Germaniya shimolidagi portda portlash sodir bo‘ldi
Politsiya port hududida gaz balloni portlaganini ma’lum qildi. Hodisa oqibatida to‘qqiz kishi jarohat olgan.

Foto: TV-Elbnews
Germaniya shimolidagi Shlezvig-Golshteyn federal yerlarida joylashgan port hududida portlash sodir bo‘ldi, deb yozadi Hamburger Morgenpost gazetasi.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, portda gaz balloni portlagan. Hodisa oqibatida to‘qqiz kishi yengil jarohat olgan.
NDR teleradiokompaniyasining ma’lum qilishicha, kamida bir kishi shifoxonaga yotqizilgan. Hodisa joyida 90 ga yaqin o‘t o‘chiruvchilar, qutqaruvchi va huquq-tartibot organlari xodimlari ishlamoqda.
Portlash yuz bergan hudud 300 metr radiusda xavfsizlik nuqtayi nazaridan qurshab olingan, chunki portda yana 17 ta gaz balloni saqlanmoqda. O‘t o‘chiruvchilar ehtimoliy portlashning oldini olish uchun vodomyotlar yordamida ularni sovitgan.
Mutaxassislarning taxminicha, ballonlarda payvandlash ishlarida foydalaniladigan kislorod va atsetilen mavjud. O‘t o‘chirish xizmati rahbari ballonlardan gaz sizib chiqqan bo‘lishi mumkinligini bildirdi. Portlash issiq ob-havo tufayli yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin, ammo hozircha uning aniq sababi noma’lum. NDR’ning ta’kidlashicha, portlash ovozi bir necha kilometr uzoqlikdan ham eshitilgan.
Rasmiylar fuqarolarni portlash yuz bergan hudud atrofiga yaqinlashmaslikka chaqirmoqda. Tumandagi bir necha restoran yopilgan. Shuningdek, port oldidan o‘tgan avtomobil yo‘lida harakat to‘xtatilgan. Qurshov bir necha soatdan keyin yechilishi kutilmoqda.
Mavzuga oid

15:20 / 13.06.2025
Germaniya: NATOga yangi maqsadlar uchun 60 minggacha qo‘shimcha askar kerak bo‘ladi

12:15 / 13.06.2025
Germaniya tashqi ishlar vaziri: Lavrovga qo‘ng‘iroq qilish uchun hech qanday sabab ko‘rmayapman

11:33 / 13.06.2025
Germaniya Ukrainaga TAURUS raketalarini yetkazib berish haqida «o‘ylamayapti»

15:14 / 12.06.2025