O‘zbekiston | 18:55 / 19.04.2025
3783
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ilk bor “Eng yaxshi boshqaruv organi” ko‘rik tanlovi o‘tkazildi

18 aprel – “Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni” munosabati bilan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan “Eng yaxshi boshqaruv organi” ko‘rik tanlovi tashkil etildi. G‘oliblar avtomobil, elektromotoroller va boshqa qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. 

O‘zbekistonda ilk bor “Eng yaxshi boshqaruv organi” ko‘rik tanlovi o‘tkazildi. Uning final bosqichida respublika bo‘yicha 16 ta boshqaruv servis kompaniyasi qatnashdi. Bellashuv oldidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva tanlovning ahamiyati haqida gapirdi.

“Prezidentimizning barcha sohalar qatori kommunal sohaga berayotgan e’tibori tufayli bugungi kunda 850 ta boshqaruv servis kompaniyasi 43 mingta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Albatta, odamlar kommunal soha xodimlarini uylarida nosozliklar bo‘lganda eslashadi. Tanlovda boshqaruv organlarning bugungi salohiyatini aholiga ko‘rsatayotgan xizmatlaridan yaqqol ko‘rish mumkin. Moddiy-texnik baza bilan taminlanganlik darajasi, ishchi xodimlarning malakasi oshirilgani tufayli 2024 yilda murojaatlar2023 yilga nisbatan 52 foizga qisqardi”, deydi Ozoda Jo‘rayeva.

Tanlovning birinchi qismi ijodiy sahna ko‘rinishlari bilan boshlandi. Ayrim jamoalar kasbiy faoliyatida uchrab turadigan qiziq holatlarni ko‘rsatib berdi. Ba’zilar ushbu kasbning mashaqqatli tomonlarini so‘zladi. So‘ngra ishtirokchilar tanlovning amaliy shartiga o‘tdi. Unda 20 daqiqada suv uzelini yasab berish kerak. Kun.uz jarayonlarni kuzatib borayotgan vazirlikning departament boshlig‘i Obidjon Mo‘minovdan ishtirokchilarning kasbiy mahorati haqida so‘radi.

“Mana hozir tadbirimizning eng kulminatsion qismiga yetib keldik, ya’ni santexnik xodimlarimiz o‘zining malakasini ko‘rsatib berishi kerak. Biz ularga sxema bilan birga mahsulot berganmiz, ular suv tugunini yig‘ib berishi kerak bo‘ladi. Jamoalarning har biriga ekspert jalb qilganmiz. Jarayonlarni kuzatyapti. Narigi tarafda elektriklarimizga ham xuddi shunday talab qo‘yganmiz. Shunga qarab kompaniyalarning amaliy ko‘nikmalari baholab beriladi”, deydi u.

Obidjon Mo‘minovning so‘zlariga ko‘ra, soha o‘tgan 2 yil ichida amaliy tarzda rivojlantirilgan.

“2022 yilgacha bizda 300 ga yaqin BSK (boshqaruv servis kompaniyasi) bo‘lgan. 2023 yilda ularning soni 500 dan oshdi, 2024 yilda 800 ga yaqinlashdi. Hozirga kelib esa 850 taga yetdi. Eng qiziq tomoni sohaga quruvchilar ham qiziqa boshladi. O‘zlari qurgan obektni o‘zlari ekspulatatsiya qilishga, ya’ni qo‘shimcha yo‘nalishni qo‘shyapti”, deydi Obidjon Mo‘minov.

Bundan tashqari, departament boshlig‘i bu soha borgan sari jozibador sohaga aylanib borayotganini, ammo shaffoflik bo‘yicha e’tirozlar borligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, raqamlashtirish bu muammoga ham barham beryapti. Hozirda BSKlar qilgan ish hajmini “Mening uyim” platformasiga kiritib boradi va uning tarif bo‘limida hisobotlar shakllantiriladi.

“2023 yilda xizmat ko‘rsatish narxlari qimmatligidan shikoyatlar ko‘p bo‘lardi. Sababi shirkatlar davrida o‘rnatilgan tariflar uyni ekspulatatsiya qilish xarajatlariga yetmagan. O‘sha uchun shirkatlar bu ishni qilmadim deydi, 2024 yildan vazirlik uyga xizmat ko‘rsatishning minimal miqdorini belgiladi. Bajariladigan ishlarining tarkibini tasdiqlab berdik, hozir mulkdorlarda narx-navoga nisbatan e’tiroz kam, lekin shikoyat xizmat sifatiga bor. “Pul olyapti, ish qilmayapti” deydi. Hammasi shaffoflikning to‘liq shakllanib bo‘lmaganida, u qancha ochilib boraversa, savolgayam o‘rin kam qoladi”, deydi departament boshlig‘i.

Shuningdek, Obidjon Mo‘minov sohada qilinishi kutilayotgan ishlar haqida ham so‘zlab berdi. Unga ko‘ra, “Mening uyim” platformasidan tashqari ko‘p qavatli uylarni boshqarish organlarining elektron reyestri bor. Ushbu reyestrda boshqaruv kompaniyaning nomi, manzili, telefon raqamlari, nechta uyga xizmat ko‘rsatishi, xodimlari soni kabi ma’lumotlar bor. Endi turar joy milliy axborot tizimi yaratilib, unga uylar to‘g‘risidagi ma’lumot joylanyapti. Bu “Mening uyim”ga integratsiya qilinadi. Bundan tashqari, “Xavfsiz lift” platformasi ishlab chiqilmoqda. U 1 maydan ishga tushiriladi. U ham “Mening uyim”ga integratsiya qilinsa, mulkdorga ma’lumot borib turadi.

Musobaqning keyingi sharti elektr taqsimlash shitini noldan yig‘ib berish bo‘ldi. Har ikkala bosqichda faollik va alohida mahorat ko‘rsatgan jamoalar tanlab olindi.

Tanlovda 1-o‘rinni egallagan jamoaga Damas, 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoalarga Labo hamda 3-o‘ringa munosib ko‘rilgan jamoalarga elektromotoroller berildi. Bu g‘oliblar uchun 18 aprel – “Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni”ga munosib tuhfa bo‘ldi.