Sport | 16:20 / 29.04.2025
6503
14 daqiqa o‘qiladi

«Arsenal» va «PSJ» yana finalga chiqmoqchi. YeChL yarimfinalidagi intrigalar

Foto: Shaun Botterill/Getty Images

Seshanba oqshomida Londonda «Arsenal» va «PSJ» o‘rtasida  asosiy yevrokubokning ilk yarimfinal o‘yini o‘tkaziladi. Quyida o‘yin qanday kechishi, kimda qanday ustunlik va kamchiliklar borligi, kimlar diqqat markazida bo‘lishi haqida fikr yuritiladi.

«PSJ» «Arsenal»ga qarshi kuzdagi o‘yindan buyon ancha yaxshilangan

«PSJ» «Arsenal» bilan navbatdagi to‘qnashuvga so‘nggi to‘rt uchrashuvida atigi bir g‘alaba bilan yetib keldi: YeChL chorakfinalida «Aston Villa»ga qarshi o‘yinda 2:3 (bu hisob keyingi bosqichga o‘tish uchun yetarli bo‘ldi), ichki chempionatda chempionlik masalasi hal bo‘lganidan keyin «Gavr» bilan 2:1, «Nant» bilan 1:1 va «Nitssa»dan 1:3 hisobidagi mag‘lubiyat. «Nitssa»ga 31-turda uchralgan mag‘lubiyat – «PSJ» uchun chempionatdagi birinchisi bo‘ldi va mavsumni mag‘lubiyatsiz yakunlash orzusi amalga oshmadi. Bu alamli mag‘lubiyat, ammo natija aldamchi, «PSJ» o‘sha o‘yinda juda ko‘p vaziyat yaratgan, raqib darvozaboni Marsin Bulka 12 ta seyv amalga oshirishga majbur bo‘lgandi – bu mavsumda parijliklarga qarshi o‘yinlarda faqat Alisson bundan ko‘proq seyv ijro etgandi.

Katta ehtimol bilan, so‘nggi oylarni o‘ta kuchli o‘tkazgan «PSJ»da chindan ham pasayish yuzaga keldi, ammo so‘nggi o‘yinlar jiddiy xulosalar chiqarish uchun yetarlicha jiddiy emasdi. «Arsenal»ga qarshi ilk yarimfinal ko‘p narsaga oydinlik kiritadi: «PSJ» o‘yinida chindan ham pasayish bormi yoki bu hal qiluvchi sakrash oldidan nafas rostlashmi?

2025 yilda «PSJ» o‘zini dunyoning eng yaxshi jamoasi maqomiga yaqqol da’vogar sifatida namoyish etdi. Usmon Dembele doimiy harakatdagi to‘qqizlik sifatida porladi. Hujum qanotlarida esa Xvicha Kvaratsxeliya, Dezire Due va Bredli Barkolya asosiy tarkibdagi ikki joy uchun raqobatlashmoqda. Vitinya, Joau Nevesh va Fabian Ruis kabi texnar futbolchilarning barqarorligi bilan maydon markazi yaxlit ko‘rinish olgan. Ashraf Hakimi va Nunu Mendesh – eng kuchli qanot himoyachilari juftliklaridan biri, Mendesh mudofaada balansni ta’minlash uchun tez-tez uchinchi markaziy himoyachi bo‘lib orqada qolsa ham, kerakli paytda hujumlarga qo‘shiladi. Vilyan Pacho istalgan zarbani bloklaydi, mudofaadagi sifatlari bo‘yicha u tajribali Markinosdan qolishmaydi. Janluidji Donnarumma esa aynan YeChL pley-offida kuchli o‘yin ko‘rsatmoqda. 

Luis Enrike to‘p nazorati va futbolchilar bir-birining o‘rnini to‘ldirib harakatlanishiga katta e’tibor qaratadi. Dembele qanotga yoki raqib jarima maydoni tomon yuguradi, qanot hujumchilari o‘rin almashadi, Ruis markaziy hujumchi pozitsiyasiga chiqadi, Mendesh – goh uchinchi markaziy himoyachi, goh chap qanot hujumchisi, goh yarimqanot hujumchisiga aylanadi, Vitinya va Nevesh istalgan joyda paydo bo‘ladi. To‘psiz holatida «PSJ» birinchi navbatda to‘p yo‘qotilishidan oldingi tig‘iz joylashuvi hamda intensiv jamoaviy harakati tufayli ajoyib kontrpressingi bilan ajralib turadi.

Albatta, bu jamoa ideal emas va «Villa»ga qarshi javob uchrashuvi ayrim muammolarni fosh qilgandi. 

Birinchidan, tarkibni yoshartirayotgan «PSJ»ga tajriba yetishmayotgani yaqqol ko‘rinib qolmoqda. Hali YeChL yarimfinali darajasida sinovdan o‘tmagan juda ko‘p yosh iste’dodlar jamlangan. Tajriba yo‘qligi – «PSJ» «Villa» bilan ikkinchi o‘yin davomida umumiy 5:1 hisobidagi ustunlikni qo‘ldan boy berishiga bir baxya qolgani sabablaridan biri edi.

