Sport | 11:37
13363
18 daqiqa o‘qiladi

«Siti» finalga chiqdi, «Roma» va Shomurodov «Inter»ni to‘xtatdi. Kun o‘yinlari

Yakshanba oqshomida Yevropa chempionatlarida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat. 

Foto: Getty Images

Angliya: «Siti»ning omadi keldi

Angliya kubogi. Yarimfinal
«Nottinghem Forest» – «Manchester Siti» 0:2
Gollar:
Lyuis 2, Gvardiol 51.
«Nottinghem Forest»: Sels, Ebbott (Sosa 83), Milenkovich, Murillo, Toffolo, Gibbs-Uayt, Dominges (Jota Silva 82), Danilu (Elanga 46), Anderson (Sangare 71), Vud (Avoniyi 71), Hadson-Odoi.
«Manchester Siti»: Ortega, Nunes, Diash, Gvardiol, O'Rayli, Kovachich (Niko 89), Lyuis, Savinio (Foden 81), Silva, Grilish (Gundo‘g‘an 71), Marmush (Doku 81).
Ogohlantirishlar: Gibbs-Uayt 65, Sosa 90+3 – Grilish 55, O'Rayli 78, Ortega 87.

Angliya Kubogining ikkinchi yarimfinal o‘yini «Nottinghem» uchun maksimal darajada noqulay ssenariyda boshlandi. Ma’lumki, «o‘rmonchilar» uchun ideal variant — hisobni ochib olish bo‘ladi. Ammo «Uembli»da 2-daqiqadayoq «Manchester Siti» hisobda oldinga chiqib oldi – 20 yoshli himoyachi Riko Lyuis hujumni jarima maydoni chizig‘idan yo‘llagan kuchli zarbasi bilan yakunlandi. «Forest» darvozaboni Sels – APLning bu mavsumida «quruq» o‘yinlar soni bo‘yicha yetakchi, ammo bu holatda unda jamoasini qutqarish imkoniyati umuman yo‘q edi.

«Siti» ishonchli o‘ynashda davom etdi, jamoaning boshqa bir 20 yoshli tarbiyalanuvchisi O'Rayli esa bir necha holatda Zidanning fintini ishlatishga o‘zida jur’at topdi, uning xavfli zarbasi ustun yonginasidan o‘tib ketdi. Birinchi bo‘limda nominal mezbonlar vaziyatlar ko‘p bo‘lmadi, «Forest»da esa umuman yo‘q edi – birinchi bo‘limda birorta ham zarba berilmadi. Ikkinchi bo‘lim esa «Forest»ning chinakamiga xavfli vaziyati bilan boshlandi. Ammo Elanga qanotdan oshirilgan to‘pni qulay vaziyatda turib to‘g‘ri tepa olmadi.

«Siti» uchun bu epizod ogohlik qo‘ng‘irog‘i edi. 50-daqiqada «shaharliklar» bir necha to‘lqinda davom etgan, uzoq cho‘zilgan hujum uyushtirdi. Qaytarilgan to‘pga birinchi bo‘lib Kovachich yetib keldi, u darhol zarba berdi, ammo to‘p «Forest» himoyachisi qo‘liga tegib maydonga chiqib ketdi. Bu penalti bo‘lib ko‘ringandi, ammo hakam vaziyatni e’tiborsiz qoldirdi, VAR ham aralashmadi. «Siti»ga esa burchak zarbasi ham yetarli bo‘ldi, Gvardiola barchadan baland sakrab, bosh bilan darvozani ishg‘ol qildi – 2:0.

Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida «Forest»da gol urish uchun bir necha vaziyat yuzaga keldi, ammo Gibbs-Uaytning to‘rt daqiqa ichida yo‘llagan ikki zarbasi darvoza to‘sini va ustuniga tegdi. Ko‘p o‘tmay Avoniyining zarbasi ham o‘sha ustunga bordi.

