Jahon | 22:28 / 18.04.2025
5334
5 daqiqa o‘qiladi

Asirlar, amir va Araqchi bilan. Kremldagi uch uchrashuv haqida

17 aprel kuni AQSh prezidenti Tramp Rossiyada hafta oxirigacha o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha qaror qabul qilish imkoni borligini aytdi. Aks holda nima bo‘lishi haqida esa indagani yo‘q. Bu vaqtda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kremlda qo‘li-qo‘liga tegmay ishlayapti. Videoda Moskvadagi uchta ketma-ket o‘tkazilgan uchrashuvga e’tibor beramiz.

HAMAS asirlari bilan

Demak, 17 aprel kunidagi Putinning ilk uchrashuvi HAMAS qo‘lida asirlikda bo‘lgan rossiyalik ona-bola Aleksandr va Yelena Trufanova bilan bo‘ldi. Uchrashuvda asirlikdan ozod qilingan Trufanovning qallig‘i Sapir Koen ham ishtirok etgan. Bu qiz ham asirlikda bo‘lgan, uch asir ham Rossiya tomonining iltimosiga ko‘ra HAMAS tomonidan ozodlikka chiqarilgan.

Uchrashuvda qatnashgan Yelena Trufanova Ikkinchi jahon urushi vaqtida uning harbiy vrach bo‘lib ishlagani buvisi fashistlarga asir tushib, keyin u yerdan qochgach, urushni Belarus partizanlari safida yakunlagani, o‘g‘li Aleksandr oiladagi asirga tushgan to‘rtinchi avlod vakili ekanini aytdi.

Putin asirlar bilan uchrashuvda aytgan bir gapi ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Rossiya prezidenti HAMAS qo‘lida 500 kunga yaqin asirlikda qolgan rossiyaliklar bilan uchrashuvda ular ozod bo‘lgani uchun HAMAS siyosiy qanoti rahbariyatiga rahmat aytish kerakligini ta’kidladi.

Qatar amiri bilan uchrashuv

Ko‘p o‘tmay Putin Kremlda Qatar amiri Tamim ibn Hamad Ol Soniyni qabul qildi. Uchrashuvda aytarli jiddiy hujjat imzolangani yo‘q. Rossiya tomonidan uchrashuvda ba’zi hukumat vakillari, shuningdek, «Rosneft» rahbari Igor Sechin, Markaziy bank raisi Elvira Nabibulina va Checheniston rahbari Ramzan Qodirov qatnashgan.

Putin Qatar amiri oxirgi marta 2018 yilda Moskvaga kelganini esladi, janob amir o‘z navbatida yaqinda Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari, do‘sti Denis Manturov bilan uchrashganini aytdi, keyin Putinni Qatarga taklif qildi. Shuningdek, yaqinda Suriya prezideti Ahmad ash Shar’a bilan uchrashuv vaqtida ham Suriya – Rossiya munosabatlarini muhokama qilganini gapirib berdi.

Abbos Araqchi bilan uchrashuv

Kunning uchinchi uchrashuvida Vladimir Vladimirovich Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchini qabul qildi. Uchrashuvda Rossiya tomonidan Putindan tashqari Sergey Lavrov va Yurish Ushakov, Eron tomondan Araqchidan tashqari faqat Tehronning Rossiyadagi elchisi Kozim Jaloliy ishtirok etdi. Kreml e’lon qilgan ikki enlik xabarda shunchaki uchrashuv o‘tkazilgani, unda kimlar bo‘lgani aytilgan xolos, qolgan tafsilotlar ma’lum emas.

Endi bu uchrashuvlar nimani anglatishi haqida. Xullas, Donald Tramp va uning Rossiya urushni tugatmoqchi ekanini aytayotgan Stiven Uitkoff kabi mulozimlari Putinga bosim o‘tkazib, uni muzokara stoliga o‘tqizaman deb o‘ylayotgan bir vaqtda Rossiya prezidenti Kremlda bir kunda uchtalab muhim diplomatik uchrashuv o‘tkazmoqda. Ya’ni Putin janoblar, menga shart qo‘yib ovora bo‘lmang, sizlar men haqimda intervyu berib yurganda men HAMAS qo‘lidan ozod qilingan asirlar bilan uchrashuv o‘tkazayotgan va u yerdan chiqishimni kimsan Qatar amiri kutib turgan bo‘ladi, demoqchi taxminan.

Putinning oxirgi chiqishlariga e’tibor qaratsangiz, u uchun urush ikkinchi planga tushib qolgani ko‘rinadi. U Kremlda kosmik tadqiqotlar masalasida yig‘ilish o‘tkazyapti, hukumat vakillari bilan onlayn uchrashuvda Vladimir oblastida yashayotgan germaniyalik muhojir bilan nemis tilida gaplashmoqda, ba’zan esa yog‘och ishlab chiqarish kompleksi ochilish marosimida qatnashish kabi kundalik yumushlar bilan mashg‘ul bo‘lmoqda. Bu bilan Putin Rossiya uchun urush allaqachon oddiy hayot tarziga aylangani, u hech qanday iqtisodiy yoki siyosiy muammo tug‘dirmasligi, G‘arbning Rossiyaga bosim o‘tkazishi befoyda ekanini ko‘rsatmoqchi bo‘layotgandek.

Oxirgi uch uchrashuv Yaqin Sharqdagi urushga, uni tugatishga aloqador odamlar bilan o‘tkazilgani nimani anglatishini esa to‘g‘risi bilmadim. Anig‘i shuki, Putin allaqachon Amerika va boshqa davlatlarning urushni tugatish bo‘yicha chaqiriqlariga jiddiy e’tibor berayotgani yo‘q. Stiven Uitkoff kabi mulozimlar esa buni tushunmayapti.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid