Tramp Putinga muhlat berdi, Fransiya Falastinni tan olmoqchi - Geosiyosiy hafta tahlili
Rubioning bayonotiga qaralsa, AQSh Ukrainada tinchlikka erishish intilishlaridan sovib, qo‘lini qo‘ltig‘iga urishga tayyor. Parijda esa “mustahkam tinchlik” sxemalari muhokamasi davom etmoqda. Lavrov To‘qayevning hududiy yaxlitlik haqidagi gaplariga javob qaytardi. Rossiya “Tolibon”ni reabilitatsiya qilmoqda. Makron Netanyahu bilan muloqotda Falastinni tan olish bilan tahdid qildi.
Joriy haftaning xalqaro maydondagi mavzulari muhokamasi – Kun.uzʼning jonli efirdagi “Geosiyosat” dasturida muhokama qilindi.
Tramp Putinga Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga 3 kun muhlat berdi. Xo‘sh, uch kundan keyin Tramp Rossiyaga nisbatan munosabatini keskin o‘zgartiradimi?
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning fikriga ko‘ra Trampning Putinga nisbatan munosabati asta-sekin o‘zgaryapti. Ya’ni uning atrofidagi maslahatchilari “Putin aldaydi” degan mujdani beryapti.
Rabbimovga ko‘ra “Siyosiy faoliyati davomida Putin bilan muzokara qilgan Yevropa liderlari Putinning taktikasini yaxshi his qiladi, chunki ularning ko‘pchiligi bir vaqtlar Moskva bilan kelishishga harakat qilgan va Putin bilan” normal munosabatlarning iloji yo‘qligini tushunib yetgan”.
Shuhrat Rasul esa muzokaralarda oldinga siljish bo‘lgani, lekin Rossiya tomoni hozirda o‘zi egallab turgan hududlardan Ukraina voz kechish kerak degan og‘riqli nuqta paydo bo‘lganini ta’kidladi.
Shuhrat Rasulning fikricha, AQSh davlat kotibi Marko Rubioning “Bu urush bizniki emas” degan gaplari “Agar Tramp aytgan muhlatda Putin kelishuvga rozi bo‘lmasa biz bu muzokaralardan chiqamiz” degani.
Qo‘shma Shtatlar Parijdagi muzokaralarda Ukrainada “Kuchli va mustahkam tinchlik sxemalarini” taqdim etgan, Parijdagi uchrashuv tahlilidan qanday xulosalar qilish mumkin?
Siyosatshunos Anvar Yo‘ldoshev 17 aprel Parijda bo‘lib o‘tgan uchrashuv haqida fikr bildirar ekan “Makron bu uchrashuvni yuqori baholadi va AQSh—Rossiya muzokaralarida Ukrainani ham jalb qilishga zamin yaratildi, ya’ni bu barcha tomonlar muloqot qilishi mumkin bo‘lgan platforma yaratilishiga ilk qadamlar deyish mumkin”.
Bektosh Berdiyev esa bunday muzokaralardan katta natija kutishga hali erta ekanini aytdi. Chunki shu kungacha amalga oshirilgan muzokaralarda ham ko‘zga ko‘rinadigan yutuq bo‘lmagani bilan izohlash mumkin, deydi u. Undan tashqari AQSh va Yevropa o‘rtasida yaqinlashuv sezilyapti, Trampning esa Putinga nisbatan ishonchi pasayib boryapti, tendensiyalarni hisobga olsak, AQSh ham Ukrainani qo‘llashda davom etsa kerak”, deydi Berdiyev.
Fransiyaning Falastinni davlat sifatida tan olishi tarixiy voqea voqelikni boshlab beradimi?
Kamoliddin Rabbimov Fransiyaning bu qadamlarini yuqori baholadi. “BMTga a’zo davlatlarning 147 tasi Falastinni allaqachon davlat sifatida tan olgan, lekin dunyoning qudratli 7-8 ta davlati hali bu ishni amalga oshirmagan va Isroil pozitsiyasini qo‘llar edi. Masalan, AQSh boshchiligida Germaniya, Kanada, Yaponiya va Fransiya. Rasmiy Parij iyun oyida buni amalga oshirmoqchi va Makron Falastinni tan olish — tinchlikka qadam, bundan Isroil ham manfaatdor bo‘lishi kerak, dedi.
Falastinni tan olish bir vaqtning o‘zida Isroilni bosqinchi sifatida rasmiylashtirish degani. Chunki Falastin xalqaro huquqqa ko‘ra 1967 yilgi chegaralar bilan tan olinadi, Isroil esa yillar davomida hududni anneksiya qilishda davom etyapti”, deya Rabbimov joriy vaziyatni sharhladi.
Shuningdek qizg‘in kechgan suhbat davomida siyosatshunoslar Rossiya “Tolibon”ni terrorchi tashkilot ro‘yxatidan chiqargani, Lavrovning Qozog‘iston prezidenti To‘qayevga kechikkan javobi, AQSh—Xitoy savdo urushidagi joriy vaziyat va shu kabi haftaning muhim geosiyosiy mavzulari xususida ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Bahslarga boy suhbatni Kun.uzʼning YouTube sahifasida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid

20:45 / 24.04.2025
“Geosiyosat” muloqoti. Ekspertlar bilan savol-javob

23:00 / 21.04.2025
Tehron, Moskva va Rimdagi muzokaralar: Eron yadro dasturi bo‘yicha bitim asoslari chizilmoqda

23:09 / 17.04.2025
Rossiya bosqinni faollashtirdi, Tramp jamoasida qutblanish – tahlilchilar nima deydi?

21:53 / 15.04.2025