Foto: Mark Leech/Getty Images

Natijada, ikkinchi bo‘limda keragidan ortiq golli vaziyatlar yaratilgan bo‘lsa-da, 79-daqiqaga qadar «Forest»da darvoza sohasiga borgan birorta zarba yo‘q edi. «Siti» omad evaziga qatorasiga uchinchi bor finalga yo‘l oldi va 17 may kuni «Kristal Pelas»ga qarshi finalda mavsumni sovrin bilan yakunlash imkoniga ega bo‘ladi. Finalda «Siti» g‘alaba qozongan taqdirda, APLda yettinchi o‘rin egasi Yevropa ligasida, sakkizinchi o‘rinni olgan jamoa – Konferensiyalar ligasida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

APL. 34-tur
«Bornmut» – «MYu» 1:1
Gollar:
Semenio 23 – Hoylund 90+6.
«Bornmut»: Arrisabalaga, Smit, Heysen, Zabarniy, Kerkez, Skott (Kuk, 72), Adams, Semenio (Sensi, 85), Klyuyvert (Taverniye, 72), Uattara (Jyebbison 90+8), Evanilson
«Manchester Yunayted»: Onana, Shou, Maguayr (Lindelof, 66) Yoro, Mazraviy (Obi, 76), Meynu (Maunt, 65), Kazemiro (Ugarte, 65), Dorgu (Eriksen, 90), Garnacho, Hoylund, Fernandesh.
Ogohlantirishlar: Adams (21), Heysen (63), Klyuyvert (65), Smit (71) – Dorgu (58), Shou (79).
Chetlatish: Evanilson (68).

Yevro-2024 turniridan buyon boshlang‘ich tarkibda tushmagan Shou 90 daqiqa o‘ynashga tayyorligi «MYu» muxlislari uchun bu mavsumda APLda kamdan kam uchrayotgan ijobiy holatlardan biri bo‘ldi. Ammo birinchi bo‘lim o‘rtalariga borib muxlislar yana g‘amgin holatda qolishdi. Garnacho o‘z imkoniyatidan foydalana olmadi, qanotda Patrik Dorgu navbatdagi xatoga yo‘l qo‘ygach, to‘p yo‘qotilishi mehmonlar uchun gol o‘tkazish bilan yakunlandi. Undan to‘pni olib qo‘ygan Adams jarima maydoniga uzatma berdi, u yerda turgan Evanilson esa to‘pni Semenioga qulay qilib tashlab berdi. U esa joriy mavsumda raqiblar darvozalari tomon 117-zarbasini yo‘lladi, ushbu forvard ayni vaqtda turnirning eng ko‘p zarba beruvchi futbolchisi bo‘lib turibdi.

Ikkinchi bo‘limda VAR yordamida Evanilson maydondan chetlatildi. Mazraviyning oyog‘iga butsasining tag qismi bilan zarba yo‘llagan braziliyalik futbolchi o‘yin qahramonidan antiqahramonga aylandi, Ruben Amorim jamoasi qolgan daqiqalarni Kepa darvozasini shturm qilish bilan o‘tkazdi va o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda bu samara keltirdi. Ugartening o‘xshamagan zarbasidan keyin darvozabon maydonchasida turgan Hoylund to‘pni darvoza to‘riga yo‘naltirib yubordi. «Yunayted» uchun bu g‘alabaga teng durang bo‘ldi. G‘alabani qo‘ldan boy bergan «Bornmut»ni ham tabriklash mumkin: Andoni Iraola qo‘li ostida butunlay o‘zgargan «olchalar» jamoasi APLda ilk bor bir mavsumda 50 ochko jamg‘ardi.

«Liverpul» – «Tottenhem» 5:1
Gollar:
Dias 16, Makk Allister 24, Gakpo 34, Saloh 63, Udoji 69 (avt) – Solanke 12.
«Liverpul»: Alisson, Aleksander-Arnold (Endo, 76), Konate, van Deyk, Roberson, Gravenberx, Mak Allister (Nunes, 83), Saloh, Soboslai (Jons, 69), Gakpo (Jota, 69), Dias (Elliott, 76).
«Tottenhem»: Vikario, Spens, Danso, Devis, Udoji, Bergvall, Grey (Sarr, 46), Meddison (Kulusevski, 46), Jonson, Solanke (Risharlison, 68), Tel (Odober, 68).
Ogohlantirishlar: Gakpo (34), Elliott (90+4) — Risharlison (90+4).

