Sport | 16:39 / 27.04.2025
8250
17 daqiqa o‘qiladi

«Real»dan nihoyat munosib qarshilik. Anchelotti o‘yinni qanday o‘zgartirdi?

«Real» nihoyat klasikoda «Barsa»ga jang taklif eta oldi. Karlo nimani o‘ylab topdi-yu, nima yetishmadi?

Foto: Global Look Press

«Real» va «Barselona» dunyo futbolida eng asosiy to‘qnashuvlardan hisoblansa-da, doim ham biror musobaqa finalida to‘qnash kelavermaydi. Superkubok uchun o‘yinlarni qo‘shmaganda, g‘olib jamoa yakunida boshi uzra kubok ko‘targan klasiko o‘yinlari faqat Qirollik kubogida finallarida kuzatilgan va tarixda faqat 8 marta shunday holat kuzatilgan. Oxirgi paytlarda esa juda kam, asrimiz davomida faqat 2011 va 2014 yillarda Valensiyada bo‘lib o‘tgan finallarda muxlislar klasiko guvohi bo‘lgan. Har ikki o‘yin ham madridliklar g‘alabasi bilan yakuniga yetgandi. Shu omillar tufayli ham bu safargi finalga qiziqish katta edi, o‘yin oldidan ro‘y bergan turli voqealar, hakamlik mojarosi ham intrigani cho‘qqiga ko‘tardi, barchaning e’tiborini o‘ziga jalb qildi.

O‘yin oldidan

Bevosita futbolning o‘ziga to‘xtaladigan bo‘lsak, o‘yin oldidan har ikki jamoada ham yo‘qotishlar yetarli edi. Ayniqsa, ikki tomondan ham asosiy to‘purarlar – Robert Levandovski va Kilian Mbappe asosiy tarkibdan o‘rin olmagani – murabbiylarga yangi rejalar uchun majburiyat yukladi. Shuningdek, «Real»da himoya chizig‘idagi eski jarohatlarga qo‘shilib, Kamavinga ham mavsum oxirigacha safdan chiqqani, Flik esa Baldening yordamidan foydalana olmasligi turli taktik manevrlar imkoniyatini cheklashi tayin edi.

«Real»da Mbappening o‘rnini hech kim bosa olmaydi. Ayniqsa, hozir, chunki jamoa o‘yin tashkil qilish borasida muammolarga duch kelmoqda. Bunday ssenariyda, ayniqsa, raqib tashabbuskor futbol ko‘rsatayotganda «Real» qarshi hujumlarga chiqishi, to‘pni Mbappega yetkazib berib, undan individual mahorat kutilishi ancha mantiqli rejalardan biri sanaladi. Anchelotti ilk daqiqalardan fransiyalik hujumchidan foydalana olmasligi uni mana shu muhim kuzirdan mahrum etdi.

Kataloniyaliklarda esa Levandovskidan ham ko‘ra Baldening jarohati o‘yin uslubiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Aynan chap qanot himoyachisi hujumlarga faol qo‘shilishi Rafinyaning ham imkoniyatlarini kengaytiradi. Ma’lumki, «Lids»da ham, Xavi boshqaruvi davrida ham vinger sifatida harakat qilgan braziliyalik futbolchi Flik davrida umuman boshqa saviyaga chiqdi. Unga topshirilgan yangicha rol – chap yarim qanotda va markazda faol harakat qilish, kerak paytda jarima maydonida paydo bo‘lish hisoblanadi. Bunga esa Keytaning chap qanotdagi roli zamin yaratadi – himoyachi aut chizig‘iga yaqin nuqtadan hujumni qo‘llab-quvvatlab, qanotni kengaytiradi, ya’ni raqib himoyachisini chetga tortadi. Bu esa Rafinyaga kerakli nuqtalarda bo‘shliqlar yaratib beradi. Balde maydonga tushmagan o‘yinlarda yoki Yamalga dam berilib, Rafinyadan avvalgidek vinger sifatida foydalanishganda ushbu mavsumda biz o‘rganib qolgan, «Oltin to‘p»ning asosiy favoritlaridan biri bo‘lgan Rafinyani ko‘rmaymiz.

Xullas, har ikki murabbiy raqibiga kutilmagan syurpriz tayyorlamadi, har ikkisi ham bir kun oldin taxmin qilingan futbolchilarni asosiy tarkib sifatida tanlashdi. Balki, aynan mana shu yerda ko‘proq Anchelottida xato bo‘lishi mumkin.

O‘yin

Sababi, aynan dastlabki daqiqalar, umuman birinchi bo‘lim to‘liq «Barselona» ustunligida o‘tdi va tanaffusga faqat minimal farq bilan yo‘l olingani madridliklarning omadi kelganidir. Butun uchrashuvni uchta alohida davrga ajratib tahlil qilish mumkin.

