Jamiyat | 10:31 / 25.07.2025
1810
5 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vaziri korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilikni hamkorlikka chaqirdi

Vazir Asilbek Xudayarov tibbiyotda korrupsiyaning oldini olishda kuchli jamoatchilik nazoratini o‘rnatish muhimligini ta’kidladi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov aholi va soha xodimlarni tibbiyotdagi korrupsiya, byurokratiya va manfaatlar to‘qnashuviga qarshi keskin kurashda faol ishtirok etishga chaqirdi. SSV matbuot xizmati vazirning murojaatini e’lon qilgan.

«Korrupsiya – davlat va jamiyat uchun jiddiy xavf. Shu bois, yurtimizda barcha sohalar qatori sog‘liqni saqlash tizimida ham bu illatga qarshi keskin va murosasiz kurashish, turli byurokratik hamda inson omili bilan bog‘liq holatlarga barham berishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilyapti.

Albatta, jamoatchilikning faol ishtiroki va yurtdoshlarimiz ko‘magisiz ushbu maqsad va marralarga erishish, tibbiyotni korrupsiyadan xoli, to‘laqonli xalqchil tizimga aylantirish mushkul. Shu sababli bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarimizni birlashtirish va o‘zaro hamkorlikda o‘z yechimini kutayotgan og‘riqli muammolarimizni yelkama-yelka turib, samarali hal etish yuzasidan sizlarga murojaat qilmoqdaman!

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, «Korrupsiyaga qarshi kurashish umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishi. Korrupsiyaga “jamiyat tanasidagi saraton” sifatida qarash kerak».

Shu ma’noda, bugun sohadagi yutuqni – yutuq, kamchilikni – kamchilik, deb aytib, tizimdagi “kasalliklar”ga to‘g‘ri tashxis qo‘yib, ularning davosini topishga birgalikda harakat qilishimiz zarur.

Ammo, afsuski, hali ham sog‘liqni saqlash muassasalarida korrupsiya, byurokratiya, tamagirlik, manfaatlar to‘qnashuvi kabi ayrim salbiy holatlar saqlanib qolyapti. Bu esa tizimdagi islohotlar samaradorligiga putur yetkazib, xalqimizning tibbiyotga, fidoyi mutaxassislarimiz mehnatiga bo‘lgan ishonchini zaiflashtirmoqda.

Ana shu holatlardan kelib chiqib, tizimda korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy mexanizmlarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Soha faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, jamoatchilik oldida hisobdorlikni oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, qisqa vaqt ichida qator elektron modullarni o‘zida jamlagan Yagona tibbiyot axborot tizimi (DMED) yaratilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda. Shuningdek, “Situatsion markaz” tashkil qilinishi sohada budjet mablag‘lari maqsadsiz sarflanishi hamda korrupsiya risklarini barvaqt aniqlash va oldini olishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Binobarin, tibbiyot xodimlarini ishga qabul qilishda raqamlashtirilgan yangi mexanizm ishga tushirilgani va Buxoro viloyatida tajriba-sinov loyihasi sifatida joriy etilgani muhim yangiliklar sirasidan.

O‘z navbatida, soha rahbar-kadrlari bugungi kun talablaridan kelib chiqib, zamonaviy menejment asoslari bo‘yicha o‘qitilmoqda. Tibbiyot muassasalari hisobchilarining moliyaviy bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil qilinyapti.

Albatta, bu hali yetarli emas. Oldinda o‘z yechimini kutayotgan muammolar, davlatimiz rahbari oldimizga qo‘ygan talab va vazifalar ko‘p. Buni to‘laqonli uddalash uchun butun yurtdoshlarimiz birlashib kurashishi zarur. Shundan kelib chiqib, biz korrupsiyaga qarshi kurashishda kuchli jamoatchilik nazoratini o‘rnatishni muhim mezon, deb bilamiz»,  deyiladi murojaatda.

Qayd etilishicha, vazirlik markaziy apparati, hududiy boshqarmalari, tizim tashkilotlari va muassasalari xodimlarining korrupsiyaviy xatti-harakatlariga guvoh bo‘lsangiz yoki qonunchilikka zid boshqa huquqbuzarlik holatlariga aloqadorligi yuzasidan ma’lumotga ega bo‘lsangiz, vazirlikning «1203» qisqa raqamli «Ishonch telefoni» hamda ssvantikor_bot rasmiy telegram boti yoxud info@ssv.uz elektron pochta manzili orqali murojaat yo‘llash mumkin.

«Shu o‘rinda, nafaqat korrupsion holatlarni barataraf etish, balki sohani yanada takomillashtirishda Sizning fikr va mulohazalaringiz biz uchun juda muhim ekanligini yana bir bor eslatib o‘tmoqchiman. Har bir murojaat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qisqa muddatlarda ko‘rib chiqilib, zarur amaliy choralar ko‘rilishini ma’lum qilaman»,  degan vazir. 

Mavzuga oid