Kunning asosiy voqeasi — «Liverpul» yigirmanchi chempionlik titulini rasmiylashtirishi bo‘ldi. Qizillarga buning uchun durang ham kifoya qilardi, ammo «Enfild»dagi o‘yinda mezbonlar pragmatik o‘yin o‘tkazmoqchi emasdi. «Tottenhem»ning hisobni ochuvchi goli esa mersisaydliklarning jahlini chiqarib yubordi. Avvaliga Diasning goli bekor qilindi, ammo ofsaydni aniqlash tizimi hakamning xatosini to‘g‘riladi. Tizim kolumbiyalikka golli uzatma bergan Soboslai to‘g‘ri holatda bo‘lganini qayd etdi. Bir necha daqiqa o‘tib urilgan ikkinchi golga esa hech qanday savol tug‘ilmadi, Mak Allister jarima maydoni tashqarisidan turib yo‘llagan zarbasi bilan to‘pni darvoza to‘riga joyladi.

Bo‘lim davomida Gakpo ham «shporlar» darvozasini ishg‘ol etgach, Liverpulning qizil qismi bayramni boshlab yubordi. Bunday bayram esa Salohning golisiz kechishi to‘g‘ri bo‘lmasdi — u golini tribunadagi fanatlar bilan selfi qilish orqali nishonladi. Arne Slot Yurgen Klopp qoldirgan jamoani buzib qo‘ymadi, uni yanada yaxshiladi va endi jamoa Angliyadagi chempionlik titullari soni «MYu»niki bilan tenglashdi.

Ispaniya: «Sariq submarinalar» YeChL tomon suzmoqda

«Vilyarreal» — «Espanyol» 1:0
Gol:
Pino, 52

Shanba kuni Ispaniyada Kubok finali o‘tkazilgandi. Yakshanba kuni la liga doirasida yagona uchrashuv bo‘lib o‘tdi — avvalroq noqulay ob-havo tufayli keyinga qoldirilgan bu o‘yinda ham ko‘p narsa hal bo‘ldi. Gap Chempionlar ligasi yo‘llanmasi haqida ketmoqda, yangi mavsumda Ispaniyadan asosiy yevrokubokda beshta jamoa ishtirok etadi. Hafta o‘rtasidagi o‘yinlardan keyin «Betis» beshinchi o‘ringa ko‘tarilgandi. Endi esa «Vilyarreal» bu o‘rinni qaytarib oldi. Ikkinchi bo‘limda Yyeremi Pinoning goli o‘yin taqdirini hal qildi, u to‘pga bir teginishda yaqin burchakka zarba yo‘llab, raqib darvozabonini dog‘da qoldirdi. Umuman olganda, «sariq submarinalar»da taqvim nisbatan osonroq, jamoaning qolgan o‘yinlardagi yagona qiyin raqibi bo‘lgan «Barselona»ga qarshi safar o‘yini 37-turda o‘tkaziladi, bu vaqtga borib kataloniyaliklar allaqaon chempionlikni rasmiylashtirgan bo‘ladi.

Italiya: «Yuventus» taslim bo‘lmayapti

A Seriya. 34-tur
«Venetsiya» — «Milan» 0:2
Gollar:
Pulishich (5), S.Ximenes (90+6). 
«Venetsiya» — Radu, Shingtin (Markandalli, 64), Idzes, Kande, Zerbin, Buzio (Kike, 64), Nikolussi-Kavilya, Konde (Oristanio, 67), Xaps (Zampano, 80), Fila (Gyutkayer, 64), Yyeboa.
«Milan» — Menyan, Tomori, Gabbiya, Pavlovich, A.Ximenes (Loftus-Chik, 70), Fofana (Terrachano, 88), Reynders, Ernandes, Pulishich (Feliks, 88), Abraham (S.Ximenes, 64), Leau (Uoker, 71). 
Ogohlantirish: Kande (25).

O‘tgan hafta o‘rtasida derbida g‘alaba qozonib, Italiya kubogi finaliga chiqqan «Milan» Venetsiyada kun o‘yinlarini ochib berdi. Rossonerilar ilk daqiqalardan pressing uyushtirib, mezbonlarni qiyin ahvolda qoldirdi, 5-daqiqada Fofana to‘pga bir teginishda Pulishichni darvoza qarshisiga chiqardi. Faqat debyutdagi oson o‘yin aldamchi bo‘lib chiqdi va shundan keyin A seriya turnir jadvalining quyi pog‘onalarida borayotgan jamoa nomdor raqibga jiddiy raqobat ko‘rsatdi. Goh Menyanning seyvi, goh zarbaga aniqlik yetishmasligi mehmonlarni goldan qutqarib turdi, Yyeboa baribir darvozani ishg‘ol etganida esa hakamlar ofsayd holati qayd etdi. Serjiu Konseysau jamoasi o‘yin oxirigacha muxlislarni xavotirda ushlab turdi va faqat qo‘shimcha daqiqalarda o‘yin masalasiga nuqta qo‘yildi — maydonning ikkinchi qismida standart vaziyatni ijro etgan Reynders Santyago Ximenesni darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqarib yubordi. Ammo bu g‘alabadan keyin ham «Milan» asosiy yevrokuboklarga yo‘llanma beruvchi oltilikdan ancha ortda qolmoqda. Jamoaning barcha umidi — kubok finalidan.