Birinchi davr – dastlabki 45 daqiqa. Bu palla to‘liq «Barselona» ustunligida o‘tdi. To‘p nazorati 63 ga 37, zarbalar soni 9:1, darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar 4:0, burchak to‘plari 5:1. Umuman, barcha ko‘rsatkichlarda kataloniyaliklarning ustunligi sezildi.

«Real» to‘pni nazorat qilish, maydon markazidan o‘tib, hujum tashkil qilishda ham muammolarga duch keldi. Bir-ikki xavfli hujum ham ofsayd tufayli to‘xtab qoldi. Qisqasi, «Real»da raqibga taklif qiladigan na bir syurpriz, na hamma o‘rganib qolgan salobatli xotirjamlik kuzatildi.

Shu o‘rinda yuqorida aytilgandek, Mbappe orqali qarshi hujumlar imkoniyati yo‘qolgan ekan, Anchelotti ilk daqiqalardanoq Luka Modrich bilan o‘ynashi mantiqliroq bo‘lishi mumkin edi. Xorvatiyalik futbolchi madridliklar tarkibida eng tajribali futbolchi hisoblanadi – uning xotirjamligi va tempni boshqarish qobiliyati «Real»ning boshqa o‘yinchilariga ham o‘ziga bo‘lgan ishonchni qaytaradi. Avvalgi ikki klasikoda «Barselona» yirik hisobda g‘alaba qozongani tufayli, «Real» futbolchilarida qo‘rquv va o‘ziga nisbatan ishonchsizlik ham yo‘q emasdi

Himoyalanishda Anchelotti tashkil qilgan va bo‘lim davomida ishlagan yagona reja – raqib futbolchilari orasidan izolyatsiya qurboni sifatida aynan Jyerar Martin tanlangani. Baldening o‘rnida harakat qilgan Martin to‘p bilan muomala qilishda, ayniqsa, hujumlarga qo‘shilishda jamoaning eng bo‘sh nuqtasi hisoblanadi. «Real» pressingda va «Barselona» hujumi paytida ataylab Martinni ochiq qoldiraverishdi. Tabiiyki, «Barselona» futbolchilarida to‘pni ancha ochiq va qulay pozitsiyada turgan Martinga yetkazib berish vasvasasi ustun kelaverdi. Martin 1-bo‘limda «Barselona» tarkibida to‘p bilan eng ko‘p uchrashgan futbolchilardan biri bo‘ldi. Bu holat esa kataloniyaliklarning juda ko‘p potensial xavfli hujumlari aynan Martin orqali ko‘ngildagidek davom etmaganini ta’kidlash kerak.

Ikkinchi davr – 48-77 daqiqalar. Bu davr to‘lig‘icha «Real» ustunligida kechdi. Tanaffusdan so‘ng Rodrigo o‘rniga Mbappe tushishi, 55-daqiqalardan esa Sebalios va Vaskes o‘rniga Guler va Modrich maydonga tashlanishidan so‘ng «Real» ham hujumda xavfli, ham to‘p nazoratida ishonchli o‘ynay boshladi. O‘ng qanotdagi Vaskes o‘rniga Valverde o‘tishi, Valverdening 1-bo‘limdagi o‘rnini Guler, Sebalios o‘rnini esa Modrich, Rodrigo o‘rnini Mbappe egallashi – «Real»da birdaniga to‘rt chiziqda hujumkorroq ijrochi paydo bo‘lishini ta’minladi.

Natijada, bu oraliqda darvozaga berilgan zarbalar soni 9:3, darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar 7:1, burchak zarbalari 5:2 ko‘rinishida, birinchi bo‘limdan farqli o‘laroq, «Real» foydasiga bo‘ldi. Aynan mana shu pozitsiya almashuv jarayonidagi tushunmovchilik paytida «Barselona»da qarshi hujumda ikkinchi golni urib, intrigani o‘ldirish imkoniyati bor edi, ammo Olmo va Rafinyaning noto‘g‘ri qarorlari tufayli bu ro‘y bermay qoldi. «Real» esa mana shu yarim soatning oxirgi qismida ikkita standart vaziyatni golga aylantirdi.

Uchinchi davr – 77-120 daqiqalar. Bu davr mobaynida «Barselona» hisobni tenglashtirgan va yakunda g‘alaba golini ham urgan bo‘lsa-da, bir jamoaning to‘liq ustunligini yoki pasayishi kuzatilgani haqida gapirish noto‘g‘ri bo‘ladi. 77-90 daqiqalar oralig‘ida vaziyatlar soni 2:1, qo‘shimcha vaqtlarda esa 3:2, «Barselona» foydasiga. Qo‘shimcha bo‘limlarda esa «Real» xavfliroq ko‘rindi. Bir necha ancha xavfli yurishlar ofsayd tufayli statistikada ko‘rinmaganini qayd etish mumkin.

