O‘rmon yong‘inlari qoplagan Isroil, maqtangan Tramp va Hindiston hujumini kutayotgan Pokiston – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

G‘azoda dori-darmon tugayapti
2 mart kuni sulh buzilishi ortidan Isroil G‘azo sektoridagi blokadani kuchaytirgani tufayli gumanitar vaziyat og‘irlashmoqda: BMTning Yaqin Sharqdagi falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligida dori-darmonlar deyarli tugagan va falastinliklar hatto oddiy tibbiy yordamni ham ololmayapti.
Agentlik tomonidan e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, G‘azoda hayotiy muhim dori vositalarining yarmidan ko‘pi tugagan yoki bir oylik zaxirasi qolgan. Ogohlantirish BMT Xalqaro sudida Isroilning agentlik faoliyatiga qo‘ygan cheklovlari oqibatlarini muhokama qilish davom etayotgan eshituvlar fonida berildi.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi bundan oldin inqirozga bir necha bor e’tibor qaratgandi. Xususan, 15 apreldagi bayonotda dori-darmon va tibbiy asbob-uskunalar taqchilligi tufayli yurak jarrohligi (99 foiz) deyarli to‘xtatilgani, ona va bola salomatligi (51 foiz), dializ (45 foiz), ortopediya (87 foiz) va oftalmologiya (73 foiz) sohalaridagi xizmatlar zarar ko‘rgani aytilgan.
Tramp ikkinchi muddatining birinchi 100 kuni yakunlarini maqtadi
Respublikachi Donald Tramp ikkinchi muddatining dastlabki 100 kuni «AQSh tarixidagi har qanday ma’muriyat uchun eng muvaffaqiyatli kun» bo‘ldi. Bu haqda Trampning o‘zi Michigan shtatida nutq so‘zlayotganda aytib o‘tdi.
Ushbu nutqda avtomobil sanoati mavzusi muhim o‘rin egalladi. Trampning aytishicha, uning soliq va bojxona siyosati tufayli AQShda ushbu sektor gullab-yashnashi kerak.
Avvalroq davlat rahbari avtomobil ishlab chiqaruvchilar uchun soliq imtiyozlari to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Donald Trampga ko‘ra, soliq imtiyozlari tufayli butun dunyo kompaniyalari AQShda o‘z zavodlarini ochadi. Shunday qilib, AQShda o‘z mahsulotlarini ishlab chiqaradigan kompaniyalar dastlabki ikki yil ichida import qilinadigan qismlarga chegirmali narxlardan foydalanishi mumkin. Bundan tashqari, avtomobil ishlab chiqaruvchilar Qo‘shma Shtatlarda faqat bitta turdagi tariflarni to‘laydi: xorijda yig‘ilgan avtomobillarga 25 foizlik boj yoki po‘lat, yoki alyuminiyga 25 foizlik boj.
Pokiston tomoni Hindiston yaqin soatlarda zarba berishini aytmoqda
Pokiston axborot vaziri Attaulloh Tarar Islomobodda – Hindiston yaqin 24-36 soat ichida Pokistonga harbiy zarba berishga tayyorlanayotgani haqida «ishonchli ma’lumotlar» borligini aytib chiqdi.
«Bu Pokistonning Pahalgamdagi voqeaga aloqadorligi haqidagi asossiz va soxta ayblovlar bilan bog‘liq», – deya yozgan vazir.
Tarar Hindiston o‘tgan hafta sayyohlarga hujumdan zarba uchun «yolg‘on bahona» sifatida foydalanmoqchi ekani va «Hindistonning har qanday harbiy avantyurizmiga ishonchli va qat’iy javob berilishi»ni ta’kidlagan.
Eslatib o‘tish kerak, garchi avvalgi mojarolarda hech qachon qo‘llanmagan bo‘lsa-da, ikki davlat ham yadro quroliga ega.
AQSh va Ukraina tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuv imzoladi
AQSh va Ukraina tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuv imzoladi, deb xabar bermoqda AQSh Moliya vazirligi.
«Prezident Trampning mustahkam tinchlikni ta’minlash bo‘yicha tinimsiz sa’y-harakatlari tufayli men Qo‘shma Shtatlar va Ukraina o‘rtasida qo‘shma investitsiya fondini tashkil etish bo‘yicha tarixiy iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni e’lon qilishdan mamnunman», dedi AQSh moliya vaziri Skott Bessent.