Ikkinchidan, raqiblar markaziy yarimhimoyachilarga qarshi 4 ga 3 vaziyatini hosil qilib, «PSJ» markaziy o‘qiga katta yuklama tushirishi mumkin bo‘ladi. 

Uchinchidan, Vitinya – nima bo‘lganda ham asl oltilik emas, pozitsion himoyalanishda doimo unga raqib hujumini buzishga kuch va qat’iy pozitsiyani egallab turish qobiliyati yetishmaydi, ba’zida u qanot tomon ortiqcha qadam tashlab yuboradi va bu himoyachilar oldidagi hududni ochib qo‘yadi.

«PSJ»ning eng muhim futbolchisi – Dembele. Bu o‘rinda «Arsenal»ga qarshi umumiy guruh bosqichidagi o‘yinni (0:2) eslash mumkin, o‘shanda Enrike intizomsizligi tufayli Usmonni jamoadan chetlatgandi. «PSJ» o‘sha o‘yinda himoyadan chiqishda muammolarga duch kelgan va hujumkorlik salohiyati cheklangandi. To‘g‘ri, o‘shanda «PSJ» hali 2025 yildagi kabi o‘z o‘yinini topib olmagandi, ammo Dembele omilini hisobga olish muhim. Shu bilan birga, Enrike «PSJ» – bir yulduz atrofida qurilgan jamoa emasligi haqidagi tezisni qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘p ish qildi.

«Arsenal» faqat YeChL haqida o‘ylamoqda, ammo Artetada yana bir jumboq bor

«Arsenal»ning butun e’tibori Chempionlar ligasiga qaratilgan. Londonliklar «Real»ga qarshi o‘yinlardan oldin va keyin APL doirasidagi o‘yinlarda aralash tarkiblarda harakat qilib, to‘rt o‘yindan uchtasida durang o‘ynadi, xususan, oxirgi uikendda «Kristal Pelas»ni ham yenga olmadi va amalda APL chempionligi uchun nazariy jihatdan ham imkoniyatni yo‘qotdi. Shu bilan birga, «Parij»ga qarshi o‘yindan oldin jamoada bir hafta dam olish imkoniyati bo‘ldi.

Bu o‘rinda ikki intrigani ko‘rish mumkin. Birinchisi: o‘yinni nazorat qilish jihatidan yetukroq ko‘rinishda bo‘lgan «PSJ»ga qarshi o‘yinni qanday qurish kerak. Boshqa jihatlar teng sharoitda aynan «Arsenal» ko‘proq moslashishiga to‘g‘ri keladi. 

Ikkinchisi: buni barcha jarohatlar va yo‘qotishlar bilan qanday amalga oshirish mumkinligida. Forvardlar yo‘qligi – endi yangilik emas, Arteta Kay Haverts tiklanish grafigidan o‘zib ketganini aytib, intriga qilgan bo‘lsa-da, uni maydonda kutish kerak emas. Navbatdagi og‘riqli nuqta – tayanch zonasida yuzaga keldi. Tomas Parti Madriddagi javob bahsida keraksiz sariq kartochka oldi va parijliklarga qarshi birinchi o‘yinni o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi, Jorjinio esa jarohat olgan. Katta ehtimol bilan, Deklan Raysni orqaga qaytarishga to‘g‘ri keladi. Voqealar zanjirida Raysning o‘rnini Mikel Merino egallashi kerak, bu esa bizni hujumchi pozitsiyasi masalasiga olib o‘tadi. «Real»ga qarshi o‘yinlarda esa uning hujumdagi o‘rni muhim ahamiyat kasb etgandi.

«Arsenal»ning yarimfinaldagi muhim futbolchisi – Bukayo Saka. Unga qarshi, personal o‘ynaganda raqibni zararsizlantirish bo‘yicha chap qanot himoyasida dunyoning eng yaxshilaridan biri bo‘lib turgan – Nunu Mendesh harakat qiladi. Agar portugaliyalik futbolchi «Liverpul»ga qarshi o‘yinlarda Salohni zararsizlantirgani kabi Bukayoga ham o‘yin bermasa, «Arsenal»ga juda qiyin bo‘ladi 

Bukayo Rays bilan birga – burchak zarbalarini eng yaxshi ijro etuvchi futbolchi sanaladi. «PSJ» bilan o‘yinda o‘ta muhim instrument. Standartlar – katta ehtimol bilan Enrike jamoasining asosiy bo‘sh nuqtasi.

