Jahon | 13:30 / 21.04.2025
19726
3 daqiqa o‘qiladi

Rim papasi vafot etdi

Yakshanba kuni, o‘limidan bir kun oldin, Fransisk katoliklarni Pasxa bilan tabriklagandi.

Foto: Vincenzo Pinto/AFP/Getty Images

Rim papasi Fransisk 2025 yil 21 aprel kuni, Vatikandagi qarorgohi — Kasa-Santa-Martada olamdan o‘tdi. U 88 yoshda edi.

Kardinal Kevin Farrell Vatikan telekanali orqali papaning o‘limi haqida rasman xabar bergan.

«Aziz birodarlar va opa-singillar, chuqur qayg‘u bilan muqaddas otamiz Fransiskning vafot etganini e’lon qilishga majburman. Bugun ertalab soat 7:35 da (mahalliy vaqt bilan) Rim yepiskopi Fransisk Ota uyiga qaytdi. Uning butun hayoti Xudoga va uning cherkoviga xizmat qilishga bag‘ishlangandi. U bizni Injil qadriyatlari bilan, ayniqsa, aholining eng kambag‘al va marginal qatlamlariga nisbatan sadoqat, jasorat va umumiy muhabbat bilan yashashga o‘rgatdi», — deyiladi Vatican News portali xabarida.

Fransisk (Rim papasi bo‘lishidan oldin Xorxe Mario Bergolo) 2013 yil martida Rim papaligiga saylangan va katolik cherkovining Lotin Amerikadan chiqqan birinchi rahbari bo‘lgandi. U bu lavozimga salomatligidagi muammolar tufayli taxtdan voz kechgan Benedikt XVI o‘rniga kelgandi.

U o‘z pontifikati davomida adolat, muhit muhofazasi va kambag‘allar huquqlarini himoya qilishni asosiy vazifa qilib belgilagandi.

2025 yil fevral oyi o‘rtalarida Rim papasi Fransisk bronxit tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgandi. Keyinroq uning holati keskin og‘irlashgan — unda ikki tomonlama pnevmoniya aniqlangan va bir necha bor sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangandi. Kardinal Janfranko Ravazi «agar papalik vazifalarini bajarish bilan bog‘liq murakkabliklar yuzaga keladigan bo‘lsa», Fransisk taxtdan voz kechishi mumkinligini aytgandi.

23 mart kuni Fransisk 38 kun davomida shifoxonada qolganidan keyin Vatikanga qaytgandi. 20 aprel kuni u Vatikandagi Avliyo Pyotr maydoniga yig‘ilgan jamoat qarshisida ko‘rinish berib, ularni Pasxa bilan tabriklagandi.

Rim papasi o‘z nutqida «G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, garovdagi [isroillik]larni ozod etish va g‘azoliklarga insonparvarlik yordami yetkazib berish»ga chaqirgan, shuningdek, Ukraina masalasiga to‘xtalib, «barcha tomonlar»ni «adolatli va mustahkam tinchlik»ka erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni davom ettirishga chaqirgandi.

Yaqin kunlarda Vatikanda yangi papani saylash uchun konklav chaqirilishi kutilmoqda.

Mavzuga oid