Jahon | 18:55 / 30.04.2025
4231
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp va Zelenskiyning Vatikandagi 15 daqiqalik suhbati tafsilotlari ma’lum qilindi

Zelenskiy Tramp bilan suhbatda Ukraina o‘t ochishni so‘zsiz to‘xtatishga tayyor ekanini, Putin esa bunga rozi emasligini ta’kidlagan.

Foto: Getty images

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Vatikanda Donald Tramp bilan 15 daqiqalik suhbatdan foydalanib, Kiyev o‘t ochishni so‘zsiz to‘xtatishga tayyor ekanligiga va Oq uy rahbari tinchlikka erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlardan voz kechmasligi kerakligiga uni ishontirgan, deb yozdi The Economist ukrainalik manbalarga tayanib. Shuningdek, Zelenskiy Tramp bilan suhbatda Vladimir Putin o‘t ochishni to‘xtatishga rozi emasligini ta’kidlagan.

Nashrning qayd etishicha, Tramp «uni tushungan». Keyinroq Oq uy rahbari Putin mojaroga barham berishga intilmasligini tan oldi.

«Balki u [urushni] to‘xtatmoqchi emasdir, balki meni shunchaki aldayotgandir va biz u bilan boshqacha gaplashishimiz kerakdir, «bank» yoki «ikkinchi darajali sanksiyalar» orqali? Juda ko‘p odamlar o‘lmoqda!!!», deb yozdi u Truth ijtimoiy tarmog‘ida.

Putinning G‘alaba kunida uch kunlik o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi so‘nggi qaroridan Oq uy taassurotda emas, dedi AQSh rasmiysi nashrga. «Jarayon boshida Tramp Zelenskiydan juda hafsalasi pir bo‘lgan edi. Endi bu [xafagarchilik] Putinga o‘tdi», deb ta’kidladi u.

Zelenskiy Tramp bilan Vatikandagi uchrashuvni «juda ramziy» deb atadi va bu «tarixiy» bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. «Biz barcha masalalar bo‘yicha natijalarga umid qilamiz (...) to‘liq va so‘zsiz sulh», dedi u.

«Menimcha, uchrashuv yaxshi o‘tdi», dedi Trampning o‘zi. Uning ta’kidlashicha, «Zelenskiy endi xotirjamroq» va «o‘z mamlakati uchun yaxshiroq ish qilishga urinmoqda».

Suhbat mazmuniga kelsak, Tramp Zelenskiy undan qo‘shimcha qurol so‘raganini aytdi. «Ammo u bu haqda uch yildan beri gapirmoqda. Ko‘ramiz, voqealar qanday kechishini», deb qo‘shimcha qildi AQSh prezidenti.

Mavzuga oid