O‘zaro o‘yinlar tarixi: «PSJ» ingliz jamoalariga qarshi muvaffaqiyatli. Ammo «Arsenal» istisno

«Arsenal» va «PSJ» bungacha turli uch mavsumda jami besh bor o‘zaro o‘ynagan. Bu birinchi marta 1994 yilning mart-aprel oylarida kuzatilgan, o‘shanda Kubok egalari kubogi yarimfinalida qur’a londonliklarni parijliklar bilan ro‘baru qilgan. Birinchi o‘yin Fransiyada o‘tkazilgan va 1:1 hisobida durang hisob bilan tugagan. Ian Rayt birinchi bo‘limda inglizlarni hisobda oldinga olib chiqqandi, ammo ikkinchi bo‘limda David Jinola javob golini urgan. Angliyada esa «kanonirlar» 1:0 hisobidagi g‘alabaga erishgan – Kevin Kempbellning 7-daqiqadayoq urgan goli qarama-qarshilik taqdirini hal etgan. «Arsenal» finalda «Parma»ni ham mag‘lub etib (1:0), sovrinni o‘ziniki qilgandi.

Keyin «Arsenal» va «PSJ» 2016/2017 yillar mavsumida Chempionlar ligasi guruh bosqichida bir kvartetdan o‘rin oladi. Venger boshqaruvi yakunlanayotgan davrdagi o‘sha mavsumda «to‘pchilar» guruh bosqichini birinchi o‘rinda yakunlaydi, parijliklar – ikkinchi bo‘ladi, ikki jamoa ham pley-off masalasini ijobiy hal etadi. Parijda o‘tgan birinchi tur uchrashuvida durang qayd etilgan – 1:1. Birinchi daqiqadayoq Edinson Kavani hisobni ochgan, ammo 78-daqiqada Aleksis Sanches «Arsenal»ni mag‘lubiyatdan qutqarib qolgan. 5-tur doirasida Londonda kechgan o‘yin ham durang hisobda yakunlangan – 2:2. Yana Kavani hisobni ochgan, keyin mezbonlar Olive Jiruning penaltidan urgan goli va Marko Verratti o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘yishi orqali kambek qilishgan, ammo 77-daqiqada Aleks Ivobi ham o‘z jamoasi darvozasiga gol urib qo‘ygan.

Foto: DANIEL HAMBURY/EPA/TASS

Nihoyat, YeChLning joriy mavsumida «Arsenal» va «PSJ» umumiy guruh bosqichi doirasida Londonda uchrashishgan. Kuzdagi o‘yin Luis Enrike uchun yoqimsiz xotira bo‘lib qolgan. Kay Havers va Bukayo Saka 35-daqiqagacha hisobni qulay ko‘rinishga keltirishgan va parijliklar yangi formatdagi Chempionlar ligasidagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilib olgan – 2:0. Shu tariqa, hozircha, o‘zaro o‘yinlar tarixida «Arsenal»da ikki g‘alaba va uch durang bor. «PSJ» esa biror marta g‘alaba qozona olmagan.

Mikel Arteta va Luis Enrike murabbiy sifatida boshqa joyda raqobatlashmagan. Umuman, Arteta (u o‘z vaqtida bir mavsum parijliklar klubida ham o‘ynagan) «PSJ»ga qarshi murabbiy rolida faqat bir o‘yin o‘tkazgan. Luis Enrike esa «Barselona» ustozi ekanida jamoasini «Arsenal»ga qarshi ikki o‘yinga tayyorlagan. YeChLning 2015/2016 yillar mavsumi 1/8 finalida kataloniyaliklar uning boshqaruvida Londonda ham (2:0), «Kamp Nou»da ham g‘alaba qozongandi (3:1).

«PSJ» bu mavsumda ingliz jamoalariga qarshi qayd etayotgan muvaffaqiyatli seriyasini davom ettira olishi yoki yo‘qligida ham yana bir intriga bor. 2-turda «Arsenal»dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin Luis Enrike jamoasi umumiy guruh bosqichining muhim o‘yinida «Manchester Siti»dan ustun kelgan (4:2), keyin esa pley-offda «Liverpul» va «Aston Villa»ni yo‘ldan olgandi. «Kanonirlar» ham fransuz jamoalariga qarshi muvaffaqiyatli seriya qayd etib, guruh bosqichida parijliklardan tashqari «Monako»ni ham taslim etgan (3:0). Pley-offda esa raqiblar Niderlandiya va Ispaniyadan bo‘lgandi – 1/8 finalda PSV (7:1, 2:2) va chorakfinalda «Real» (3:0, 2:1) to‘sig‘idan o‘tilgandi.

Bu o‘yinda alohida futbolchilar duellariga taalluqli lokal intrigalar ko‘p, ammo asosiy masala – kim o‘z tarixida ikkinchi bor Chempionlar ligasi finaliga chiqishi bilan bog‘liq. «Arsenal» 2006 yilda o‘z imkoniyatidan foydalana olmay, Parijda «Barselona»ga yutqazgandi (1:2). «PSJ» esa 2020 yilda Lissabonda kechgan final uchrashuvida «Bavariya»ga mag‘lub bo‘lgandi (0:1).

Mavzuga oid