«Inter» — «Roma» 0:1
Gollar:
Soule 22.
«Inter»: Zommer, Pavar (Bissek 15), Acherbi, Augusto, Darmian (Dumfris 64), Chalhanoglu, Barella (Zelinski 80), Frattezi (Korrea 80), Dimarko (Zalevski 64), Arnautovich, Martines.
«Roma»: Svilar, Chelik, Manchini, Ndika, Anxelinio, Kone (Gurna-Duat 68), Kristante, Pellegrini (Pisilli 68), Soule (Rensh 85), Shomurodov (Baldansi 58), Dovbik (Al-Sha’roviy 85).
Ogohlantirishlar: Martines 45 – Manchini 3, M. Kone 63.

«Inter» esa shu kuni kubokdagi fiasko uchun o‘zini oqlash va chempionatdagi peshqadamlikni qaytarib olish uchun maydonga tushdi. Ammo maydonda voqealar rivoji neradzurilar foydasiga kechmadi, ofsayd tufayli tezkor gol bekor qilindi, keyin esa Pavar jarohat olib safdan chiqdi. Bo‘lim o‘rtalarida jarima maydonida Soule Shomurodovdan kelgan to‘pni darvozaga yo‘lladi va hisob ochildi. Bir necha daqiqa o‘tib Eldorning o‘zida shu kabi vaziyat yuzaga keldi, ammo uning zarbasi yo‘liga raqib himoyachisi to‘g‘anoq bo‘ldi. Yana bir vaziyatda Karlos Augusto to‘pni darvoza chizig‘i ustida qaytarib qoldi.

Ikkinchi bo‘limda Simone Indzagi «Roma»ni jarima maydoniga qamab qo‘yishga kirishdi, rimliklar bosh murabbiyi Klaudio Raniyeri esa Shomurodovni maydondan olib, o‘rniga himoyachi Baldansini tushirdi. Ikkinchi bo‘lim davomida mehmonlarning maydonda qoldirilgan ikkinchi hujumchisi Artyom Dovbik juda qulay vaziyatda to‘pni osmonga qarata tepdi. Lekin jamoa g‘alabali hisobni saqlab qoldi, Raniyeri boshqaruvida «bo‘rilar» 18 turdan buyon yutqazmayapti va Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashda qolmoqda.

Qatorasiga uchinchi o‘yinda yutqazgan «Inter» esa jarlikka qarab ketmoqda. Bunday holatda jamoa «Barselona»ga qarshi tura olishi — savol ostida. Milanliklar 2012 yil fevralidan buyon qatorasiga uch o‘yinda gol urmasdan yutqazishi kuzatilmagandi.

«Yuventus» — «Monsa» 2:0
Gollar:
Gonsales 11, Kolo Muani 33. 
«Yuventus»: Di Gregorio, Kalulu, Veyga, Kelli, Makkenni, Lokatelli, Tyuram (Savona 58), Kambiazo (Vea 57), Gonsales (Koshta 74), Yildiz, Kolo Muani.
«Monsa»: Turati, Pereyra, Kaldirola, Karboni, Birindelli (Petanya 63), Kastrovilli (Sensi 74), Byanko (Churriya 80), Akpro (Forson 63), Kiryakopulos, Mota (Vinyato 81), Kaprari.
Ogohlantirishlar: Veyga 32, Savona 59, Koshta 86 - P. Pereyra 75, Kaldirola 80, A. Karboni 86.
Chetlatish: Yildiz 45+2.

