O‘zbekiston | 21:57 / 26.04.2025
2606
3 daqiqa o‘qiladi

2024 yilning eng ochiq va eng yopiq davlat tashkilotlari ma’lum qilindi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari va tashkilotlarning ochiqlik indeksini e’lon qildi. 2024 yil yakunlari bo‘yicha indeksda eng yaxshi natijalarni asosan davlat kompaniyalari va Soliq qo‘mitasi qayd etdi. Andijon viloyati hokimligi prezident farmonida keltirilgan ochiqlik talablarni eng kam bajarayotgan davlat organi deb topildi. Vazirliklar kesimida eng oxirgi o‘rinni Tashqi ishlar vazirligi egalladi.

Foto: Andijon viloyati hokimligi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2024 yil yakunlariga ko‘ra davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlik indeksini taqdim etdi.

Bu indeks, prezident farmoniga asosan, 84 ta baholash mezonidan tarkib topgan 8 ta indikator asosida shakllantiriladi. 2024 yilgi baholashda jami 98 ta ijro organlari va kompaniyalar qamrab olingan.

Baholash natijalariga ko‘ra, ochiqlik talablarini bajarish bo‘yicha 50 ta davlat organi «yashil» (2023 yilda 31 ta), 35 tasi «sariq» (43 ta) va 13 tasi «qizil» (29 ta) toifaga kiritildi.

«Yashil» toifada baholangan davlat idoralari ko‘lami 2023 yilga nisbatan 21 foizga ko‘payib, «qizil» toifadagilar 15 foizga kamaygan.

2024 yilgi ochiqlik indeksida eng yuqori o‘rinlarda «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ, Soliq qo‘mitasi, «O‘zavtosanoat» AJ, «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ va «Uzbekistan Airways» AJ qayd etilgan.

Umumiy reytingda eng yomon ko‘rsatkichlar Andijon viloyati hokimligi, Kinematografiya agentligi, Farmatsevtika agentligi va Milliy antidoping agentligiga tegishli.

Vazirliklar kesimida bu indeksda eng yuqori natijani oliy ta’lim, adliya va raqamli texnologiyalar vazirliklari ko‘rsatgan. Tashqi ishlar, investitsiyalar va sog‘liqni saqlash vazirliklarining ochiqlikka rioya qilishi esa maqtagulik emas.

Mahalliy hokimiyatlar orasida Xorazm, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlari hokimliklari ochiqlikka eng ko‘p yaqin bo‘lgan, deb topildi. Andijon (100 dan 28,5 ball), Jizzax (49 ball) va Sirdaryo (49 ball) viloyati hokimliklari prezident farmonida keltirilgan ochiqlik indekslari bo‘yicha eng yomon natijalarni qayd etgan.

Davlat banklari orasida eng yaxshi ko‘rsatkich O‘zsanoatqurilishbankda, eng yomoni esa Asakabankda kuzatilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 2024 yilda davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni ta’minlash maqsadida xorijiy ekspertlar ishtirokida 11 ta o‘quv kursi o‘tkazilgan. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti ko‘magida qilingan «E-learning» elektron platformasida ochiqlikni ta’minlashga mas’ul xodimlar tizimli o‘qitilmoqda.

Agentlik tomonidan «sariq» toifadagi davlat organlari va tashkilotlarining (35 ta tashkilot) ochiqligini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilib, ularni amalga oshirishga yordam beriladi.

«Qizil» toifada baholangan tashkilotlarga (13 ta tashkilot) esa intizomiy jazo chorasini qo‘llash yuzasidan taklif kiritiladi, ochiqlikni ta’minlashda yo‘l qo‘yilayotgan tizimli kamchiliklar o‘rganiladi, ularni bartaraf etish choralari ko‘riladi.

Mavzuga oid