xabardor

Anchelottining «Real»dagi kelajagi mavhumlashishi nafaqat mavsumdagi natijalar, balki futbolchilarning unga munosabati bilan ham bog‘liq. Ispaniyadagi Relevo nashri ma’lumotiga ko‘ra, jamoa yetakchilarining ayrimlari Karloga ortiq ishonmayapti va u klubdagi vaziyatni o‘nglashi mumkin deb hisoblamayapti.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, «Real» prezidenti Florentino Peres ham futbolchilarning murabbiydan noroziligini biladi. U hatto Chempionlar ligasi tark etilganidan keyin ulardan ayrimlarining Anchelotti «Arsenal» bilan javob bahsiga tanlagan rejaga e’tirozlarini tinglagan.
«Real» bosh murabbiyligiga Habi Alonsodan boshqa nomzod ham bor

Anchelotti ketishi haqidagi mish-mishlar fonida uning vorisi haqidagi insaydlar paydo bo‘lmoqda. Mediada ehtimoli eng yuqori variant sifatida hozirda «Bayyer»ni boshqarayotgan Habi Alonsoning nomi ko‘p tilga olinmoqda. Ispaniyalik mutaxassis boshqaruvida leverkuzenliklar o‘tgan mavsumda sensatsiya ko‘tarib, Germaniyada dubl qayd etgan (chempionlik va kubok), shuningdek Yevropa ligasiga chiqqan, mavsum davomida barcha turnirlar doirasidagi faqat bir marta — yevrokubok finalida «Atalanta»ga yutqazgandi (0:3).
Shuningdek, Yurgen Klopp nomi ham madridliklar bilan bog‘lanmoqda: o‘tgan mavsum yakunida «Liverpul»ni tark etgan germaniyalik mutaxassis Red Bull konserninidan qo‘nim topgandi va hozirda unda futbol yo‘nalishida rahbar hisoblanadi. Ammo Klopp bu ishda zerikdi va endi murabbiylik faoliyatiga qaytish haqida o‘ylamoqda: UOL xabariga ko‘ra, unda yaxshi variantlar — Braziliya milliy jamoasi va «Real» boshqaruvi variantlari mavjud.
«Albatta, Habi Alonso va Yurgen Klopp kabi ko‘plab ismlar bor. Lekin umid qilamanki, prezident Anchelottini saqlab qolishga qaror qiladi. U qolishni xohlaydimi yoki yo‘qmi, bilmayman. Bu o‘rindiq har qanday murabbiy uchun juda murakkab: sizda g‘alaba qozonish majburiyati bor, ammo buni doimiy ravishda amalga oshirib bo‘lmaydi», — dedi «Real»ning sobiq prezidenti Ramon Kalderon Sky Spors uchun bergan intervyusida.
«Real»ning eng yaqin o‘yini 20 aprel kuni — la liganing 32-turi doirasida, turnir jadvalining to‘rtinchi pog‘onasida kelayotgan «Atletik» bilan bo‘lib o‘tadi. Anchelotti shogirdlari barcha turnirlar doirasidagi so‘nggi besh uchrashuvda faqat bir g‘alabaga erishgan.
Mavzuga oid

10:54 / 24.04.2025
Guler «Real»ni poygada qoldirdi, «Inter» derbida yirik hisobda yutqazdi. Kun o‘yinlari

12:04 / 21.04.2025
«Real» chempionlik poygasida qoldi, «Liverpul»ga chempionlik uchun bir g‘alaba qoldi. Kun o‘yinlari

12:20 / 17.04.2025
«Arsenal» «Real»ni YeChLdan chiqarib yubordi. Arteta buni qanday uddaladi va «Madrid»ning muammosi nimada?

03:04 / 17.04.2025