Jahon | 20:06 / 30.04.2025
2882
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va KXDR o‘rtasida avtomobil ko‘prigini qurish boshlandi

Bir yarim yil davomida qurilishi rejalashtirilayotgan ko‘prik ikki mamlakat o‘rtasida avtomobil qatnovlarini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Foto: Videodan kadr

Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin va Shimoliy Koreya Vazirlar Mahkamasi raisi Pak Txe Son 30 aprel kuni masofadan turib, Tumannaya daryosi ustidan o‘tadigan Rossiya—KXDR avtomobil ko‘prigi qurilishiga start berdi.

«Bu Rossiya—Koreya munosabatlari uchun haqiqatda yangi muhim bosqich. Uning [ko‘prikning] ahamiyati faqatgina muhandislik vazifalari bilan cheklanib qolmaydi», — deydi Mishustin.

Bir yarim yil davomida qurilishi rejalashtirilayotgan ko‘prik ikki mamlakat o‘rtasida avtomobil qatnovlarini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Hozirda RF va Shimoliy Koreya o‘rtasida faqat temiryo‘l hamda aviaqatnovlar amalga oshiriladi.

Ko‘prikni qurish bo‘yicha bitim 2024 yil iyunda, RF prezidenti Vladimir Putinning KXDRga tashrifi doirasida tuzilgan edi.

O‘tish yo‘lining umumiy uzunligi 4,7 kilometrni tashkil etib, uning 1 kilometri — bevosita ko‘prikning o‘zi bo‘ladi (Rossiya tomonidan 424 metr, Shimoliy Koreya tomonidan esa 581 metr), ko‘prik eni — 7 metr (ikki polosali).

Transport vazirligining ma’lum qilishicha, ko‘prikning Rossiya tomonidagi nazorat punkti «kuniga 300 ta mashina va 2850 kishiga xizmat ko‘rsata oladi — uni oshirish imkoniyati ham mavjud».

Rossiya va KXDR 2024 yil iyun oyida keng ko‘lamli strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan. Ushbu hujjat Ukrainaga qarshi urushga Shimoliy Koreya askarlarni jalb etishga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Mavzuga oid