Jahon | 18:51 / 27.04.2025
2530
3 daqiqa o‘qiladi

Hindiston Pokiston bilan keskinlik fonida raketalarini sinovdan o‘tkazdi

Mamlakat Harbiy-dengiz kuchlari kemalarga qarshi raketalarni uchirib, «uzoq masofaga mo‘ljallangan yuqori aniqlikdagi hujum zarbalarini amalga oshirishga» tayyor ekanini namoyish etdi.

Foto: Indian Navy

Hindiston Pokiston bilan munosabatlari keskinlashgani fonida kemalarga qarshi raketalar sinovini o‘tkazdi. Bu haqda mamlakat Harbiy-dengiz floti vakili ma’lum qildi.

«Hindiston Harbiy-dengiz kuchlari kemalarga qarshi o‘t ochish bo‘yicha mashg‘ulotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Bu orqali platformalar, tizimlar va ekipajning uzoq masofalarga yuqori aniqlikdagi hujum zarbalarini berishga tayyorligi yana bir bor tasdiqlandi va namoyish etildi», — deyiladi xabarda.

Raketlarni uchirish so‘nggi kunlarda Hindiston va qo‘shni Pokiston o‘rtasidagi keskinlik kuchaygani fonida o‘tkazildi. Taranglikka 22 aprel kuni Pahalgam shahrida (Jammu va Kashmir hududi) amalga oshirilgan terrorchilik harakati sabab bo‘ldi. Ushbu hududni Hindiston nazorat qiladi, biroq unga uzoq yillar davomida Pokiston ham da’vo qilib keladi.

Qurollangan jangarilar Pahalgamdagi turistlarga hujum qilishi oqibatida 26 kishi halok bo‘ldi, yana o‘nlab odamlar yaralandi. Hind kuch tuzilmalarining taxminicha, hujumni olti nafar jangari uyushtirgan. Ular Baysaran vodiysidagi so‘qmoq bo‘ylab harakatlanayotgan sayyohlarga o‘t ochgan. Hujum uchun mas’uliyatni «Kashmir qarshiligi» qurolli guruhi o‘z zimmasiga olgan. Hindiston hujumni Pokiston bilan bog‘lamoqda.

Hindiston hukumati Pokistonga qarshi qat’iy choralar ko‘rdi, jumladan, uning diplomatlarini mamlakatdan chiqarib yubordi va Hind daryosi suvlaridan foydalanish to‘g‘risidagi shartnomani to‘xtatib qo‘ydi. Pokiston tomoni ham bunga qarshi choralar bilan javob qaytardi, xususan, hind aviakompaniyalari uchun o‘zining havo makonini yopdi. Mamlakat hukumati Hind daryosi suvining to‘xtatib qo‘yishga bo‘lgan urinishni urush akti sifatida qabul qilishlarini bildirdi. Mamlakat qishloq xo‘jaligi va energetikasining katta qismi ushbu suv oqimini barqarorligiga bog‘liq.

Hindiston va Pokiston chegarasida uch kechadan beri otishmalar yuz bermoqda. Pokiston Mudofaa vazirligi agar Hindiston eskalatsiyaga bormasa, harbiy harakatlarni boshlamasligini ta’kidlagan.

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi 27 aprel kuni mamlakat aholisiga murojaat yo‘llab, Nyu-Dehli sayyohlarning o‘limiga aloqador shaxslarni javobgarlikka tortishini ma’lum qildi.

Mavzuga oid