O‘zbekiston | 19:56 / 22.04.2025
20904
6 daqiqa o‘qiladi

“Narxlar ancha arzonroq” - Qozog‘istondan qaytayotgan o‘zbeklar o‘zi bilan nimalar olib kiryapti?

Idish yuvish geli, yogurt, kolbasa, shirinliklar... Toshkent tumanidagi “Navoiy” (Qozog‘iston tomonidan “Qoplonbek”) chegara o‘tkazish punktidan kirayotgan o‘zbekistonliklar ro‘zg‘or uchun shu kabi mahsulotlarni ko‘tarib kirishmoqda. Kun.uz suhbatlashgan vatandoshlar Qozog‘istonda narxlar arzonroqligini aytishdi.

Xorijdan O‘zbekistonga kirib kelayotgan fuqarolar uchun notijorat maqsadlarda tovar olib kirish limitlari pasaytirilyapti. Hukumat qaroriga ko‘ra, 1 maydan boshlab samolyotda kelayotganlar hozirgidek 2000 dollar emas, 1000 dollargacha bo‘lgan tovarlarni bojsiz olib kirishi mumkin.

Poyezdda keluvchilar uchun esa bojsiz limit 1000 dollardan 500 dollarga tushirilyapti. O‘zbekistonga avtomobilda yoki piyoda kirib kelayotganlar uchun 300 dollarlik cheklov o‘zgarishsiz qoladi.

Kun.uz muxbiri Qozog‘istondan qaytayotgan vatandoshlar o‘zi bilan shaxsiy ehtiyoj uchun qanday mahsulotlarni olib o‘tayotganiga qiziqib, Toshkent tumanidagi “Navoiy” (Qozog‘iston tomonidan “Qoplonbek”) chegara postida bo‘ldi.

Postdan kirib kelayotgan vatandoshlarning aytishicha, ular shaxsiy ehtiyojlari uchun asosan oziq-ovqat va ro‘zg‘orda foydalanadigan boshqa maishiy mahsulotlarni olib kirishmoqda. Asosiy sabab esa – O‘zbekiston va Qozog‘istondagi narxlar o‘rtasida sezilarli farq borligi.

Quyida Kun.uz suhbatdoshlaridan iqtiboslar keltirib o‘tiladi.

Biz Qozog‘istonga kiyim-kechak, quritilgan mevalar kabi yuklarni tashiymiz. Odamlar Qozog‘istondan qaytishda shaxsiy ehtiyojlari uchun asosan yog‘, go‘sht, “pampers” va “poroshok” olib kirishadi. Eng ko‘p ko‘zim tushganlari shular”.

Hozirgi sharoitda hammaga 10 ming so‘m bo‘lsa ham iqtisod bo‘lgani yaxshi. Shunday qilib o‘tib-borib kelishyapti, bizga qaraganda [Qozog‘istonda] arzonroq, ancha farq bor-da”.

Mana, bolalarimga, nevaralarimga konfet olib kelyapman. Pensiyam yetmaydi, 881 ming so‘m olaman. Oyog‘im, belim og‘riydi, ozgina “lecheniye” uchun, tirikchiligim shu. Begonalarga emas, qizlarimga, o‘g‘illarimga sotaman. Ular menga pulini beradi.

[Qozog‘istonda] kolbasalar, gellar arzon-da. [Kir yuvish vositasini] 42 ming so‘mga olgan bo‘lsam, bizda 90-100 ming so‘m, ayting, nima qilaylik? Bolalarimga olib kelaman, “yo‘l haqimni ber” deyman, berishadi. Kolbasa u yerda 35 ming, bizda 70 ming. Men uni, to‘g‘risini aytsam, 45 mingdan sotaman, 10 minggina qo‘yaman bolalarimga. Qo‘shnilar ham so‘rashadi. Go‘sht bizda qimmat… Bir xilda shuniyam qaytarishadi, ko‘p o‘tasiz deydi. 881 ming pensiya nimaga yetadi?”

Tovarga ruxsat bermayapti, ro‘zg‘or uchun olib kelyapman. Kolbasa, “moloko”, “shedroye leto”lar, 5 kg go‘shtga ruxsat beryapti. Arzon bo‘lgani uchun olib kelaman. [Narxlardagi] farqlar 20 ming so‘m, shunday”.

Shokoladlar, yog‘lar olib kelamiz. Kiyim-kechaklar ham. Sifati yaxshiroq deb o‘ylayman. Ham arzonroq. O‘zbekistonning shokoladini yesangiz, margarinning hidi kelib turadi, to‘g‘risi-da. Qozog‘iston vaflilarini yesang, maza qilib yeysan”.

Uyimga bolalarim yeydigan “rachki”, shokolad, pechene – shunaqa narsalar olib o‘taman. Ularda sifati yaxshiroq, bolalarim yaxshi ko‘radi. Bu safar bolalarimga mikroto‘lqinli pech oldim. Ozgina arzonligi tufayli o‘sha yerdan olib oldim”.

Kolbasa, gel, poroshoklar, “pamperslar”... U yerda ko‘p narsa arzon-da. Deyarli yarim narxida. Misol uchun, [idish yuvadigan] gel u yerda 40 ming bo‘lsa, bu yerda 80 ming. 4-5 kunda bir, 1 haftada bir borib kelaman. U yerda qarindoshlarimiz bor, shuning uchun”.

Mehmonga borgandik, kursdoshimiz o‘sha yerda edi. U yerda narsalar arzon ekan, shu bir-ikki narsalar olib qaytyapmiz. Kolbasa, konfetlar oldim. Arzon ekan, 44 mingdan ekan kolbasalari. Bizda juda qimmat, shunga... “Tapochka”lar oldim, 35 ming so‘mga “tapochka” bor ekan. Oqsuv degan joydan 12 mingdan "shortik"lar oldim. Bir mehmonga borganim uchun quruq qaytmay deb, shundayam qizlardan ozgina qarz olib, hammaga qiziqib olgandim, bo‘lmasa olmasdim. Arzonligiga qiziqdim, shunga”.

Shokolad, vafli, konfetlar olamiz. Mana, uyga yogurt oldim, 2500 so‘mdan. Bizda esa bu 5-6 ming so‘m. Mana shu shokoladni 30 ming so‘mga oldim, bizda esa 60-70 ming, qimmat. Uyoqda arzon”.

Yuqoridagi qarorga asosan, 2025 yil 20 iyundan boshlab xorijga chiqib, shu kunning o‘zida yoki 1-2 kun ichida qaytib kelgan fuqarolar o‘zi bilan bojsiz limit doirasida tovar olib kira olmaydi.

Avtomobilda o‘tish punktlari yoki poyezdda kelayotgan jismoniy shaxslar notijorat maqsadda bojsiz tovar olib kirishi uchun kamida 2 kun, samolyotda kelayotganlar esa kamida 3 kun O‘zbekistondan tashqarida bo‘lgan bo‘lishi kerak.

Aks holda, ular olib kirayotgan tovarlarga bojsiz olib kirish normasidan ortiq deb qaraladi va tovarlarning to‘liq qiymatidan yagona bojxona to‘lovi undiriladi.

Avvalroq Bojxona qo‘mitasi cheklovlar kuchaytirilganiga izoh bergandi.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Tasvirchi – Boymirza Xalilov.

Mavzuga oid