«Atalanta» — «Lechche» 1:1
Gollar:
Retegi 69 (pen) — Karlson 29 (pen).
«Atalanta»: Karnezekki, Kossunu (Rudjyeri 59), Hiyen, Jimsiti, Bellanova (Kuadrado 46), Ederson (Samarjich 80), De Roon, Zappakosta, Pashalich (De Ketelare 64), Lukman, Retegi (Maldini 80)
«Lechche»: Falkone, Jilber, Gashpar, Bashirotto, Gallo, Kulibali, Piyerre (Ramadani 85), Kaba, Perotti (D. Veyga 76), Rebich (Burnete 85), Karlsson (Xelgason 70)
Ogohlantirishlar: Zappakosta 78 — Gallo 49

Dushanba kuni «Bolonya» «Udineze»ga qarshi safar o‘yinini yakunlagunicha «Yuventus» to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Lekin ligani tark etishi aniq bo‘lib ulgurgan «Monsa»ga qarshi o‘yinda ham byankonerilar muammoga duch kelishdi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Kenan Yildiz raqibni urib yubordi va maydondan chetlatildi. Turinliklar baxtiga bu vaqtga kelib hisob Niko Gonsales va Kolo Muanining gollari evaziga 2:0 ko‘rinishiga keltirilgandi.

«Keksa sinioralar» uchun keyingi turda Bolonya maydoniga safar hal qiluvchi o‘yin bo‘ladi. Bu uchrashuvdagi g‘alaba mavsum oxiriga kelib tempni tushirgan «Atalanta»dan uchinchi o‘rinni tortib olish imkonini berishi mumkin. Yakshanba kuni Xin navbatdagi marta bergamoliklarga muammo keltirdi va jarima maydoni ichida to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi. Jan Piyero Gasperini jamoasi ham ikkinchi bo‘limda Retegining 11 metrdan urgan goli bilan javob qaytardi. Ushbu forvard klubning Filippo Indzagi (1996/97 yillar mavsumida 24 gol) tomonidan o‘rnatilgan rekordini takrorladi. U bu rekordni yangilashiga ustun xalaqit berdi, ammo hujumchi mavsum yakuniga qadar bu rekordni yangilashi tayin. Endilikda «Atalanta» turnir jadvalida «Yuve»dan uch ochkolik farq bilan oldinda bormoqda. «Bolonya» esa bugungi o‘yinda g‘alaba qozonib, uchinchi o‘rin bilan farqni ikki ochkogacha qisqartirishi mumkin. Bergamoliklarni keyingi turda «Roma»ga qarshi uy uchrashuvi kutmoqda.

«Napoli» — «Torino» 2:0
Gollar:
Maktominey 7, 41 (dubl).
«Napoli»: Meret, Di Lorenso, Raxmani, Buonjorno (Rafa Marin 65), Olivera (Raspadori 86), Politano, Lobotka (Gilmor 86), Angissa (Billing 58), Maktominey, Spinatssola, Lukaku (Simeone 86)
«Torino»: Milinkovich-Savich, Pedersen, Koko (Karamo 68), Maripan, Mazina (Valyukevich 85), Biragi (Lazaro 59), Tamez (Ilich 46), Linetti (Vlashich 59), Elmas, Kasadei, Adams
Ogohlantirishlar: Maripan 44, Ilich 53, Lazaro 90+1

«Napoli» «Inter»ning mag‘lubiyatidan keyinoq real vaqt rejimida yakkapeshqadamga aylanib oldi. Keyin esa neapolitanliklar «Torino»ga hech qanday imkon qoldirmadi.  Neapolga bu safargi skudettoni ham yangi futbolchi olib beradigandek ko‘rinmoqda. Luchano Spalletti jamoasida bunday futbolchi Kvaratsxeliya bo‘lgandi, Antonio Konteda esa Maktominay bor. Ushbu havbekni «MYu»da qadrlashmagandi, ammo u Shotlandiya milliy jamoasida to‘purarlik salohiyatini namoyish etgach, Italiya klubidan taklif olgandi.

Maktominayga qadar «Napoli»dagi ilk mavsumida birorta yarimhimoyachi ikki raqam bilan ifodalanadigan miqdorda gol urmagandi, Skottning gollari soni esa 11 taga yetdi. Yakshanba oqshomida u gollarini klassik markaziy forvard pozitsiyasida turib urdi — Zambo-Angissa va Politanoning uzatmalaridan keyin himoyachilardan ildamroq harakat qildi. Shu bilan birga, «Napoli» uchun bu oson g‘alaba bo‘lmadi — Zambo-Angissa, Lobotki va Buondjorno jarohat olib maydonni tark etdi. Endilikda «Napoli» mavsum yakuniga to‘rt tur qolganida turnir jadvalida «Inter»ni uch ochkolik farq bilan ortda qoldirmoqda.

Mavzuga oid