«Real» yaxshiroq o‘ynaganini bu jamoada ikkinchi bo‘lim davomida va qo‘shimcha bo‘limlarda maydonga tushgan Mbappe, Modrich, Guler, Dias, Endrik kabi futbolchilar o‘yinni boshqarish va o‘yinda yetakchilikni qo‘lga olishda «Barselona» safida zaxiradan tushganlardan ustunligi bilan bog‘lash mumkin.

Kataloniyaliklarda Pedri, Torres, de Yong, Olmo o‘rniga chiqqan Fermin, Gavi, Pau Viktor, Arauxo kabi futbolchilar faqat jismoniy tomondan nimadir qo‘shishi mumkin, ammo o‘yinni nazorat qilish sifatida pasayish yuzaga kelishi tabiiy.

«Real»da esa har chiziqda almashtirilgan futbolchilar avvalgilardan kam emas. Shuning uchun ham qo‘shimcha bo‘limlarda «Barselona» o‘yinini dastlabki daqiqalardan o‘ynagan futbolchilar boshqargan bo‘lsa, «Real»da asosiy rollarda Mbappe, Guler, Modrich kabi keyinroq o‘yinga qo‘shilganlar bo‘ldi. Shu tufayli «Real» hujumlari ancha tezkorroq va xavfliroq ko‘rina boshladi.

Shu tomondan olib qaralsa, hisobda ortda borayotgan «Barselona» qarshi hujumda hisobni tenglashtirgani ham, hal qiluvchi gol paradoksal ravishda «Real» uslubida, ya’ni birgina vaziyatdagi kutilmagan pressing va qaror natijasida urilgani ham mantiqan asosli tuyuladi. Ispaniyadagi faoliyati davomida Qirollik kubogida har mavsumda bittadan gol urib kelayotgan Kundening bu safargi zarbasi final taqdirini hal qildi va 1990 yildan buyon ilk marta «Barselona»ning «Real» ustidan final o‘yinida g‘alaba qozonishini ta’minladi.

«Barselona» trebl, «Real» o‘zgarishlar ostonasida

O‘tgan mavsumdagi uch klasikoda ham «Real» g‘alaba qozongan, umumiy to‘plar nisbati – 9:4. Bu safar esa «Barselona» umumiy 12:4 hisobida uch g‘alabaga erishdi va hozircha Ispaniya Superkubogi va Qirollik kubogini azaliy raqibidan tortib oldi. Bu ikki qutbli natijalar o‘rtasida jamoalar tarkibi deyarli o‘zgarmadi, asosiy farq kataloniyaliklar boshqaruviga Hans-Diter Flik kelgani bo‘ldi. Bu xuddi 2008-yillarda Raykard o‘rniga Gvardiola kelishi klasikolardagi ustunlikni sezilarli darajada «Barselona» foydasiga o‘zgartirib yuborganini eslatib yubordi.

Jamoa bu darajaga aynan Flik tufayli yetib kelgani shubhasiz –tarkibdagi bir qator futbolchilar o‘yin darajasi bo‘yicha sezilarli o‘sishdi, ikkinchidan, to‘g‘ri jismoniy tayyorgarlik tufayli «Barselona» ko‘p yillardan beri ilk marta bahorga kelib boshqalardan ustunroq sport formasiga ega bo‘lmoqda. Hatto mavsum davomida deyarli barcha o‘yinlarda maydonga tushib kelayotgan futbolchilarda ham pasayish sezilmayapti.

Bizni ikki haftadan so‘ng navbatdagi, bu mavsumda to‘rtinchi klasiko kutib turibdi. Bu safar jamoalar La Liga chempionligi masalasini hal qiladi. Ochkolar bo‘yicha «Barselona» ayni paytda 4 ochkolik ustunlikka egaligi inobatga olinsa, katta ehtimol bilan, bu sovrin ham Flik shogirdlariga ketadi. Kelayotgan haftalarda «Barselona»ni YeChL yarimfinalida «Inter»ga qarshi yarimfinal o‘yinlari ham kutib turibdi.

Madridda esa biroz teskari hissiyotlar. YeChLdan chiqib ketganidan so‘ng jamoadagi ijobiy muhit, o‘ziga bo‘lgan katta ishonch yo‘qolib qoldi, hatto ashaddiy muxlislar ham ko‘proq kelasi mavsum haqida qayg‘urishni boshlashdi. Turli xabarlar shu darajaga yetdiki, bir necha oy oldin 2029 yilgacha Madridda ishlash rejasi borligini bot-bot takrorlagan Karlo Anchelotti ham kelajagi haqida biroz mujmal javoblar bermoqda.