Ukraina bosh vaziri Denis Shmixalning aytishicha, fond 50/50 asosida tashkil etilmoqda va «har ikki tomon teng ovoz berish huquqiga ega». Ukraina «yerosti boyliklari, infratuzilma va tabiiy resurslar ustidan to‘liq nazoratni» o‘zida saqlab qoladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv Ukraina tomonidan hech qanday qarz majburiyatlarini nazarda tutmaydi. Bundan tashqari, kelishuv Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi uchun to‘siq bo‘lmaydi.
Bloomberg ta’kidlaganidek, kelishuv AQShga Ukrainaning tabiiy resurslarini, jumladan alyuminiy, grafit, neft va tabiiy gazni o‘zlashtirish bo‘yicha yangi investitsiya loyihalariga imtiyozli kirish imkonini beradi.
Zelenskiy Rossiyaning Belarusdagi shubhali harakatlari haqida ogohlantirdi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya Federatsiyasining Belarus hududidagi shubhali harakatlari haqida ogohlantirdi. Varshavada bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqining bir qancha davlatlari tashqi ishlar vazirlarining norasmiy uchrashuvida Zelenskiy shunday dedi: «Bu yoz – Rossiya u yerda harbiy mashg‘ulotlar niqobi ostida nimadir tayyorlamoqda».
U qanday harakatlar haqida gapirayotgani va Rossiya qanday tayyorgarlik ko‘rishi mumkinligiga aniqlik kiritmadi va hech qanday dalil keltirmadi.
Ukrainaga qarshi urushni davom ettirayotgan Rossiya Federatsiyasi va Belarus hukumati joriy yilning sentabr oyida qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishi haqida avvalroq ma’lum qilgan edi.
Isroilda kuchli o‘rmon yong‘inlari boshlandi
30 aprel kuni Quddus yaqinida yuzaga kelgan o‘rmon yong‘inlari sabab Isroilda tahdidning eng yuqori darajasi e’lon qilindi. Mamlakatdagi yo‘llarning bir qismi yopildi. Ular orasida Tel-Aviv va Quddusni bog‘lab turuvchi Shosse 1 — Isroilning asosiy avtomagistrali ham bor. Isroil temiryo‘llari ayrim poyezdlar qatnovini to‘xtatgan.
Quddusning tog‘li hududlaridan kamida 13 kishi shifoxonaga yotqizilgan, jabrlanganlarning asosiy qismi kuygan yoki is gazidan zaharlangan.
Yong‘inlarni o‘chirishga 119 ta o‘t o‘chirish brigadasi, 10 ta samolyot va vertolyot jalb etilgan. Olovga qarshi kurashda, shuningdek, politsiya, harbiylar va volontyorlar ham ishtirok etmoqda. Isroil hukumati kamida oltita davlat — Gretsiya, Bolgariya, Xorvatiya, Italiya va Kiprdan yordam so‘ragan.
Quddus yong‘in-qutqaruv xizmati rahbari Shmulik Fridmanning ma’lum qilishicha, bu Isroil tarixidagi eng yirik yong‘inga aylanishi mumkin. Yong‘in nima sababdan kelib chiqqani ma’lum emas. Ba’zi OAVlar yong‘inlar qasddan uyushtirilgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.
AQShning Pensilvaniya va Ogayo shtatlarida kuchli dovul oqibatida qariyb 500 ming kishi elektrsiz qoldi.
Pensilvaniya shtatining Steyt-Kollej va Pitsburg shaharlari dovuldan eng ko‘p zarar ko‘rdi – qulagan elektr ustunlari uch kishining hayotiga zomin bo‘ldi.
PowerOutage monitoring xizmati ma’lumotiga ko‘ra, daraxtlar va ustunlarning qulashi oqibatida Pensilvaniyada 450 ming, Ogayoda esa 50 mingdan ortiq aholi elektrsiz qolgan.
Pitsburgdagi milliy meteorologik xizmat shamol tezligi 145 km/soatga yetganini ma’lum qildi. Rasmiylar ogohlantirishicha, noqulay ob-havo Arkansas, Texas va Luiziana shtatlariga ham yoyilishi, kuchli yomg‘irlar esa to‘satdan suv toshqinlariga sabab bo‘lishi mumkin.
Mavzuga oid

13:05
Kiyevga qurol sotishni boshlagan Tramp, G‘azodagi go‘daklarning ahvoli va yong‘inlar to‘xtamayotgan Isroil - kun dayjesti

13:55 / 17.04.2025
Insonparvarlik yordamisiz qolgan G‘azo, urushdan milliardlarni ishlayotgan KXDR va sulh imzolashga tayyor Armaniston - kun dayjesti

13:28 / 16.04.2025
G‘azoda tinchlikka yangi umid, Turkiya ta’siridan xavotirga tushgan Isroil va Trampdan Putinga so‘nggi muhlat - kun dayjesti

13:45 / 15.04.2025