Jahon | 17:01 / 19.04.2025
3741
2 daqiqa o‘qiladi

Kongoda kema halokati oqibatida 148 kishi halok bo‘ldi

Kongoda yog‘och kema yong‘in natijasida ag‘darilib ketdi. Buning oqibatida 148 kishi halok bo‘lgan, 100 dan ortiq kishi esa bedarak yo‘qolgan.

Foto: Junior Kannah/AFP/Getty Images

Kongo Demokratik Respublikasida yog‘och kema yong‘in natijasida ag‘darilib ketgan, natijada 148 kishi halok bo‘lgan, 100 dan ortiq kishi esa bedarak yo‘qolgan. Bu haqda The Guradian xabar berdi.

Kema bortida 500 ga yaqin yo‘lovchi bo‘lgan. Kongo daryosi komissari Kompetent Loyokoning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in yo‘lovchilardan biri ovqat tayyorlayotgan paytida qilgan ehtiyotsizligi natijasida boshlangan. Bir necha kishi, jumladan, ayollar va bolalar suvga sakrab cho‘kib ketishgan. O‘nlab odamlar qutqarilgan, ammo ularning ko‘pi qattiq kuygan. Yo‘qolganlarni qidirishga Qizil Xoch va viloyat hokimiyati ko‘magidagi qutqaruv guruhlari jalb qilingan.

Loyokoning so‘zlariga ko‘ra, motorli yog‘och qayiq Mbandaka shahri yaqinida yonib ketgan. HB Kongolo kemasi Matankum portidan chiqib, Kongo daryosi bo‘ylab Bolomba shahri tomon suzib ketayotgan bo‘lgan.

The Guardian’ning qayd etishicha, Kongo daryosi mamlakatning 100 milliondan ortiq aholisi uchun asosiy transport yo‘li hisoblanadi.

Mavzuga oid