«Mening ketishim kelasi haftalarda kun tartibida bo‘ladi, bugun emas», – deb javob berdi italiyalik mutaxassis o‘yindan so‘ng.

Luka Modrich va Anchelotti ketishi bilan so‘nggi o‘n yildagi «Real» davri yakuniga yetadi va yangisi boshlanadi. Agar bu ish deyarli hamma ruhan tayyor bo‘lgan shu yozda amalga oshmasa, kelasi mavsum boshlaridagi muvaffaqiyatsizliklar klub muhitini butunlay buzib yuborishi mumkin.

Hakam

O‘yin oldidan sodir bo‘lgan voqealar klasikoda ikki jamoadan tashqari uchinchi bosh qahramonli ssenariy taqdim etishi kerak edi – Rikardo de Burgos. O‘yindan avvalgi voqealar haqida mazkur havolada batafsil ma’lumot berilgan edi. Aytish mumkinki, o‘sha voqealar hakamlarga ortiqcha bosim o‘tkazdi, bosh hakam juda ko‘p qarorlarini futbolchilarga tushuntirish orqali, o‘yin tizginini chiqarib yubormaslik dardida yondi. Yaxshiyamki, bir qator shubhali penalti vaziyatlari ofsayd tufayli o‘rtadan ko‘tarildi, aks holda kechagi o‘yin eng mojaroli klasiko sifatida xotirada qolishi ham mumkin edi.

O‘yin davomida kuzatilgan barcha bahsli vaziyatlarda de Burgos qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ymaganini ta’kidlash kerak. Asosiy vaqtning so‘nggi daqiqalarida Rafinyaga fol uchun belgilagan penaltisini VAR  yordamida bekor qildi. Ferran Torres bilan bog‘liq vaziyat ham katta ehtimol bilan yaqqol penalti holati emasdi. Mbappeni yiqitishganda ham ikki himoyachi yaqin ta’qibda bo‘lganidan, qizil kartochka ko‘rsatilmagani to‘g‘ri bo‘ldi.

Qizig‘i, aslida har ikki tomonga ham bahsli qarorlar ro‘y bergan bo‘lsa-da, o‘yin oxirida «Real» futbolchilarining hakamga qarshi agressiv harakatlari tushunarsiz. Bunday reaksiyaga o‘yin paytidagi qarordan ko‘ra, uchrashuvdan oldingi gap-so‘zlar, hakamga nisbatan «dushmanlik» munosabatlari ro‘y o‘ynagan bo‘lishi kerak. Bellinghem, Ryudiger va Vaskes o‘yin tugashi arafasida qizil kartochka bilan jazolandi. Ispaniya kubogidagi kartochkalar La Ligaga ta’sir ko‘rsatmasa-da, reglament bo‘yicha hakamga qarshi bu qadar keskinlik alohida ko‘rib chiqiladi va bir necha o‘yinga diskvalifikatsiya ko‘zda tutilgan. Bu holatda chetlatish La Liga o‘yinlariga ham ta’sir qiladi. Ayniqsa, Antonio Ryudigerning hakamga qarata muz bo‘lagini otgani og‘ir holat sifatida baholanmoqda va hatto 4-12 o‘yinga diskavalifikatsiya masalasi ko‘tarilyapti. Shundoq ham markaziy himoyada muammolar mavjud paytda chempionatning hal qiluvchi pallasida bu jiddiy yo‘qotish.

Bir tarafdan, so‘nggi yillarda futbolning qiroli, xotirjam va salobatli, har qanday vaziyatdan g‘olib bo‘lib chiqib ketuvchi kuch sifatida tasavvur yaratgan «Real»ning bu mavsumda «hamma dushman» rejimiga o‘tib olishi Florentino Peresning qarorlari, Liga bilan dahanaki janglari bilan bog‘liqdek. Bu esa Qirollik klubi uchun biroz xunuk holat. Ammo boshqa tarafdan, muxlislar so‘nggi yillarda ancha do‘stona klasikolardan  zerikib qolishgandi, kechagisi farq qildi, qaysidir jihatdan, o‘sha Mourinio – Pep davridagi to‘qnashuvlarni eslatib yubordi. Bu esa betaraf muxlislar uchun ayni muddao.

Kechagi o‘yinda «Real» qo‘lga kiritgan asosiy yutuq ham shu. Ancha ilojsiz va bir tomonlama kechgan ikki klasikodan so‘ng, nihoyat «Real» ham o‘z «tishini ko‘rsatib qo‘ydi» va bu keyingi o‘yinlarda jamoaga ishonch beradi.

Q.Aslanov

Mavzuga oid