Jahon | 15:03
2876
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Yevropaga Putin bilan muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolganini ma’lum qildi

Rossiya prezidenti Putin Ukraina mudofaaga qobiliyatli armiyani saqlab qolishiga rozilik berishdan bosh tortdi, garchi Qo‘shma Shtatlar Kiyevning bu talabini qo‘llab-quvvatlagandi, deb yozadi Financial Times gazetasi manbalarga tayanib.

Foto: KRISTINA KORMILITSYNA / VIA REUTERS

Britaniyaning Financial Times (FT) gazetasi 29 aprel, seshanba kuni «Yevropa va Ukraina rasmiylari»ga tayanib yozishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Kiyev va Moskva bilan muzokaralardagi kichik muvaffaqiyatni «bahona» sifatida ko‘rsatib, ishi tugaganini ma’lum qilmoqchi hamda Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan hal qilish rejasidan voz kechish arafasida turibdi. Oxirgi ikki oy ichida kamida olti marta Kreml rasmiylari bilan uchrashgan Oq uy rasmiylari quruq qo‘l bilan qaytdi va bu ularni xavotirga sola boshladi. FT ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh allaqachon Yevropani Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgani haqida xabardor qilgan.

Maqolada aytilishicha, Putinning murosasizligi tufayli Tramp tinchlik jarayonidan voz kechishga va har qanday kelishuvni imkon qadar tezroq tuzishga intilmoqda, garchi bu uning dastlabki ambitsiyalaridan ancha kam narsadir. «Tramp bu haftada har qanday muvaffaqiyatni qo‘lga kiritishga tayyor, u lavozimidagi ilk 100 kunini nishonlaydi, ammo bu uzoq muddatli yechimga olib kelmasligi mumkin», dedi to‘rt rasmiy FT'ga.

Oq uy Kreml uchun sanksiyalarni bekor qilish, qo‘shma biznes loyihalari va hatto Qrimni tan olish kabi saxiy takliflar to‘plamini tayyorlagan bo‘lsa-da, Putin maksimalistik ambitsiyalar, jumladan, Ukrainani «denatsifikatsiya qilish» g‘oyasidan voz kechmoqchi emas. FT manbalariga ko‘ra, Putin AQShning pozitsiyasiga qaramay, Ukraina mudofaaga qodir armiyani saqlab qolishiga rozilik berishdan bosh tortdi.

Mavzuga oid