Jahon | 08:57 / 23.04.2025
6320
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda Rossiya armiyasiga yollash bilan shug‘ullangan «Russkiy dom» xodimi hibsga olindi

Ish yuzasidan 4 kishi ushlangan, ular Rossiya armiyasiga yollash bilan shug‘ullanganlikda ayblanmoqda.

Foto: kirghizia-osh.rs.gov.ru

Qirg‘izistondagi «Russkiy dom» xodimi va yana uch kishi Rossiya armiyasiga yollash bilan shug‘ullanganlikda ayblanib, hibsga olindi. Bu haqda «Ozodlik» radiosining qirg‘iz xizmati xabar berdi.

Nashrning ta’kidlashicha, qo‘lga olinganlarning barchasi Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 416-moddasi («Xorij armiyasiga noqonuniy yollanish») bo‘yicha gumon qilinmoqda. Jinoyat ishi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MHDQ) tomonidan qo‘zg‘atilgan.

Sud xabarida hibsga olinganlar ismi-sharifining faqat bosh harflari ko‘rsatilgan. «Ozodlik» radiosining ma’lum qilishicha, hibsga olinganlardan biri O‘sh shahridagi «Russkiy dom» (Rossotrudnichestvo vakolatxonasi) xodimi Natalya Sekerina hisoblanadi. Hibsga olinganlardan yana biri – O‘sh meriyasi matbuot xizmati xodimi Sergey Lapushkin.

Ish yuzasidan Lapushkin va Sekerinadan tashqari yana ikki kishi hibsga olingan. Ularning ismlari noma’lum. To‘rt nafari ham 17 iyunga qadar hibsga olingan.

Mavzuga oid