Jahon | 10:36 / 19.04.2025
10331
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Barens dengizi to‘g‘risidagi kelishuvdan chiqdi

Rossiya vazirlar mahkamasi Norvegiya, Shvetsiya va Finlandiya bilan Barens dengizi va Yevroarktika mintaqasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni bekor qildi. Rossiya hamkorlikni to‘xtatganlikda G‘arb davlatlarini aybladi.

Foto: AP

Rossiya hukumati 2007 yilda Norvegiya, Shvetsiya va Finlandiya bilan imzolangan Barens dengizi va Yevroarktika mintaqasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni bekor qildi. 18 aprel, juma kuni Rossiya Federatsiyasi hukumati huquqiy hujjatlar rasmiy portalida Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustinning ikki kun avval imzolangan tegishli buyrug‘i e’lon qilindi.

Bundan tashqari, Moskva Barens-Yevroarktika kengashi mamlakatlari tomonidan 2008 yilda tuzilgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularga tayyorgarlik ko‘rish va harakat qilish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimdan chiqadi. Ushbu tashkilotning hozirgi a’zolari Daniya, Islandiya, Norvegiya, Finlandiya va Shvetsiyadir. Rossiya ham a’zo edi, ammo Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan so‘ng, boshqa davlatlar Moskva bilan hamkorlikni to‘xtatganini e’lon qildi. 2023 yilda Rossiya «G‘arb ishtirokchilarining aybi bilan» uning ishi amalda falaj bo‘lib qolganini aytib, kengash tarkibini tark etdi.

2024 yil noyabrida Finlandiya ham Barens-Yevroarktika kengashidan chiqishini e’lon qilib, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan bu format «bugungi kun ehtiyojlariga javob bermasligi»ni ma’lum qildi. Helsinki shimoliy hududlar bilan hamkorlikni boshqa yo‘llar orqali davom ettirishga va’da berdi.

Mavzuga oid