O‘zbekiston | 20:44 / 25.04.2025
878
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yil boshidan buyon 170 dan ortiq kishi YTH sodir etgani uchun qamaldi

Joriy yilning dastlabki uch oyida mamlakatda YTH sodir etgani uchun 891 kishi sudlangan. Ularning 170 dan ortig‘iga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo tayinlangan.

Foto: IIB YHXB axborot xizmati

O‘zbekistonda 2025 yil yanvar—mart oylarida qariyb 900 kishi yo‘l-transport hodisasi sodir etish bo‘yicha sudlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, birinchi chorak mobaynida Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan 891 nafar shaxs sudlangan. Ularning 173 nafariga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq, 718 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.

Ta’kidlanishicha, 2024 yil davomida shu modda bilan 3321 nafar shaxs sudlanib, ularning 917 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, YTH sodir etgan 2 404 nafar shaxsga esa qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar berilgan.

YHXX ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yilda — 10 001 ta, 2022 yilda esa bundan 1 foizga kam – 9902 ta YTH qayd etilgan. Qurbonlar soni 2021 yilda — 2426 nafar, 2022 yilda esa 2356 nafar bo‘lgan. 2023 yilning 11 oyida 2080 kishi yo‘l-transport hodisalari qurboni bo‘lgan, 8055 kishi jarohatlangan.

Avvalroq Samarqandda Lacetti piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan o‘nga yaqin kishini urib ketgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Tarmoqlarda tarqalgan videoda bir nechta mashina piyodalarni o‘tkazib yuborish uchun to‘xtaganini, Lacetti mashinasi esa katta tezlikda kelib, piyodalar yo‘lagini kesib o‘tayotgan fuqarolarni urib, qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketganini ko‘rish mumkin.

Mavzuga oid