Xitoy josuslik va kiberhujumlar orqali Rossiyaning o‘nlab qurollaridan nusxa ko‘chirgan
So‘nggi 20 yilda Rossiya mudofaa sanoatiga XXR tomonidan kamida 21 ta josuslik va hakerlik hujumi amalga oshirilgan. Shuningdek, Xitoy RF bilan tuzilgan litsenziya bitimlarini muntazam ravishda buzib, uning qurollarini o‘ziga moslashtirib keladi.

Foto: Getty images
Rossiyadan Xitoyga qurol yetkazib berish oqimi qisqardi. ChinaPower tahliliy markazi yozishicha, 2009 yildan 2023 yilgacha Xitoyning qurol importi oldingi 15 yillik davrga nisbatan 40 foizga kamaygan. Bunda Rossiyaning ulushi esa 85 foizdan 68 foizgacha tushgan. Buning sababi nafaqat Rossiyaning Ukrainadagi urushi, balki Xitoyning RF qurol tizimlarini nusxalashi va intellektual mulkni keng ko‘lamda o‘g‘irlashi bilan ham bog‘liq.
Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 20 yilda Rossiyaning mudofaa sanoatiga, ayniqsa, aerokosmik texnologiyalariga qaratilgan Xitoyning kamida 21 ta josuslik va hakerlik hujumi qayd etilgan. 2004 yilda Xitoy foydasiga maxfiy aviatsiya va sun’iy yo‘ldosh ishlanmalari bo‘yicha axborot uzatgan 7 nafar rossiyalik sud tomonidan aybdor deb topilgan. 2021–2023 yillarda aerokosmik va lazerli texnologiyalarning sizdirilishi bilan bog‘liq yana to‘rtta holat aniqlangan.
Ammo bu kabi josuslik — kartinaning bir qismi xolos. Xitoy Rossiya bilan tuzilgan litsenziya bitimlarini tizimli ravishda buzib, qurollarni o‘z ehtiyojlari uchun moslashtirib, nusxalab kelmoqda. Masalan, J-11 qiruvchisi Rossiyaning Su-27 samolyotidan, HQ-9 zenit-raketa majmuasi esa C-300 dan ko‘chirilgan.
2019 yilda Rossiyaning «Rostex» davlat korporatsiyasi 17 yil davomida 500 ta noqonuniy nusxalash holatini aniqlaganini e’lon qilgan. Kompaniya Xitoyni aviatsiya dvigatellari, «Suxoy» samolyotlari, kemalarda tashishga mo‘ljallangan qiruvchilar, havo hujumidan mudofaasi tizimlari va «Pansir» zenit-raketa majmualari analoglarini yaratishda ayblagan.
Xitoy texnologiyani ko‘chirib olgach, Rossiyadan qurol sotib olishni qisqartirgan va o‘z harbiy texnikasini mustaqil ishlab chiqarishni boshlagan. Ta’kidlanishicha, shu bilan birga, aviatsiya dvigatellari sohasida Rossiyaga qaramlik saqlanib qolmoqda. 2017–2023 yillarda Xitoy import qilgan qurollarning yarmini aynan dvigatellar tashkil qilgan, ularning katta qismi esa Rossiyadan kelgan. Ayni paytda Xitoy o‘z dvigatellarini ishlab chiqarishga hozirlik ko‘rmoqda.
Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi harbiy aloqalar ham o‘zgargan: endi Rossiya tobora ko‘proq Xitoyni ehtiyot qismlar va texnologiyalar bo‘yicha asosiy yetkazib beruvchi sifatida ko‘ryapti. AQSh Milliy razvedka boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyning davlat mudofaa kompaniyalari Rossiyaga ikki maqsadli mahsulotlar – yarimo‘tkazgichlar, dronlar, qiruvchi samolyotlar ehtiyot qismlari va radioelektron kurash uskunalari yetkazishni davom etmoqda. Ayniqsa, raqamli dastur orqali boshqariladigan stanoklar muhim ahamiyatga ega, chunki ular harbiy texnika ishlab chiqarish uchun zarur. 2022 yil yanvaridan 2023 yil iyuliga qadar Xitoydan Rossiyaga bunday stanoklar eksporti deyarli 10 baravar oshib, oyiga 7 milliard dollardan 68 milliard dollargacha yetgan. Xitoy tomoni esa Rossiyaga qurol-yarog‘ yetkazib berayotganini doim qat’iy rad etib keladi.
Mavzuga oid

23:58 / 24.04.2025
Qirg‘izistonda RF armiyasiga yollash ishi bo‘yicha rossiyalik polittexnolog hibsga olindi

21:11 / 24.04.2025
«Demokratiyaning bo‘sh arsenali». Foreign Affairs AQSh Xitoy bilan urushga tayyor emasligi haqida maqola e’lon qildi

18:50 / 24.04.2025
«Vladimir, to‘xta!» - Tramp Rossiyaning Kiyevga zarbasi haqida

13:30 / 24.04.2025